16:25 / 19.12.2022
2708
Monrealdagi COP15 ekologik sammitida tarixiy qaror qabul qilindi

Dunyoning 200 ga yaqin davlati 2030 yilga borib turlarning yo‘q bo‘lib ketishini to‘xtatish uchun Yer yuzasining kamida 30 foizini maxsus himoya qilishni rejalashtirmoqda, deyiladi BMTning Monrealdagi konferensiyasi yakuniy deklaratsiyasida. 

Foto: Getty Images

Kanadaning Monreal shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha Butunjahon konferensiyasida ikki hafta davom etgan muzokaralardan so‘ng tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha tarixiy kelishuv qabul qilindi. 18 dekabr, yakshanba kuni COP15 sammitiga a’zo 200 ga yaqin davlat yakuniy rezolyutsiyani, jumladan, 2030 yilgacha sayyora yuzasining kamida 30 foizini maxsus muhofaza qilish haqidagi qoidani qo‘llab-quvvatladi.  

Bundan tashqari, bioxilma-xillikni muhofaza qilishga ko‘proq mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Shu tariqa, boy davlatlar 2025 yilgacha qashshoq mamlakatlarga taxminan 20 milliard AQSh dollari (18,8 milliard yevro) ajratishi kerak bo‘ladi. 

Konferensiya raisi Xitoy o‘sha kuni yakuniy deklaratsiya loyihasini taqdim etdi va keyinroq Kongo Demokratik Respublikasining e’tirozlariga qaramay global kelishuv qabul qilinganligini e’lon qildi. Ushbu Afrika davlati vakillari hujjatni qo‘llab-quvvatlay olmasligini bildirdi. 

Germaniyaning atrof-muhit, tabiatni muhofaza qilish, yadroviy xavfsizlik va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish vaziri Shteffi Lemke COP15 deklaratsiyasini «jasur» deb atadi va hayvonlar turlarining yo‘q bo‘lib ketishini to‘xtatishga qaratilgan. U «to‘g‘ri yo‘nalishga ishora qiluvchi juda ko‘p fikrlarni» o‘z ichiga oladi, dedi u. «Tabiatni muhofaza qilish orqali biz o‘zimizni himoya qilamiz va farzandlarimizga ular yashashni istagan muhitni taqdim etamiz», dedi Germaniya vaziri Monrealda.

Germaniya «Yashillar» partiyasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, 2030 yilga borib, pestitsidlardan foydalanish natijasida odamlar va atrof-muhitga tahdidlarni ikki baravar kamaytirish rejalashtirilgan. Shuningdek, yiliga 500 milliard dollar miqdorida atrof-muhitga zarar yetkazuvchi subsidiyalarni yo‘q qilish rejalashtirilmoqda, deya qo‘shimcha qildi Lemke. 

Butunjahon yovvoyi tabiat jamg‘armasi (WWF) ham bu qarorni olqishlab, u «kutilmagan istiqbolli kelishuv loyihasi» ekanini aytdi. Ekologlar hukumatlar, biznes va jamiyat tomonidan zaruriy harakatlarga olib kelishi kerak bo‘lgan «aniq signal» haqida ma’lum qildi. Mutaxassislarning taxmin qilishicha, joriy asrning oxiriga borib Yerda bir milliongacha tur yo‘qolishi mumkin. 

Tabiat muammolari bo‘yicha 15-jahon sammiti (COP15) 2020 yilda Xitoyda bo‘lib o‘tishi kerak edi, ammo pandemiya tufayli qoldirildi va ikkiga bo‘lindi. Uchrashuvlarning birinchi qismi oktabr oyida Xitoyning Kunming shahrida, asosan, video-konferens-aloqa orqali bo‘lib o‘tdi. Konferensiyaning ikkinchi qismi 7 dekabr kuni Monrealda ochildi. 

Mavzuga oid
Top