18:21 / 17.12.2022
8267

Dunyoda migrantlar soni 300 millionga yaqinlashdi

Aholi ishsizlik, maishiy muammolar va ta’lim kabi sabablarga ko‘ra migratsiya qilishga majbur bo‘lmoqda.

Foto: Reuters

Dunyoda bir mamlakatdan ikkinchisiga ko‘chib o‘tgan migrantlar soni 280 milliondan oshdi, bu esa dunyo aholisining 3,6 foiziga to‘g‘ri keladi.

2000 yildan beri har yili 18 dekabr Xalqaro migrantlar kuni sifatida nishonlanadi.

BMT Xalqaro migratsiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 281 million migrant bor, bu o‘tgan yilga nisbatan 3,5 foizga ko‘pdir. Ularning 135 millioni ayollar, 146 millioni erkaklar.

Taqqoslash uchun, 1970 yilda dunyoda 84 millionga yaqin migrant bo‘lgan, 1990 yilda 153 millionga yetgan, so‘nggi 50 yil ichida migrantlar soni uch baravar ko‘paygan.

Shu bilan birga, mamlakatlardagi ichki migratsiya hajmi tashqaridagi migratsiyaga qaraganda ancha yuqori.

Aholining katta qismi ishsizlik, maishiy muammolar va ta’lim kabi sabablarga ko‘ra migratsiya qilishga majbur bo‘lmoqda. Ba’zilar harbiy to‘qnashuvlar, ta’qiblar, tabiiy ofatlar yoki boshqa fojiali hodisalar tufayli o‘z uyi va mamlakatini tark etmoqda.

Aksariyat migrantlar Yevropa (87 million) va Osiyoda (86 million) istiqomat qiladi. Sayyoramizning bu ikki mintaqasida dunyodagi barcha migrantlarning 61 foizi yashaydi. Keyingi o‘rinda Shimoliy Amerika - 20,9 foiz.

Lotin Amerikasi va Karib havzasi mintaqasida migrantlar soni ikki baravar ko‘paydi (taxminan 7 milliondan 15 milliongacha). Bu migrantlar soni eng ko‘p o‘sgan mintaqadir.

Okeaniyada 9 million migrant yoki barcha migrantlarning 3,3 foizi istiqomat qiladi.

2019 yilda dunyo bo‘ylab qariyb 169 million mehnat migranti bor edi, bu dunyodagi barcha migrantlarning uchdan ikki qismini (62 foiz) tashkil etadi. Dunyo bo‘ylab migrantlarning 78 foizi mehnatga layoqatli yoshdagi (15-64) odamlar.

2019 yilda mehnat migrantlari orasida erkaklar soni 98,9 million kishini, ayollar 70,1 million kishini tashkil etgan. 102,4 million kishi yoki jami mehnat migrantlarining 61 foizi uchta mintaqada: Shimoliy Amerika, Arab mamlakatlari, Shimoliy, Janubiy va G‘arbiy Yevropada istiqomat qiladi.

Top