10:15 / 13.12.2022
4701

Yevropa kengashi Rossiyani IHeS qarorlarini bajarishga chaqirdi

Yevropa kengashi bosh kotibi Peychinovich-Burich Rossiya tashqi ishlar vaziri Lavrovga yo‘llagan maktubida Navalniy va ayrim tashkilotlar huquqlari buzilganini eslatib, Rossiyani Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi qarorlariga rioya qilishga chaqirdi.

Mariya Peychinovich-Burich / Foto: Getty Images

Yevropa kengashi (YeK) bosh kotibi Mariya Peychinovich-Burich Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga maktub yo‘llab, Rossiyani Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHeS) qarorlarini e’tiborsiz qoldirmaslikka chaqirdi. Bu haqda 12 dekabr, dushanba kuni Yevropa kengashi matbuot xizmati ma’lum qildi. 3 martdan beri Yevropa kengashi Rossiyadan IHeS qarorlarining bajarilishi bo‘yicha hech qanday ma’lumot olmadi.

16 mart kuni Rossiya Ukrainaga qurolli tajovuz qilgani uchun Yevropa kengashidan chiqarib yuborildi. Biroq, 16 sentabrgacha IHeS Rossiyani Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasini imzolagan mamlakat deb hisoblashda davom etdi. Shunga ko‘ra, Yevropa kengashi nuqtayi nazaridan, Rossiya IHeSning ushbu sanadan oldin chiqarilgan qarorlarini bajarishga majburdir.

Peychinovich-Burich IHeSning Rossiya amal qilmayotgan ayrim shov-shuvli qarorlarini esladi. Xususan, 2017 yilda Yevropa sudi Aleksey Navalniyga nisbatan chiqarilgan hukmni asossiz deb topdi, unga ko‘ra, muxolifatchi hozirda jazoni koloniyada o‘tamoqda. 2021 yilda IHeS Gruziyaning Rossiyaga nisbatan Janubiy Osetiyadagi urush bilan bog‘liq da’vosini qisman qanoatlantirdi va bu yil Rossiyada ayrim tashkilotlar faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni noqonuniy deb tan oldi.

Umuman olganda, Moskva, Yevropa kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, 2227 ta xalqaro sud qarorini qisman yoki to‘liq bajarmagan. 1874 holatda ushbu qarorlar jabrlanuvchilarga pul kompensatsiyasini nazarda tutadi, tovonning umumiy miqdori 2 milliard yevrodan oshadi. Jumladan, 1,87 milliard yevro 2007 yilda tugatilgan YuKOS neft-gaz kompaniyasi aksiyadorlariga berilishi kerak.

Yevropa kengashi Rossiya hukumati rasmiy javobi yo‘qligi sababli, rossiyaliklarning huquqlarini himoya qilish uchun nohukumat tashkilotlar bilan ko‘proq hamkorlik qilmoqchi, deb qayd etishdi Strasburgda. Bundan tashqari, Yevropa kengashi Rossiya a’zoligicha qolayotgan BMTning inson huquqlari bo‘yicha hujjatlaridan foydalanmoqchi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top