10:43 / 19.12.2022
7126

Kiyevda issiqlik ta’minoti to‘liq tiklandi

Kiyevda Rossiyaning yirik raketa zarbalaridan so‘ng issiqlik ta’minoti tizimining ishlashi to‘liq tiklandi. 

Foto: Getty Images

«Issiqlik ta’minotining barcha manbalari me’yorida ishlamoqda. Kun davomida kommunal xizmatlar alohida uylarda ishlaydi, u yerda issiqlik bilan bog‘liq mahalliy muammolar yuzaga kelishi mumkin», — dedi Kiyev meri Vitaliy Klichko Telegram'dagi xabarida. 

Shu bilan birga, "RBK Ukraina" xabariga ko‘ra, elektr ta’minotidagi favqulodda uzilishlar tufayli poytaxtda suv ta’minoti va issiqlik bilan bog‘liq jiddiy muammolar hamon saqlanib qolmoqda.

16 dekabr kuni Rossiya Qurolli kuchlari Ukrainaning energetika infratuzilmasiga yirik raketa zarbalarini berdi, shundan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab elektr ta’minotida favqulodda uzilishlar boshlandi.

Avvalroq Kiyev meri Vitaliy Klichko Kiyev metrosi ishi va suv ta’minoti tiklangani haqida ma’lum qilgandi. 

«Bugun ertalab soat 7:30 da Kiyev metrosi o‘z ishini tikladi. Poytaxtning barcha aholisiga suv ta’minoti ham qaytarildi», — deb yozdi 17 dekabr kuni u Telegram-kanalidagi postlarida. 

Rossiya qo‘shinlari bir kun avval Ukrainadagi fuqarolik infratuzilmasiga yirik raketa hujumi uyushtirdi. 

Hammasi bo‘lib, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, 98 ta raketa uchirilgan, ularning aksariyati urib tushirilgan.

Bundan oldin «Ukrenergo» energetika tizimidagi favqulodda vaziyat rejimini bekor qilgandi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top