14:00 / 01.01.2023
42612

2022 yilgi Ukraina dahshatlari. Urushning muhim 9 pallasi suratlarda

24 fevraldan buyon «Meduza» fotomuharrirlari har kuni bu urushning eng asosiy kadrlarini taqdim etib kelishmoqda. Bu suratlarning mualliflari oldingi chiziqlarda, doimiy otishmalar ostida ishlab, ozod etilgan shaharlarga birinchilardan bo‘lib kirib, bu joylarda Rossiya istilosining dahshatli oqibatlariga guvoh bo‘lishmoqda. Kelgusida urush aynan shu fotosuratlar asosida o‘rganiladi. Quyida Rossiya bosqinining asosiy to‘qqiz voqeasi ukrainalik fotomuxbirlar nigohida.

Urushning ilk haftalari. Maksim Levin

2006 yildan boshlangan faoliyati davomida Maksim Levin Ukrainaning «Levyy bereg», «Gromadske» nashrlari va UNIAN agentligi uchun suratlar olgan, BBC, Associated Press va Reuters bilan hamkorlik qilgan, BMT uchun ham foto va videoloyihalar tayyorlab bergan.

2022 yilda Levin dastlab Xarkiv mudofaasini hujjatlashtirdi, keyin Kiyev oblastiga ketdi va shiddatli janglar kechayotgan vaqtda Bucha, Borodyanka hamda Irpinda bo‘ldi.

13 mart kunidan Levin aloqaga chiqmay qo‘ydi. 2 aprel kuni «Levyy bereg» tahririyati fotografning jonsiz tanasi Kiyev atrofidagi Guta-Mejigorskaya qishlog‘idan topilganini xabar qildi. «Chegarasiz muxbirlar» xalqaro tashkiloti o‘z mustaqil surishtiruvini o‘tkazib, Maksim Levin va unga hamrohlik qilgan ukrainalik askar Aleksey Chernishov rossiyalik harbiylar tomonidan o‘ldirilganini aniqladi — ular avval qiynoqlar ostida so‘roq qilingan bo‘lishi mumkin.

Versiyalardan biriga ko‘ra, rossiyaliklar fotografni askar deb o‘ylab, o‘t ochgan bo‘lishi mumkin, keyin uning tanasi va mashinasini yoqib yuborishgan. Boshqa versiyaga ko‘ra — rossiyalik harbiylar Levin va Chernishov ketayotgan avtomobilni to‘xtatgan, ularni so‘roq qilish uchun o‘rmon ichkarisiga olib ketgan, keyin ularni o‘ldirib, izlarni yashirish maqsadida o‘t qo‘yishgan.

Ukrain harbiylari Kiyevdan 25 kilometr janubda, Vasilkovo shahri aviabazasi yaqinidagi pozitsiyalarda. Vasilkovoda aviabazadan tashqari yirik neft bazasi hamda turklarning Bayraktar dronlarini ta’mirlash sexi joylashgan, shu tufayli shahar RF armiyasi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan. Ammo Ukraina qurolli kuchlari Vasilkovo ustidan nazoratni saqlab qolishgan. 2022 yil 26 fevral
Maksim Levin / Reuters / Scanpix / LETA
Xarkiv atrofida yotgan tanish belgilarisiz askar jasadi — katta ehtimol bilan bu janglar chog‘ida halok bo‘lgan rossiyalik harbiy edi. RF qo‘shini urushning ilk kunidayoq shaharga hujum qilgandi. Shahar atrofida janglar kechgan, Xarkiv ichkarisidagi rayonlarga raketa zarbalari yo‘llangan. 2022 yil 24 fevral
Maksim Levin / Reuters / Scanpix / LETA
RF armiyasining Borodyankada yakson etilgan harbiy texnikasi — Kiyevdan 80 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan bu posyolka mart oyi davomida Rossiya istilosi ostida qoladi. 2022 yil 3 mart
Maksim Levin / Reuters / Scanpix / LETA
Buchadagi ko‘prikda snaryaddan qolgan o‘ra — Kiyevdan 33 kilometr masofadagi bu shahar Rossiya qo‘shini mart oyi oxirida chekingach, butun dunyoga mashhur bo‘lib ketgandi. O‘ldirilgan tinch aholi vakillari ko‘chalarda yotgani aks etgan dahshatli fotosuratlar aynan shu yerda olingandi. 2022 yil 28 fevral
Maksim Levin / Reuters / Scanpix / LETA
Borodyankada otishma oqibatlari. 2022 yil 2 mart
Maksim Levin / Reuters / Scanpix / LETA
Kiyev oblastidagi hududiy mudofaa qismlari jangchilari Rossiya qo‘shinlarini adashtirish maqsadida yo‘l belgilarini olib tashlamoqda. 2022 yil 8 mart
Maksim Levin / Reuters / Scanpix / LETA
Kiyevdan taxminan 40 kilometr shimoldagi Demidov qishlog‘i yaqinida Rossiya aviatsiyasi zarbalari vaqtida okopga sakrab yashirinayotgan ukrainalik harbiy. Bu Maksim Levinning e’lon qilingan so‘nggi suratlaridan biri edi. 2022 yil 10 mart
Maksim Levin / Reuters / Scanpix / LETA

