14:47 / 12.12.2022
3347
Peru prezidenti namoyishlar fonida muddatidan oldin saylov o‘tkazishni taklif qildi

Namoyishchilar Dina Boluartening iste’foga chiqishini, yangi saylovlar o‘tkazilishini va Peruning hibsdagi sobiq prezidenti Pedro Kastilo ozod etilishini talab qilmoqda. Boluarte muddatidan oldin saylovlarni 2024 yilda o‘tkazishni taklif qildi.

Foto: AP

Peruda yangi prezident Dina Boluartega qarshi namoyishlarning ikkinchi kuni. 11 dekabr, yakshanba kuni namoyishchilar mamlakat janubidagi Andauaylas aeroporti ishini to‘xtatib qo‘yib, yonilg‘i omboriga o‘t qo‘yishdi. So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida ikki kishi, jumladan, bir nafar voyaga yetmagan shaxs halok bo‘lgan, yana besh nafar namoyishchi yaralangan.

Namoyishchilar mamlakatning boshqa hududlarida ham magistral yo‘llarni to‘sib qo‘ygan, deya xabar beradi dpa. Namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan. Bir kun avval Andaxuaylas shahridagi tartibsizliklarda 16 nafar tinch aholi vakili va to‘rt nafar politsiyachi yaralangan edi.

Noroziliklarga javoban Dina Boluarte mamlakatda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini 2026 yil o‘rniga 2024 yilning aprelida o‘tkazishni taklif qildi. Tegishli qonun loyihasi parlamentga taqdim etiladi, dedi yangi prezident 11 dekabr, yakshanba kuni telemurojaatida.

Peruda norozilik namoyishlari prezident Pedro Kastiloning lavozimidan chetlatilishi ortidan boshlandi. 7 dekabr kuni parlament unga «ma’naviy qobiliyatsizligi» uchun impichment e’lon qildi. Bir necha soat o‘tgach, Kastilo politsiya tomonidan qo‘lga olindi, sud qarori bilan u yetti kunga tergov izolyatoriga joylashtirildi. Kastilo konstitutsiyaviy tuzumga qarshi harakat qilish va davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanmoqda. Qo‘lga olinganidan keyin u Meksikadan siyosiy boshpana so‘radi.

Pedro Kastilo hokimiyatdan chetlatilganidan so‘ng, prezident vazifalarini uning o‘rinbosari Dina Boluarte bajara boshladi. Namoyishchilar uning iste’fosini, Kastilo ozod etilishini va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini talab qilmoqda. Ular, shuningdek, umummilliy ish tashlashga chaqirishdi.

Mavzuga oid
Top