17:07 / 23.12.2022
11585

Yo‘lovchilar: Toshkentda avtobuslar intervali haqiqatan ham qisqardi

Prezident tomonidan jamoat transportidagi muammolar tanqid qilinganidan so‘ng transport vaziri va boshqa mansabdorlar ham avtobuslarda ko‘rinish bera boshladi. Poytaxtdagi avtosaroylar IIV, FVV va Milliy gvardiyaga biriktirilgani, buning natijasida avtobuslar qatnovi “jonlanib”, oraliq interval ikki barobarga qisqargani haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz yo‘lovchilarning noroziligiga sabab bo‘lgan bir nechta yo‘nalishlarga chiqib, haqiqiy holatni yana bir bor o‘rgandi.

1 hafta ilgari jamoat transportlari bilan bog‘liq holatni o‘rganganimizda poytaxtliklar bu borada e’tirozlarga to‘la fikrlarni bildirishgan edi.

Izza dahasi va Toshkent MUM avtoshohbekati yo‘nalishida qatnaydigan 13-avtobusni soatlab kutavergan yo‘lovchilar charchashdi. Nahotki avtobusni ko‘paytirishning imkoni bo‘lmasa? Qachongacha yo‘lovchilar avtobusning qorasi ko‘rinarmikan, deya yo‘lga termulib o‘tirishadi? Yo‘lovchilar 13-avtobusni kamida 40-50 daqiqa, gohida bir soat kutadigan bo‘lishganidan norozi. Bu norozilikka kim barham beradi?! Mutasaddilardan javob kutamiz!” – deb bir oy muqaddam yozgan edi ijtimoiy tarmoq faoli Xonbibi Himmat qizi o‘zining Facebook sahifasida.

Shu sababli mazkur yo‘nalishdagi vaziyat qanchalik yaxshilanganini tekshirib ko‘rishga qaror qildik. Yo‘lovchilarning so‘zlariga ko‘ra, ilgari soatlab kutilgan 13-sonli avtobus so‘nggi bir hafta ichida juda qisqa interval bilan harakatlanyapti. Yo‘nalishga yangi qo‘yilgan avtobuslarning birida haydovchilik qilayotgan O‘ktam Hoshimov avtobuslar soni avvalgidan 5-6 taga ko‘paytirilganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, avvalgi reportaj davomida e’tirozlarga sabab bo‘lgan 37-sonli hamda 55-sonli yo‘nalishdan foydalanadigan yo‘lovchilarning fikrlari bilan ham qiziqdik. Kun.uz’ga intervyu berganlar har ikki yo‘nalishda avtobuslar qatnovi jonlanganini ta’kidlashdi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida jamoat transporti bilan bog‘liq vaziyatga e’tibor qaratib, Navro‘z bayramigacha respublikaga 2000 ta avtobus olib kelinishini aytgan, bu orqali 300 ta mahalladagi 1 million aholining uzog‘i yaqin bo‘lishini ta’kidlagandi.

Top