12:19 / 12.12.2022
5089

Rossiya Erondan dronlarning yangi partiyasini olgan bo‘lishi mumkin - ISW

Rossiya yana Eron dronlaridan faol foydalana boshladi. Urushni o‘rganish instituti Rossiya UUAning yangi partiyasini olgani mumkinligini istisno qilmayapti. Shuningdek, dronlar so‘nggi uch hafta ichida to‘plangan bo‘lishi mumkin, shu davrda RF dronlardan foydalanmagan.

Foto: Reuters

Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga zarbalar berish uchun Eronda ishlab chiqarilgan uchuvchisiz uchish apparatlaridan yana faol foydalana boshladi, deb xabar berdi Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) 10 dekabr, shanba kungi kundalik sharhida. Uning ekspertlari Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligining 10 dekabrdagi xabariga tayangan, unda Rossiya harbiylari Xerson, Mikolayiv va Odessa viloyatlarida Shahed 136 va Shahed 131 dronlari yordamida 15 ta hujum uyushtirgani aytiladi. Odessada 10 dekabr kuni Rossiyaning energetika obektlariga hujumidan so‘ng, muhim infratuzilma obektlaridan tashqari barcha iste’molchilar elektr energiyasiz qoldi.

O‘z navbatida, ISW qayd etishicha, 7 dekabr kuni Rossiya harbiylari uch haftalik tanaffusdan so‘ng Ukrainadagi nishonlarga zarba berish uchun Eron UUAdan foydalanishni qayta boshlagan. Bir necha kun oldin Amerikaning NBC News telekanali Oq uydagi manbalariga tayanib, Rossiya hukumati Eron dronlarini qabul qilib olish evaziga Eronga «misli ko‘rilmagan darajada» harbiy-texnik yordam ko‘rsatayotgani haqida xabar bergan edi.

ISW'ning fikricha, Rossiya qo‘shinlari Erondan uchuvchisiz uchoqlarning yangi partiyasini olgan yoki yaqin kelajakda yetkazib berilishini kutmoqda. Bundan tashqari, Rossiya qo‘shinlari uch hafta davomida uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlatmagan, shu tariqa dronlar to‘planib qolgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Eronda ishlab chiqarilgan dronlarni qish sharoitida ishlatish uchun ularni modifikatsiya qilish zarurligi qayd etilgan.

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov oktyabr oyida Erondan Rossiyaga kelayotgan dronlarning har bir partiyasi 300 ta UUAdan iborat ekanligini aytdi. Umuman olganda, Budanovning xabar berishicha, Rossiya Erondan 1700 ga yaqin barcha turdagi UUA sotib olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, oktyabr oyining oxiriga kelib, Rossiya dronlarning birinchi partiyasini tugatib, ikkinchisidan foydalanishni boshlagan.

Rossiya Erondan dron sotib olganini rad etmoqda. Shu bilan birga, Eron Rossiyaga uchuvchisiz uchoqlarni yetkazib berganini, biroq bu Ukrainaga qarshi urush boshlanishidan oldin sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top