Mariupol qamali. Yevgeniy Maloletka

Yevgeniy Maloletka 2009 yildan buyon fotokorrespondent sifatida faoliyat olib boradi. 2013–2014 yillarda u Yevromaydanni tasvirga olgan.

Maloletka va uning sherigi, videojurnalist Mstislav Chernov keng ko‘lamli bosqinning ilk soatlaridan Mariupolda bo‘lishgan. Yigirma kun mobaynida ular shahar o‘qqa tutilishi oqibatlari, turar joy binolariga zarbalar, mahalliy shifoxonalardagi shifokorlar ishini tasvirga olishgan. Bu davrni fotograf «vaqt o‘tgan sayin vaziyat tobora yomonlashib borgan adoqsiz kun» deb atagan.

Maloletka o‘zining, balki urush davridagi eng asosiy suratlarni Mariupol tug‘uruqxonasida olgan. U shuningdek mahalliy aholi vakillari qamal chog‘ida otishmalardan, ochlik va kasalliklardan vafot etgan yaqinlari hamda qo‘shnilarini ko‘mishga majbur bo‘lgan birodarlik qabristonlarini ham tasvirga muhrlagan.

Sentyabr oyida Maloletka Ukrainadagi ishlari uchun fotojurnalistika sohasidagi eng nufuzli mukofotlardan biri — Visa dʼor News («Yangiliklar oltin vizasi») bilan taqdirlandi. The Guardian esa uni agentliklar uchun ishlagan yil fotografi (Agency photographer of 2022) deb topdi.

Mariupollik ayol otishmalar chog‘ida yakson etilgan o‘t o‘chirish mashinasi oldida adyolga o‘rangan holda turibdi. Rossiya qo‘shini Mariupolga 2 mart kuni kira boshlagandi — shahar hamon okkupatsiya ostida qolmoqda. 2022 yil 10 mart
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Ukrainlarning havo hujumidan mudofaa tizimi rossiyaliklarning urushning ilk tongidagi zarbasidan yakson bo‘lgan. 2022 yil 24 fevral
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Mariupollik kishi halok bo‘lgan o‘g‘li jasadi tepasida. 2022 yil 2 mart
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Shifokorlar shahar ilk bor o‘qqa tutilishi chog‘ida jabrlangan qizaloqqa sun’iy nafas berishmoqda. 2022 yil 27 fevral
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Mariupollik Anastasiya Yerashova qizi bilan Mariupol shifoxonasi yo‘lagida. 2022 yil 11 mart
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Ukrainalik qutqaruvchilar rossiyaliklar zarbasi chog‘ida yaralangan homilador ayolni olib ketishmoqda. Ko‘p o‘tmay ayol va chaqalog‘i jon beradi. 2022 yil 9 mart
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Mitropolitskaya ko‘chasidagi ko‘p qavatli turar joy binosiga zarba kelib tushishi. Yevgeniy Maloletkaning o‘zi rossiyaliklar tanki uyning oltinchi qavatini mo‘ljallab o‘t ochgani haqida yozgan. Bu yerda tinch aholi vakillari bo‘lgan ikki kishi vafot etgan. 2022 yil 11 mart
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Mariupolliklar qurbonlarni birodarlik qabristoniga dafn etishmoqda. 2022 yil 9 mart
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA

