11:19 / 22.12.2022
13834

Saida Mirziyoyevaning o‘qituvchilar haqidagi tashabbusi MDH davlatlari deputatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda

Mariya Zaxarova ham ushbu nutq bo‘yicha munosabat bildirdi.

Foto: Saida Mirziyoyeva / Telegram

Prezident Administratsiyasi rahbarining jamoatchilik fikrini o‘rganish va axborot siyosati uchun mas’ul o‘rinbosari Saida Mirziyoyevaning jamiyatda o‘qituvchilarning o‘rni, ularning mavqeyini tubdan qayta ko‘rib chiqish shartligi, o‘qituvchilarni kasbiy faoliyatidan tashqari turli majburiy mehnat va ommaviy tadbirlarga jalb qilishga qarshi ma’muriy va hatto jinoiy javobgarlikka tortish borasidagi tashabbusi nafaqat mamlakatimizda, balki yaqin qo‘shni davlatlarda ham keng jamoatchilik va davlat arboblari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Saida Mirziyoyeva o‘qituvchilar qadri, ularning haq-huquqlarini himoya qilish haqida shunday degandi:

«Afsuski, farzandlarimizga ta’lim berayotgan o‘qituvchilar yillar davomida haq-huquqsiz, himoyasiz, qadrsiz bo‘ldi. Ulardan bog‘bon, farrosh, maktabga kelgan komissiyalarga xizmat ko‘rsatuvchi ofitsiant, zerikarli tadbirlarda bo‘sh zallarni to‘ldiruvchi «massovka», matbuot nashrlariga majburiy obunachi, tungi navbatchi va maktab qorovuli sifatida foydalanildi.

Endi bu ishlarni to‘xtatish vaqti keldi. Chunki o‘qituvchilar qadrini ko‘tarmas ekanmiz, hech narsaga erisha olmaymiz. O‘qituvchilarga vazifasidan tashqari ishlarni yuklaydiganlarni ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi va tez orada qabul qilinishi kutilyapti».

Saida Mirziyoyeva o‘qituvchining qadri ham, qaddi ham baland bo‘lgan jamiyat qurish kerakligini, butun jamiyat o‘qituvchini himoya qilib, uni majburiy mehnatga, turli qo‘shimcha ishlarga jalb qilishga qarshi tursagina, bunga erisha olish mumkinligini ta’kidlagandi.

Uning bu chiqishini birinchilardan bo‘lib Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi spikeri o‘rinbosari Boris Chernishov hamda deputat Artyom Kiryanov yoqlab chiqib, Rossiya ta’lim tizimida ham o‘qituvchilarning obro‘-e’tiborini yuksaltirish chora-tadbirlarini ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidlashgan. Rossiyada kelasi yil «O‘qituvchilar va murabbiylar yili» deb e’lon qilingan.

«Rossiyada pedagog va murabbiylar yili kirib kelar ekan, bu masalalar bizning mamlakat uchun ham dolzarb. Shuning uchun kelgusi yilda biz o‘qituvchilarimizni qo‘llab-quvvatlaymiz», deydi Chernishov.

Kiryanov Saida Mirziyoyevaning o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etishni bas qilishni taklif qilgan chiqishi barcha hududlarda jamoatchilik e’tiborini tortganini ta’kidlaydi.

«Biz o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz. Pedagoglar bu bizning faxrimiz. Ularning muammolarini hal qilish bilan shug‘ullanamiz», dedi deputat.

Rossiya Davlat dumasining yana bir deputati — boks bo‘yicha og‘ir vazndagi sobiq jahon chempioni Nikolay Valuyev ham Saida Mirziyoyevaning o‘qituvchilarga vazifasidan tashqari ishlarni yuklaydiganlarni ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

«O‘zbekistonlik Mirziyoyeva pedagoglar va o‘qituvchilar uchun chiroyli chiqish qildi. Unga ko‘ra, o‘qituvchilar arzon ishchi kuchi va xizmatkorga aylanmasligi kerak. O‘qituvchi va pedagoglar eng avvalo o‘zining asosiy vazifasi bilan shug‘ullanishi kerak: o‘z shogirdlaridan barkamol avlod tarbiyalash bilan.

Bu muammo Rossiyada ham juda dolzarb. Biz ham o‘qituvchilarimizni keraksiz vazifalardan ozod etishimiz kerak. Shu sababli Saidaning fikrlarini to‘la qo‘llab-quvvatlayman», dedi Valuyev.

Shuningdek, Qirg‘iziston Jogorku Keneshi deputati Baxriddin Shabazov ham bu ezgu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. 

««Bugun Saida Mirziyoyevaning o‘qituvchilarga noqonuniy vazifalar yuklaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash lozimligi haqidagi chiqishini eshitdim. Bu tashabbusga to‘liq qo‘shilaman va Qirg‘iziston hududida ham joriy etish kerakligini qo‘llab-quvvatlayman.

O‘qituvchilar bu faxr, hokimlar uchun xizmatkor emasligini eslatib o‘taman. O‘qituvchilar saylovlarda ham kimga ovoz berishni bilmaydi, qishloq, shahar va mamlakat ma’muriyatidan cho‘chib.

Hozir biz o‘qituvchilarni himoya qilib, ularga taalluqli bo‘lmagan, ularning sha’nini yerga uradigan ishlardan qutqarishimiz kerak», dedi u.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Mariya Zaxarova ham Mirziyoyevaning fikrlariga qo‘shilib, o‘qituvchilarni xizmatkor qilishni to‘xtatishga chaqirdi. U o‘z telegram-kanalidagi postida bu hissiyotli nutq Rossiyada ham aks sado berganini qayd etdi.

«Agar Rossiya tarixiga nazar solsak, mamlakatimizda o‘qituvchilik kasbi har doim eng hurmatga loyiq, inqilobdan avval esa — eng ko‘p maosh to‘lanuvchi kasblardan biri bo‘lgan. O‘qituvchi o‘quvchilar o‘rtasida ham, ota-onalar o‘rtasida ham obro‘ga ega bo‘lgan. Aslida ham bu ayni haqiqatdir, chunki aynan o‘qituvchilar yosh avlodga axloqiy tarbiya asoslarini berib, bizning umumiy kelajagimizni shakllantiradi.

Ammo keyinchalik jamiyatga sezilmas tarzda ta’lim va tarbiya berishdan ta’lim xizmatini ko‘rsatishga o‘tib ketildi va shunga yarasha o‘qituvchilarga munosabat ham o‘zgardi. 

Biz buni tuzatish zarurligiga o‘z vaqtida e’tibor qaratdik. Bu muammo possovet hududidagi ko‘plab mamlakatlarga taalluqli. Bu, ayniqsa, MDHda Rus tili yili deb e’lon qilingan 2023 yilda dolzarb, chunki bu ko‘p millatli mamlakatlarda barqarorlik va totuvlikni saqlashda muhim rol o‘ynaydi, shuningdek, fan va oliy ta’lim sohasida yangi marralarni ochadi», deydi u.

Top