08:50 / 12.12.2022
28580

Insoniyatga qo‘yilgan haykal. Qatardagi eng noodatiy yodgorlik haqida

Hozir butun dunyodagi futbol muxlislarining diqqat markazi Qatarda bo‘lib turibdi. Yaqin Sharqdagi bu kichik mamlakat mundial mehmonlarini faqat futbol infratuzilmasi bilan emas, boshqa ko‘plab noodatiy narsalari bilan ajablantira olmoqda.

Qatardagi bosh media markazga yaqin bo‘lgan joyda kimdir kema yelkanlariga, kimdir tuyaning o‘rkachiga o‘xshatadigan ajoyib bino bor. Bu Qatardagi eng mashhur Sidra kasalxonasidir. Uning dizayni ustida Nyu-Yorkdagi butunjahon moliya markazi va Malayziyadagi mashhur Petronas qo‘shminorasi arxitekori Sezar Pelli ishlagan.

Ammo bugun to‘rt tomoni yashillik bilan o‘ralgan ajoyib kasalxona haqida emas, uning oldidagi boshqa me’morchilik shedevri haqida gaplashamiz.

Insoniyatga qo‘yilgan haykal

Kasalxonaning yonginasida, juda katta hajmdagi 14 ta bronza haykal borligini uzoqdan payqash mumkin. Chunki bu haykallar 5 metrdan 14 metrgacha kattalikda! Haykallar jamlanmasi bitta yodgorlik kompleksida mujassamlangan. Uning nomi «mo‘jizaviy sayohat». Sayohat bo‘lganda ham noodatiy, har bir tirik jon bosib o‘tgan yo‘l – ona qornidagi o‘ziga xos sayohat.

Yodkorlik boshidagi haykallarda avvaliga ayol va erkakning hujayralari qo‘shilib bola qanday paydo bo‘lishi, keyinchalik ona qornida qanday shakllarga kirib borishi va oxirida chaqaloq bo‘lib tug‘ilgani aks etgan.

Me’mor Damian Horst skulptura ustida 2005 yildan 2013 yilgacha ishlab, ochilish marosimi 2018 yilda o‘tkaziladi. Sidra mehmonxonasi oldida 14 ta havo shari paydo bo‘lib, ularning har biri tantanali musiqa sadolari ostida ochiladi va 14 ta haykal namoyon bo‘ladi.

Aytishlaricha, Qatar amirining singlisi Mayassa binti Hamad Angliyaga tashrifi davomida me’mor Horstning studiyasiga borgan va o‘sha yerda haykallarning chizmasini ko‘rib, hayratlangan. Me’morga loyihani moliyalashtirib, uni Sidra kasalxonasi oldiga o‘rnatishni taklif qilgan. Shu tariqa bronzadan yasalgan va umumiy og‘irligi 216 tonna bo‘lgan yodkorlik Qatarning eng mashhur madaniy obektlaridan biri o‘laroq Sidra kasalxonasi oldida qad rostlagan. Loyiha Qatar uchun 20 million dollarga tushgan.

Bu yodgorlik bejizga Qatardagi birinchi oila vakili tashabbusi bilan qad rostlamagan. Balki amirning singlisi unda Qur’ondagi «U insonni alaqdan yaratdi...» oyatiga ishora ko‘rgandir.

Me’morning aytishicha, bu yodkorlik g‘oyasi farzandlik bo‘lganidan keyin xayoliga kelgan. «Hamma hayotdagi sayohatlar haqida gapiradi, ammo biz tug‘ilgunimizga qadar ham butun boshli sayohat degulik yo‘lini bosib o‘tamiz», deydi noodatiy haykallar muallifi Damian Horst.

Qatarga kelganlar bo‘lsa, bu yodgorlikni osongina topib olishlari mumkin. Asosiy mo‘ljal Sidra kasalxonasi. Yodgorlik Qatar milliy kutubxonasi metro bekati yonginasida, Education City masjidi ro‘parasida joylashgan. Qatarliklar sayyohlar bu haykallarni ko‘rishini shunchalik istashadiki, uning lokatsiyasi mamlakatga kirishga imkon beruvchi Hayya Card ilovasiga ham kiritilgan.

O‘tkir Jalolxonov, Qatar

Mavzu
Qatar-2022
20 noyabr kuni Qatarda futbol bo‘yicha jahon chempionati boshlandi.
Barchasi
Top