Xarkiv metrosi. Pavel Dorogoy

Xarkivlik Pavel Dorogoy urushga qadar hujjatli va arxivlashtirish fotografiyasi bilan shug‘ullanib, o‘zi tug‘ilgan shahar arxitekturasini tasvirga olgan. Keng ko‘lamli bosqin boshlangach, Dorogoy Xarkivda qoladi va ro‘y berayotgan hodisalarni obektivga muhrlaydi. Uning ishlarining bir qismi otishmalar chog‘ida shahar aholisi uchun boshpanaga aylangan metrodagi holatga bag‘ishlanadi. Fotograf Xarkivdagi yer osti boshpanalaridagi holatni shunday tasvirlagan:

Bu o‘ziga xos tartiblariga ega «shahar ichidagi shahar»ga aylandi. Soat oltida germetik darvoza ochiladi va odamlar ko‘chaga chiqishadi — kimdir uyga, kimdir ishga yo‘l oladi. Kechqurun ularning aksari yana qaytib keladi, chunki uyda qolish qo‘rqinchli.

Mart oyida mening otam va oilasi yashagan bekatda 500 ga yaqin kishi tunagan, ayrim stansiyalarda esa bir yarim mingdan ikki minggacha xarkivlik yashagan. Odamlar vaqt o‘tgan sayin o‘zlari uchun yer ostida yashash sharoitlarini yaratib olishdi, yig‘ma karavotlar (raskladushka), palatkalar, adyollar keltirishdi. Metroda sovuq — 15 daraja — va yelvizak edi. Barcha qalin kiyimlarda va ko‘rpa-to‘shakka o‘ranib yotardi. Tok hamisha yoniq turgan va shovqin tinmagan. Vagonlardan ham uxlash uchun foydalanishgan — ular «VIP-joylar» sanalgan.

Men uchun eng qizig‘i ekstremal sharoitlarda kundalik hayot tarzi qanday davom etayotganini kuzatish edi: odamlar taom tayyorlashar, pedagoglar bolalarni o‘qitish uchun kelishar, kimdir nimadir o‘qib o‘tirar, kimdir to‘qish bilan band, yana kimdir manikyur qilardi.

Bucha. Mixaylo Palinchak

2014 yilda Maydanda ishlagan Mixayl Palinchak prezident Petro Poroshenkoning shaxsiy fotografiga aylanib, bir necha yil mobaynida uni turli davlatlardagi diplomatik uchrashuvlarda suratga oladi. 2019 yilda Time jurnalida uning xalqaro muzokaralar olib borilgan xonalarda qilingan ajoyib fotosessiyasi e’lon qilinadi — unda NATO sammitlaridan tortib, Davosdagi Jahon iqtisodiy forumigacha aks etgan.

2022 yil 24 fevralidan Palinchak Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini oqibatlarini qayd etishga kirishadi. U urushning ilk kunlaridagi evakuatsiya jarayonini, boshpanalardagi odamlarni, hududiy mudofaa kuchlari jangchilarining tayyorgarlik ko‘rishini tasvirga oladi — va ozod etilgan Buchaga birinchilar qatorida kiradi. Rossiya qo‘shini shahardan mart oyi oxirida chekingandi. Ukrain harbiylari shaharga kirganida esa bu yerda o‘ldirilgan yuzlab tinch aholi vakillari jasadlari ustidan chiqadi — ko‘p jasadlar qo‘li bog‘liq holda ko‘chalarda yotardi. BBC rus xizmatining avgust oyida bergan ma’lumotiga ko‘ra, Buchada rossiyaliklarning bir oylik istilosi chog‘ida mingdan ortiq kishi o‘ldirilgan.

May oyida ushbu fotografning suratlari Venadagi «Urush musibatlari. Goyya va bugungi kun» ko‘rgazmasida Goyyaning urushga qarshi kartinalari bilan bir qatorda namoyish etiladi. Iyun oyida esa «Meduza»da uning urush Kiyev va uning atrofidagi hududlarini qanday o‘zgartirgani to‘g‘risidagi fototarixi chiqqandi.

