14:19 / 20.12.2022
5441

Germaniya sanksiyalar doirasida Rossiyaning 5 mlrd yevrolik aktivlarini muzlatdi

Rossiyaning Germaniyadagi muzlatilgan aktivlari miqdori 5 milliard yevrodan oshdi, deb xabar berdi federal hukumat. 

Foto: Reuters

Germaniyada sanksiyalarni amalga oshirish doirasida muzlatilgan Rossiya aktivlari hajmi 5,046 milliard yevroga yetdi, deb xabar berdi federal hukumat Bundestagning So‘l partiyadan a’zosi Kristian Gyorkening so‘roviga javoban. Bu haqda dpa agentligi 19 dekabr, dushanba kuni yozmoqda. 

Bu mablag‘ning 2,2 milliard yevrosi nemis banklari tomonidan Germaniya federal bankiga (Bundesbank) berilgan xabarlardagi mablag‘lar hisobidan to‘g‘ri keladi. Yana 1,1 milliard «ko‘char mulk»dir. Federal hukumat boshqa tafsilotlarni keltirmadi. Javobdan ko‘rinib turibdiki, bir necha oy davomida rossiyalik shaxslar va kompaniyalar Germaniyada aktivlari mavjudligi haqida deyarli xabar bermagan. 

Iyun oyida Rossiyaning Germaniyadagi muzlatilgan aktivlari hajmi 4,48 milliard yevroni tashkil qildi. Gyorkening so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar ostida qolgan rossiyaliklar ko‘pincha Germaniyadagi tergovchilar «qorong‘ilikda sarson bo‘lib, qidirib yuribdi» deb o‘ylaydi, bu mamlakatda yer kadastrlari raqamlashtirilmagani va hukumat xodimlarining yetishmasligi bilan bog‘liq. «Putinning hokimiyat doirasidan foyda ko‘rayotganlarga zarba berish uchun oligarxlarga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish vaqti keldi», - deya izoh berdi Gyorke hukumatning javobiga. 

May oyida Germaniya cheklov choralariga rioya etilishini nazorat qiluvchi turli idoralar o‘rtasida hamkorlik va axborot almashishni ta’minlashga qaratilgan sanksiyalarni qo‘llash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Qonun sanksiya ostidagi kompaniyalar va jismoniy shaxslarni o‘z mol-mulki to‘g‘risida Germaniya rasmiylariga hisobot berishga majbur qiladi. Qoidabuzarliklar jarima yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. 

Qonun shuningdek, moliyaviy operatsiyalarni tekshirish bo‘yicha markaziy idora (Financial Intelligence Unit, FIU) va Bundesbank kabi qator idoralarning vakolatlarini kengaytirdi. Endilikda ularning xodimlari firmalarning kvartiralari va binolarida tintuv o‘tkazishlari, guvohlarni so‘roq qilishlari, hisobvaraqlar va qimmatli qog‘ozlar egalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni banklardan so‘rashlari mumkin. 

Avvalroq Germaniyaning Bild gazetasi Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan rossiyalik va belaruslik shaxslar va kompaniyalarning 61 ta da’vosi Lyuksemburgdagi Yevropa sudida ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar bergan edi. 

Sanksiyalarga, jumladan, YeSN kompaniyalar guruhi egasi Grigoriy Berezkin e’tiroz bildiryapti, u sanksiyalar «obro‘siga jiddiy zarar yetkazgani»ni aytmoqda hamda Ukrainaga bostirib kirishga aloqador emasligi, Rossiya hukumati bilan aloqalari yo‘qligini bildirmoqda. «Rossiya» bankining asosiy aksiyadori, Vladimir Putinning yaqin do‘sti Gennadiy Timchenko ham sudga murojaat qilib, Yevropa Ittifoqi rasmiylari uning Putin bilan munosabatlarini baholashda xatoga yo‘l qo‘yganini ta’kidladi. 

Sud hujjatlariga ko‘ra, da’vogarlar ro‘yxatiga Londonning «Chelsi» futbol klubining sobiq egasi Roman Abramovich va «Alfa-Grupp» moliyaviy guruhi rahbari Mixail Fridman kiritilgan. Noyabr oyida Yevropa Ittifoqi Rossiyaning qariyb 68 milliard yevrolik aktivlarini muzlatib qo‘ygani haqida xabar berilgan edi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top