14:08 / 26.12.2022
10586

Jizzaxda oilaviy janjal o‘lim bilan yakunlandi

O‘zaro kelishmovchilik ortidan kelib chiqqan janjalda 50 yoshli erkak 47 yoshli xotinini pichoqlab o‘ldirgan.

Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumanida bir ayol eri tomonidan pichoqlab o‘ldirilgan, qotillikka oilaviy janjal sabab bo‘lgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Hodisa 2022 yil 19 dekabr kuni soat 18:00 larda Sharof Rashidov tumani Fayziobod mahallasida sodir bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 1972 yilda tug‘ilgan erkak va uning 47 yoshli turmush o‘rtog‘i o‘rtasida oilaviy kelishmovchilik sababli janjal kelib chiqqan.

Janjal vaqtida erkak qo‘lida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan xotinining o‘ng yelka qismiga urib tan jarohati yetkazgan. Oqibatda, og‘ir tan jarohati olib RShTYoIMning Jizzax filialiga yotqizilgan ayol ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104- moddasi 3- qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Erkak protsessual tartibda ushlanib, vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, erkak shu vaqtga qadar spirtli ichimlik iste’mol qiluvchilar va oilaviy janjalkashlar sifatida IIOning profilaktik hisobida bo‘lmagan. Shuningdek, oila mahallada ijobiy tavsiflanib, janjalkash oilalar ro‘yxatida turmagan.

 

Mavzuga oid
Top