12:00 / 07.12.2022
5586

“Matonat” nogiron-amputantlar jamoasi haqida film suratga olindi

3 dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Kinochilar uyida futbol bo‘yicha jahonda eng ko‘p sovringa ega bo‘lgan jamoa hisoblanuvchi “Matonat” nogiron-amputantlar jamoasi haqida “Matonat. Mashaqqatli g‘alaba” deb nomlangan hujjatli film premerasi bo‘lib o‘tdi. Filmning yaratilishiga klub homiysi InfinBANK katta hissa qo‘shdi.

“Matonat” filmi qachondir hamma kabi hayot kechirgan, orzulari, rejalari bir olam bo‘lgan insonlarning boshiga tushgan og‘ir sinovlar, turli sabablar tufayli qo‘li yoki oyog‘idan ayrilib, yashashni qaytadan boshlashga o‘zida kuch topa olgan qahramonlarning hikoyalarini jamlagan. Amputant futbolchilarning o‘y-kechinmalari, mustahkam irodasi va hozirgi kundagi hayoti haqida hikoya qiluvchi film hech bir tomoshabinni befarq qoldirmasligi aniq.

 

Film rejissyori Komil Sharafiyevning so‘zlariga ko‘ra, yigitlarning jismoniy holatiga qaramay ishlashi, hayot kechirishi va futbol o‘ynashi suratga olish jamoasini juda ham ilhomlantirib yuborgan. Ular boshidan kechirgan hissiyot va xayollarni tomoshabinga yetkazishda asosiy rolni operator Shuhrat Habibullayev bajardi, u filmning imkon qadar tabiiy chiqishiga harakat qilgan.  

Qahramonlarning hikoyasiga badiiy bo‘yoqlar bezash shart emas, ular kuchli va bir zarb bilan hech qanday “kinocha” uslublarsiz tomoshabin yuragini mo‘ljalga oladi. Tomoshabin – oddiy lekin har doim ham qulay bo‘lmagan, hech narsaga qaramay baribir go‘zal bo‘lgan hayotni filmda ko‘radi.

Film – InfinBANK’ning navbatdagi ijtimoiy tashabbusi natijasida “Matonat” futbol klubi bilan tuzilgan hamkorlik memorandumining bir qismi bo‘ldi. Kelishuv doirasida amputant-futbolchilar o‘rtasida ilk O‘zbekiston chempionati “Mustaqillik kubogi” o‘tkazildi va eng muhimi, bank homiyligi ostida O‘zbekiston terma jamoasi shu yilning oktabr oyida Turkiyada o‘tkazilgan jahon chempionatida qatnashdi va bronza medalini qo‘lga kiritdi.

“Matonat. Mashaqqatli g‘alaba” filmi bu – avvaliga shunchaki moliyaviy ko‘mak bilan boshlangan, so‘ngra bank va futbol klub o‘rtasida haqiqiy do‘stlikka aylangan munosabatlar natijasidir.

“Matonat Futbol” nogiron-amputantlar futbolini rivojlantirish markazi rahbari – Rustam Mehmonov klub faoliyatida InfinBANK tutgan o‘rnini oddiy so‘z bilan ta’riflab bo‘lmasligini, ikki yillik hamkorlik davomida bank tomonidan futbolchilar jamoasi uchun juda ko‘p ta’kidlashga arzigulik ishlar qilinganini aytdi.

“Matonat” futbol jamoasi 1988 yilda “Matonat Futbol” nogiron-amputantlar futbolini rivojlantirish markazi qoshida tashkil etildi va oradan ikki yil o‘tib, 1990 yilda AQShdagi jahon chempionatida g‘olib chiqdi. Shundan so‘ng 1991 yil (O‘zbekiston), 2007 yil (Turkiya), 2010 yil (Argentina) va 2012 yillarda (Rossiya) bo‘lib o‘tgan jahon chempionatlarida O‘zbekistonlik oddiy yigitlar dunyo ahlini o‘ziga qaratib, g‘alabaga erishdi. Bundan tashqari klub 1988 yildagi jahon chempionatida kumush va 2002 yil hamda 2022 yillarda bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Bu yigitlarning sharofati bilan O‘zbekiston nogiron-amputantlar futboli tarixidagi eng sovrindor jamoaga aylandi.

“Matonat. Mashaqqatli g‘alaba” filmini ushbu havola orqali tomosha qilish mumkin: https://youtu.be/vOuFeyEFCk0

Top