12:10 / 27.12.2022
13249

Odam boshiga ko‘pi bilan 5 kilo shakar, qimmatlab ketgan sham - 2022 yil navbatlari

2022 yil davomida turli sabablar bilan biror mahsulotga bo‘lgan ehtiyoj ortib ketishi yoki chegirmalar e’lon qilinishi ortidan yirik navbatlar hosil qilindi. Ba’zilari navbatdan ko‘ra tartibsizlikka yaqinroq. Ulardan eng yiriklarini sanab o‘tamiz.

Foto: Kun.uz

Umuman, yil boshidan beri O‘zbekistonda ajiotajlar bir qanchani tashkil etdi.

Dam olish uchun navbat

O‘tgan yili Yangi yilda 31 dekabrdan 4 yanvargacha ketma-ket 5 kunlik dam olish berildi. Dam olish maqsadida esa odamlar, asosan, Toshkent shahridagi ko‘ngilochar maskanlar, Toshkent viloyatining kurort zonalarini tanlashgani uchun tirbandliklar, tiqilinchlar yuzaga keldi.

Amirsoyda kuzatilgan holat. 3 yanvar

Toshkent shahridagi Magic city parkidagi tiqilinch.

Sham va suvga navbat

25 yanvar kuni Qozog‘istonning janubiy qismi, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning esa deyarli barcha hududlari yirik blekaut sabab elektrdan uzilib qoldi.

Butun respublikada elektr uzilishi sabab odamlarda qadoqlangan ichimlik suvi va shamga talab ortib, ajiotaj kuzatilgandi.

O‘sha kuni turli savdo markazlarida navbatlar hosil bo‘ldi.

Odatiy holatda 1000–1 500 so‘m bo‘lgan sham narxi talab ortib ketishi bilan oshib ketgandi.

O‘rikzorda shamga navbat.

Shakarga navbat

Keyingi esda qolarli navbatlar shakarga bo‘ldi. Ayni yoz mavsumi boshlanishi bilan bozorda shakarga talab ortdi. Mahsulot narxi qimmatlashi sabab bozorlarda maxsus rastalar tashkil qilinib ularda sotib olishga cheklovlar kiritildi. Bir kishiga 5 kgdan ortiq shakar sotilmadi.

Hatto o‘z puliga 158 kg, ya’ni ko‘p shakar sotib olgani uchun fuqaro IIB tomonidan ushlangandi.

Turli hududlarda shakar uchun navbatlar hosil bo‘ldi.

Toshkentda shakar uchun navbatlar

Andijonda shakar uchun navbatlar

18 ming kishilik navbat

Bunday yirik navbat «Atlas» savdo majmuasida maishiy texnikalar uchun 70-90 foizgacha chegirma e’lon qilinishi bilan paydo bo‘lgandi. Lekin haddan ortiq odam yig‘ilib tartibsizlik bo‘lib ketgani uchun hech narsa sotilmay odamlar tarqatib yuborilgandi.

Bundan tashqari, garchi respublikaning hamma joyida bo‘lmasa-da, qaysidir hududlarda turli vaqtlarda turli mahsulotlar uchun navbatlar aks etgan videolar tarqalgan.

Farg‘onada «buxanka» non uchun navbat. Aprel.

Nukusda un uchun navbat.

3 soatda – 1 yillik navbat

Yana bir yirik navbatni odamlar to‘planib emas, balki onlayn tarzda hosil qilishdi. UzAuto Motors 1 noyabrdan Chevrolet Onix avtomashinasini sotuvga chiqardi. Shu kuni 3-4 soatning o‘zidayoq mashina uchun 1 yillik navbat shakllanib ulgurgan.

Benzinga navbat

AI-80 benzini importi va realizatsiyasi 2022 yil 10 dekabrdan 2023 yil 1 martgacha aksiz solig‘idan ozod qilindi. 13 dekabr, seshanbadan boshlab «O‘zbekneftgaz» shoxobchalarida AI-80 benzini narxi 6800 so‘mdan 5700 so‘mga tushirildi. Benzin arzonlashgani poytaxtdagi shoxobchalarda navbatlarni yuzaga keltirdi.

Kiyimga navbat

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtdagi kiyim do‘konlaridan birida chegirma e’lon qilingani sabab juda ko‘p odam yig‘ilgani aks etgan video tarqaldi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda kuz-qish mavsumi kelishi bilan aholining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida metan shoxobchalar faoliyati cheklanadi va haydovchilar gaz «zapravka»larida navbatda turishadi. Eng ko‘p uchraydigan navbat turlaridan biri ham metan shoxobchalarda bo‘lsa kerak.

Bu joylarda navbatlar nisbatan tartibliroq va qoida buzganlarga jazo ham bor. Masalan, 10 kuncha oldin Oltinko‘l tumanida joylashgan avtomobillarga gaz quyish shoxobchasiga pul evaziga mashinalarni navbatsiz kiritayotgan 2 nafar shaxsga 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.

Gaz shoxobchasidagi navbat. Yanvar

Top