11:46 / 23.12.2022
8300

FTX asoschisi AQSh tarixidagi eng yirik garov evaziga ozod qilindi

Sem Benkman-Frid 250 million dollar garov evaziga ozod qilindi. Bankrot bo‘lgan FTX kriptovaluta birjasi asoschisi ota-onasining Palo-Altodagi qarorgohida uy qamog‘ida qoladi.

Foto: Getty Images

Bankrot bo‘lgan FTX kriptovaluta birjasi asoschisi va sobiq bosh direktori 30 yoshli Sem Benkman-Frid 250 million dollar (236 million yevro) garov va ota-onasining Kaliforniyadagi Palo-Alto qarorgohida uy qamog‘ida qolish kafolati evaziga ozod qilindi. 22 dekabr, payshanba kuni Manxettendagi Federal sudda prokuror yordamchisi Nikolas Roos ta’kidlaganidek, bu AQShda sudgacha bo‘lgan bosqichda federal darajada e’lon qilingan eng yirik garovdir. Benkman-Frid «epik miqyosda» firibgarlikda gumon qilinmoqda, deya qo‘shimcha qildi Roos.

Prokuror yordamchisining aytishicha, garov foydasiga muhim dalil o‘tgan hafta Bagam orollarida Vashington iltimosiga ko‘ra hibsga olingan tadbirkorning AQShga ekstraditsiya qilinishiga rozi bo‘lgani bo‘ldi. Tadbirkorga elektron bilaguzuk biriktirilgan. Kafolat shartlari unga AQShda hukumat yoki sud ruxsatisiz kredit liniyalarini ochish, yangi biznes ochish va 1000 dollardan (944 yevro) ortiq moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishni taqiqlaydi.

Benkman-Fridning ikki eng yaqin biznes sherigiga ham ayblov qo‘yildi va ular allaqachon aybiga iqror bo‘lgan, deb xabar berdi AP. Xususan, Benkman-Frid savdo firmasi Alameda Research'ning sobiq ijrochi direktori Kerolin Ellison va FTX asoschilaridan biri Geri Vang firibgarlik qimmatli qog‘ozlar va tovarlar bilan sodir etilganligini tan oldilar.

Noyabr oyi boshida FTX Twitter'da bankrotlik to‘g‘risida ariza bergani, bosh direktor Benkman-Frid esa iste’foga chiqqanini e’lon qildi. Bu AQSh tarixidagi eng yirik ishlardan biriga aylandi. Kamida bir million mijoz o‘z mablag‘laridan mahrum bo‘ldi.

AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi FTX kriptovaluta birjasining sobiq rahbari va asoschisi Sem Benkman-Fridni «investorlarni aldash sxemasini tashkil etishda» aybladi.

Sentabr oyida Forbes biznesmenning boyligini 17,2 milliard dollar (16,2 milliard yevro) deb baholadi hamda FTX birjasi va Alameda Research kompaniyasi tufayli kriptovaluta biznesi bilan shug‘ullanuvchi eng boy tadbirkorlardan biri deb atadi. Benkman-Frid Stenford universitetida dars bergan ikki huquq professorining o‘g‘li.

Top