Buchada yo‘lda o‘ldirilgan tinch aholi vakillari jasadlari. 2022 yil 3 aprel
Mikhail Palinchak / Reuters / Scanpix / LETA
Kiyevga boruvchi trassada — poytaxtdan 20 kilometr masofadagi Jitomir yaqinida o‘ldirilgan tinch aholi vakili jasadi. Odamlar shu yo‘l orqali Kiyevdan Ukrainaning g‘arbiy regionlariga ketishga urinishgan. Jitomir va Kiyev o‘rtasidagi shosseda, Bucha atrofida taxminan 300 kishi halok bo‘lgan. Ular Buchanka daryosi orqali ukrain qo‘shini nazoratidagi hududga o‘tishga urinishgandi. 2022 yil 2 aprel
Mykhaylo Palinchak / SOPA Images / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Shaharda o‘ldirilgan odamlar. 2022 yil 3 aprel
Mikhail Palinchak / EPA / Scanpix / LETA
Kiyev va Jitomir o‘rtasidagi shosse, Bucha yaqinidagi hudud. 2022 yil 2 aprel
Mykhaylo Palinchak / SOPA Images / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Hududiy mudofaa kuchlari jangchisi o‘ldirilib, yoqib yuborilgan to‘rt kishi jasadi ustiga yopib qo‘yilgan matoni ko‘tarib qaramoqda. 2022 yil 2 aprel
Mykhaylo Palinchak / SOPA / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Gostomelga olib boruvchi yo‘ldagi xoch — bu Buchadan uch yarim kilometr masofadagi posyolka. Aprel oyi boshida Gostomel va Borodyanka rasmiylari — bu hududlar ham Bucha kabi rossiyalik harbiylar nazoratida bo‘lgan — jami 600 nafar atrofidagi odam yo‘qolib qolgani haqida xabar berishgandi. 2022 yil 22 aprel
Mikhail Palinchak / Reuters / Scanpix / LETA

Mariupolda «Azovstal» qamali. Oleksandr Yermochenko

Oleksandr Yermochenko — Reuters agentligining 2014 yildan buyon Rossiya-Ukraina mojarosini kadrlarga qayd etib keluvchi fotokorrespondentidir. Shuningdek, Yermochenko — G‘arbdagi axborot agentliklarining «DXR» va Rossiya nazoratidagi hududlarda ishlagan yagona fotografi hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ish vaqtida u tinch aholi vakillariga alohida e’tibor qaratadi — «chunki bu tomon odamlari ham o‘z ovoziga ega».

2022 yil iyun oyi boshida Yermochenko Severodonetskka boruvchi yo‘lda operator Pavel Klimov bilan birga yaralanadi. O‘shanda ular ketayotgan avtomobil o‘qqa tutilgan, haydovchi halok bo‘lgandi. Fotograf va operatorga hujum ro‘y bergan joyga yaqin joylashgan Rubijneda tibbiy yordam ko‘rsatiladi va oy oxiriga kelib Yermochenko yana ishga qaytadi.

«DXR» harbiy xizmatchilari Mariupoldagi yo‘lda. Bu vaqtda shahar qamaliga bir oy bo‘lgandi. 2022 yil 28 mart
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
«DXR» harbiylari Mariupoldagi janglar vaqtida zirhli transportyorga o‘q-dorilar yuklamoqda. 2022 yil 12 aprel
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
Shahar aholisi qurbonlar uchun qabr qazimoqda. 2022 yil 20 mart
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
 «Azovstal» kombinati ustidagi tutun. Zavodda tinch aholi vakillari bilan birgalikda yashiringan Ukraina qurolli kuchlari va «Azov» polki jangchilari aprel oyi boshidan may oyi o‘rtalariga qadar RF armiyasi va «DXR» kuchlariga qarshi mudofaa janglarini davom ettirdi. «Azovstal» Mariupol uchun janglarda ukrain qarshiligining asosiy o‘chog‘iga aylandi. 20 may holatiga ko‘ra RF mudofaa vazirligi kombinat hududida bo‘lgan 2439 nafar ukrain harbiysi asir tushganini xabar qilgan. Keyinroq ularning bir qismi asirlar almashinuvi doirasida Ukrainaga qaytarildi, ammo ularning bir qismi Olenivka posyolkasidagi koloniyada ro‘y bergan portlash oqibatida halok bo‘lgan. 2022 yil 8 may
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
Dengiz piyodasi Mixaylo Dianov asirga tushish vaqtida. Keyingi to‘rt oyni u Olenivkadagi koloniyada o‘tkazadi, bu yerda 29 iyul kuni portlash ro‘y bergan, unda Rossiya va Ukraina bir-birini ayblagandi. Dianovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya asirligida ukrainalik harbiylar doimiy ravishda qiynoqqa solingan. 22 sentabr kuni dengiz piyodasi va yana 214 kishi rossiyalik harbiy asirlarga almashtiriladi. Dianov asirlikdan juda og‘ir ahvolda qaytadi: u «Azovstal» mudofaasidan oldinroq qo‘lidan jiddiy jarohat olgandi, qamal chog‘ida va Olenivkadagi asirlikda unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmaydi. Dekabr oyi o‘rtalarida ukrainalik jangchi AQShda jarrohlik amaliyotini boshdan kechiradi — shifokorlarning aytishicha, reabilitatsiya jarayonidan keyin uning qo‘li o‘z funksiyalarini to‘laqonli bajara boshlaydi. 2022 yil 17 may
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
Ukrain harbiylari Olenivkadagi koloniyaga olib ketilmoqda. 2022 yil 20 may
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Severodonetsk mudofaasi. Oleksandr Ratushnyak

