09:07 / 13.12.2022
2604
FT: Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakil tayinlaydi

Yevrokomissiya AQShdagi sobiq elchi O'Sallivanni YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga butun dunyo bo‘ylab amal qilish bo‘yicha maxsus vakil etib tayinlaydi, deb yozadi Financial Times manbalarga tayanib.

Foto: EPA/EFE

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakil tayinlaydi. 12 dekabr, dushanba kuni Financial Times'ning manbalarga tayanib xabar berishicha, u YeIning AQShdagi sobiq vakili Devid O'Sallivan bo‘ladi. Uning vazifasi butun dunyo bo‘ylab Yevropa Ittifoqining Ukrainaga qarshi urush uchun qo‘llagan jazo choralariga qat’iy rioya qilishni ta’minlashdan iborat bo‘ladi.

Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Turkiya kabi davlatlar Rossiyaning Yevropa cheklovlarini chetlab o‘tishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’minlashi kutilmoqda. Nashrning yozishicha, AQSh va Yevropa Ittifoqi Anqaradan sanoat va mudofaa mahsulotlari eksporti ustidan qattiq nazoratni chetlab o‘tishga urinayotgan kompaniyalar tomonidan Rossiyaga taqiqlangan mahsulotlar yetkazib berilishiga qarshi chora ko‘rishni talab qilmoqda. Bundan tashqari, FT manbasiga ko‘ra, bu borada Serbiya va Birlashgan Arab Amirliklari Bryusselning diqqat markazida bo‘lgan.

Yevropa Ittifoqining yuqori martabali mulozimiga ko‘ra, Yevrokomissiya 13 dekabrdayoq yangi lavozimni belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Devid O'Sallivan 2023 yilning yanvarida lavozimni egallashi mumkin. Devid O'Sallivan hozirda Irlandiyadagi Xalqaro va Yevropa munosabatlari instituti tahlil markaziga rahbarlik qiladi.

12 dekabr kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Rossiyaga qarshi to‘qqizinchi sanksiyalar paketini muhokama qildi. Avvalroq Yevrokomissiya uning tarkibiga 200 ga yaqin rossiyalik kompaniya va jismoniy shaxslar, shuningdek, uchta bank kirishi haqida xabar bergan edi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top