19:55 / 14.12.2022
18624

«Mushuk mojarosi» Braziliya futbol konfederatsiyasiga qimmatga tushishi mumkin

Hayvonlar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari Braziliya futbol konfederatsiyasini mushuk bilan bog‘liq mojaro tufayli sudga berdi.

Bir guruh nodavlat notijorat tashkilotlari Braziliyaning Hayvonlar huquqini himoya qilish milliy forumi bilan birgalikda Braziliya futbol konfederatsiyasini (BFK) sudga berdi. Ular «mushuk bilan bog‘liq mojaro» tufayli tashkilotdan 1 million real (200 ming dollar) miqdorida kompensatsiya talab qilgan.

Hodisa Qatarda o‘tkazilayotgan jahon chempionatidan o‘rin olgan Braziliya - Xorvatiya o‘yinidan oldin yuz berdi. Matbuot anjumani paytida stol ustiga mushuk sakrab chiqdi. Braziliya milliy jamoasi matbuot xizmati xodimi esa jonivorni orqasidan ushlab ko‘tardi va polga tashladi. Voqea ijtimoiy tarmoqlarda keskin reaksiyaga sabab bo‘ldi. Ko‘plab foydalanuvchilar matbuot xodimini mushukka nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgani uchun tanqid qilishdi.

Hayvonlar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari BFK xodimlari uchun hayvonlarni parvarish qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha treninglar o‘tkazishni, shuningdek, omma oldida kechirim so‘rashni talab qilmoqda. Da’vo arizasiga qo‘shilgan boshqa tashkilotlar ro‘yxati keltirilmagan.

Braziliya milliy jamoasi chorakfinal o‘yinida Xorvatiyaga penaltilar seriyasida yutqazib, musobaqani tark etdi.

Mavzu
Qatar-2022
20 noyabr kuni Qatarda futbol bo‘yicha jahon chempionati boshlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top