23:46 / 07.12.2022
9331

Rossiyaga dronlar va ularning dvigatellari eksportiga taqiq qo‘yilmoqda 

Yevrokomissiya rahbari Rossiyaga qarshi to‘qqizinchi sanksiyalar paketi mazmunini oshkor qildi. 

Foto: AFP

Yevropa Komissiyasi (YeK) prezidenti Ursula fon der Lyayyen Rossiyaga qarshi to‘qqizinchi sanksiyalar paketi qanday ko‘rinishda bo‘lishini ma’lum qildi. Uning tarkibiga 200 ga yaqin jismoniy va yuridik shaxslar kiritiladi. Yangi cheklovlar Rossiyaning yana uchta bankiga joriy qilinadi, eksport nazorati bo‘yicha yangi choralar ko‘riladi. 

Yangi sanksiyalar Rossiyaning barcha turdagi dron va uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish imkoniyatini cheklaydi. 

«Biz dron dvigatellarini Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilishni va Rossiyaga uchuvchisiz samolyotlar yetkazib berishi mumkin bo‘lgan Eron kabi har qanday uchinchi davlatlarga ularni eksport qilishni taqiqlashni taklif qilamiz», — dedi Ursula fon der Lyayyen. 

Fon der Lyayyen jismoniy shaxslarning ismlarini, banklar va telekanallarning nomlarini keltirmadi, faqat «Vserossiyskiy bank razvitiya regionov» nomini tilga oldi. 

Jismoniy va yuridik shaxslarning sanksiyalar ro‘yxatiga «Rossiya qurolli kuchlari, shuningdek, ofitserlar va mudofaa sanoati kompaniyalari, Davlat Dumasi va Federatsiya Kengashi a’zolari, vazirlar, gubernatorlar va siyosiy partiyalar va boshqalar» kiritiladi. 

Rossiyaning uchta bankiga qarshi sanksiyalar ular bilan operatsiyalarni to‘liq taqiqlashni nazarda tutadi. 

Shuningdek, yangi eksport nazorati va cheklovlari, xususan, asosiy kimyoviy moddalar, asab-falaj moddalari, elektronika va IT-komponentlarga nisbatan yangi cheklovlar joriy etilishi kutilmoqda. 

Yangi sanksiyalar paketi doirasida to‘rtta telekanal, shuningdek, davlat tashviqotini tarqatadigan boshqa platformalar efirdan olib tashlanadi. 

Shu bilan birga, Rossiyaning energetika va tog‘-kon sanoatiga qarshi iqtisodiy choralar, jumladan, Rossiyada tog‘-kon sanoatiga yangi sarmoya kiritishni taqiqlash taklif etiladi. 

Top