Ukrainalik fotograf Oleksandr Ratushnyak 2014 yildan buyon mojaroni yoritib keladi. 24 fevraldan keyin u ukrainlar onlayn-mediasi «Levyy bereg» bilan, shuningdek G‘arbdagi Reuters, Associated Press va EPA (European Press Agency) agentliklari bilan hamkorlik qila boshladi.

Ratushnyak — urushni o‘qqa tutilayotgan shaharlardan emas, oldingi chiziqdagi harbiy bo‘linmalar safida turib yoritayotgan kam sonli fotograflardan biridir. Shu tufayli u Luhansk oblastining Severodonetsk shahri mudofasini kadrlarga muhrlashga muvaffaq bo‘ldi. 25 iyun kuni uch oy davom etgan og‘ir janglardan keyin shahar to‘lig‘icha «LXR» kuchlari nazoratiga o‘tgandi.

Luhansk oblastining Severodonetsk shahrida front chizig‘i yaqinidan o‘tgan yo‘l bo‘yida zarbaga uchragan avtomobil. 2022 yil 8 iyun
Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA
Severodonetskning sanoat zonasidagi ukrain harbiylari. 2022 yil 20 iyun
Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA
Jangovar pozitsiyalar yaqinida uxlayotgan ukrainalik harbiy. 2022 yil 21 iyun
Oleksandr Ratushniak / EPA / Scanpix / LETA
Ukrainalik harbiylar patrullik qilmoqda. 2022 yil 20 iyun
Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA
Ukrainalik harbiy shahar yaqinida daryoni kechib o‘tmoqda. 2022 yil 19 iyun
Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA
Severodonetskdagi «Azot» zavodida yong‘in. Mariupoldagi «Azovstal» kombinatida bo‘lganidek, «Azot»da ham tinch aholi vakillari yashiringan va uning hududini ukrain harbiylari mudofaa qilgan. 21 iyunga kelib «Azot» shaharda Ukraina qurolli kuchlari nazoratida qolgan yagona nuqta edi. Ukraina qo‘shini Severodonetskni tashlab chiqqanidan ikki kun o‘tib Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi Kirill Budanov shahar Rossiya harbiylariga topshirilishi «Azovstal» ssenariysi takrorlanmasligi uchun tashlangan taktik qadam bo‘lganini aytdi. 2022 yil 18 iyun
Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA

Xarkiv oblastidagi kuzgi qarshi hujum. Konstantin Liberov

Odessalik Konstantin Liberov va uning rafiqasi Vlada tinchlik davrida to‘ylarni s’yomka qilish bilan shug‘ullanishgan. Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlangach, ushbu juftlik ozod etilgan shaharlarda va front chizig‘ida ro‘y berayotgan hodisalarni tasvirga olishga kirishdi va bir necha bor zarbalar ostida qolishdi. Xususan, o‘zlarining so‘zlariga ko‘ra, ular mart oyi oxirida Rossiya qo‘shini chekingach, Bucha va Irpinga birinchilardan bo‘lib kirishgan. Ularning suratlarini bir necha bor prezident Volodimir Zelenskiy o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi postlarida ishlatgan.

«Slujba podderjki» bilan suhbatda Vlada o‘zi va erida hech qachon «dokumentalist bo‘lish ambitsiyalari» bo‘lmaganini tan olgan, ammo ular urushda ko‘rgan-kechirganlaridan keyin to‘ylar fotografiyasiga qaytishni rejalashtirmayapti. 

