21:16 / 23.12.2022
38032

“Dok-1 MAKS”ni ichgan bolalar gospitalizatsiyasi davom etmoqda. Bu holat RShTYoIMda ham kuzatilgan

Bugun, 23 dekabr kuni Samarqand viloyat bolalar shifoxonasiga “Dok-1 MAKS” preparatini ichganidan keyin ahvoli og‘irlashgan navbatdagi bola yotqizildi, u ayni paytda reanimatsiyada. 20 dekabr kuni RShTYoIM ham SSVga shu dori masalasida xat chiqargan. Kun.uz muxbiri Samarqanddagi bolalar shifoxonasida bo‘lib, shifokor va bemor bolaning onasi bilan suhbatlashdi.

Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi oxirgi 2 oy ichida 15 nafar bola “Dok-1 MAKS” preparati sababli vafot etgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.

Markazning shu mazmunda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga 15 dekabr kuni chiqargan xati ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Markaz bosh vrachi M.Azizov “Dok-1 MAKS” preparatidan foydalangan aksariyat insonlar uning nojo‘ya ta’siridan shikoyat qilganini bildirgan. Bosh vrachga ko‘ra, bu dorini iste’mol qilgan bolalarda buyrak zararlanishi va yetishmovchiligi belgilari kuzatilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bu borada o‘rganish ishlari boshlangani, Farmatsevtika agentligi esa 22 dekabrdan boshlab dorining O‘zbekistondagi savdosi to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Kun.uz muxbiri Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bo‘lib, holatni o‘rgandi.

Markaz bosh vrachi o‘rinbosari Fazliddin Fayzullayev biz bilan suhbatda vaziyatga izoh berdi.

“Odatda kuz-qish mavsumida yosh bolalarda nafas yo‘llari bilan bog‘liq muammolar, shamollash va tana haroratining oshishi ko‘p kuzatiladi. So‘nggi oylarda bizning markazimizda buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rigan bemor bolalar soni ortdi. Biz ularning ota-onalari bilan suhbatlashganimizda, ularning aksariyati tana haroratini tushirish va davolash maqsadida “Dok-1 MAKS” preparatidan foydalanganini ma’lum qildi. 17 nafar bemor bolalarda kasallik nihoyatda og‘ir kechdi. 15 nafarini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi. Shu kabi holatlarni tahlil qilib, Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga bildirgi berdik”, – dedi Fazliddin Fayzullayev.

Ma’lum bo‘lishicha, 23 dekabr kuni ham ushbu markazga shahrisabzlik bir bola yotqizilgan. Onasi Dilnoza Boyqobilovaning aytishicha, 14 dekabr kuni farzandi bog‘chadan issig‘i chiqqan holda qaytgan. Shundan so‘ng dorixonachi tavsiyasi bilan “Dok-1 MAKS” siropini xarid qilgan. Bu dorini to‘rt kun davomida uch mahaldan farzandiga ichirgan. Kutilgan natija bo‘lmagach, shifokor tavsiyasi bilan boshqa sirop olib ichirgan. Bolada holsizlik, ko‘ngil aynishi, ishtahasizlik, uyquchanlik kuzatilgan. Ikki kun avval peshob qilolmay qolgan. Shundan keyin Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga davolatish uchun olib kelgan. Bola hozirgi vaqtda markazning jonlantirish bo‘limida.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozov hozircha holat o‘rganilayotgani, yakuniy xulosaga kelingach, jamoatchilikka ma’lum qilinishini bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yilning 20 dekabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi ham “Dok-1 MAKS”ning nojo‘ya ta’siri bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligiga xat chiqargan. Bu xatda 19 dekabr kuni markazga olib kelingan 14 nafar bemor bolaning 12 nafari aynan “Dok-1 MAKS” qabul qilgani aniqlangan.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Top