16:18 / 15.12.2022
8421

Qarshidagi manzil-koloniya tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, davlatga qariyb 1,3 mlrd so‘m zarar yetkazgani aniqlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Videodan kadr

IIV JIEDga qarashli Qarshi shahridagi 35-manzil-koloniyada joylashgan ohak ishlab chiqarish korxonasi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 1,3 mlrd so‘m zarar yetkazgan. Bu haqda «Hududgaz Qashqadaryo» gaz ta’minoti filiali xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qarshi shahar bo‘limi tomonidan IIV mas’ul xodimlari bilan hamkorlikda IIV huzuridagi JIED 4-mintaqaviy hudud, 35-manzil-koloniyasida tekshiruv o‘tkazilgan.

Tekshiruv davomida manzil-koloniyaning ishlab chiqarish hududida o‘zboshimchalik bilan gaz tarmog‘iga ulangan ikkita ohak pishirish xumdoni ishlayotgani aniqlangan.

Manzil-koloniyaning mansabdor shaxslari o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab, gazdan noqonuniy foydalangani oqibatida davlat va jamiyatga 1 mlrd 296 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, manzil-koloniyada noqonuniy ishlatilgan gaz hajmi 1 mln 296 ming 405 metr kubni tashkil etgan. Bu 1 800 ta xonadonni 1 oy mobaynida tabiiy gaz bilan ta’minlashi mumkin bo‘lgan miqdor hisoblanadi.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Jizzaxda gaz tarmog‘iga yashirincha ulanib, davlatga 1,7 mlrd so‘m miqdorida zarar keltirgan ohak sexi aniqlangandi.

Top