Xarkiv oblasti Izyum shahriga olib boruvchi yo‘lning yuqoridan ko‘rinishi. Uning ikki tomonidagi dala maydonlari otishmalardan keyin hosil bo‘lgan o‘ralar bilan to‘lgan. Izyum 1 aprel kuni Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallab olingand, 11 sentabr kuni esa Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumi davomida Kiyev nazoratiga qaytdi. 2022 yil 13 may
Kostiantyn Liberov / AP / Scanpix / LETA
Xarkiv oblastining sharqiy qismi Ukraina armiyasi tomonidan ozod etilganidan so‘ng, yo‘l bo‘ylab o‘z yarador quroldoshini olib ketayotgan ukrain harbiysi. Suratda Ukraina qurolli kuchlari harbiy texnikalari va sovetlar davriga mansub stelani ham ko‘rish mumkin. 2022 yil 12 sentabr
Kostiantyn Liberov / AP / Scanpix / LETA
Ukraina qurolli kuchlarining minomyotchilar guruhi (faqat minomyotlar bilan ishlaydigan bo‘linma) Xarkiv oblastining Kupyansk shahri ko‘chasida turib o‘t ochmoqda. Shahar yentyabr oyida ozod etilgan, ammo shundan keyin ham shahar atrofida janglar davom etgan. 2022 yil 23 sentabr
Kostiantyn Liberov / AP / Scanpix / LETA
Ukrainalik harbiylar Izyum ozod etilganidan keyin bu yerda rossiyaliklar tomonidan harbiy hospitalga aylantirilgan cherkov binosini ko‘zdan kechirmoqda. 2022 yil 13 sentabr
Kostiantyn Liberov / AP / Scanpix / LETA
Izyumdagi birodarlik qabristonida eksgumatsiya jarayoni. Ozod etilgan shaharda ommaviy qabrlar topildi — region prokuror Oleksandr Filchakovning so‘zlariga ko‘ra, tinch aholi vakillarining qariyb 450 qabri va ukrain harbiylari ko‘milgan bitta umumiy qabr aniqlangan. Ayrim jasadlarda qiynoq izlari saqlanib qolgan. 2022 yil 19 sentabr
Libkos

Kiyev yoppasiga o‘qqa tutilishi. Gleb Garanich

Reuters agentligi fotografi Gleb Garanich faoliyatini 1991 yilda boshlagan — u dastlab Moskvadagi avgust isyoni voqealarini kadrlarga muhrlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu uning ilk bor chindan xavfli sharoitga tushib qolishi edi. Shundan keyin u Iroq (2003–2011) va Gruziyadagi (2008) urush voqealarini tasvirga oladi, shuningdek 2006 yilda Minskda bo‘lib o‘tgan namoyishlarni yoritadi, Chernobildan fotoreportaj tayyorlaydi hamda 2013 yil noyabrida maydandagi talabalar namoyishi tarqatilishini kadrlarga muhrlaydi, bu aksiya keyinchalik inqilob boshlanishiga turtki bo‘lgandi.

Keng ko‘lamli urush boshlangach fotograf asosan Kiyevda bo‘layotgan voqealarni hujjatlashtirish bilan shug‘ullanmoqda —masalan, bahor boshida rossiyaliklarning poytaxtga hujumlari hamda 10 oktyabr kuni, Qrimdagi portlashga javoban Rossiya tomonidan boshlangan yoppasiga raketa zarbalari oqibatlarini. Ukraina IIVga ko‘ra, o‘sha kuni shaharda portlashlar oqibatida 14 kishi halok bo‘lib, yana 97 kishi jabrlangandi. 

Kiyevlik yigit shahar markazidagi ko‘chalardan birida yonayotgan mashina oldidan chopib o‘tmoqda. Ukraina poytaxtida rossiyaliklar zarbalaridan shikastlangan obektlar qatorida 101 Tower biznes-markazi binosi ham bor edi, bu yerda Germaniya elchixonasi viza bo‘limi joylashgan. Shuningdek, Markaziy temiryo‘l parki hududi va Taras Shevchenko nomidagi parkka zarbalar kelgan. Parkda snaryad bolalar maydonchasi yaqiniga qulagan. 2022 yil 10 oktyabr
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA
Vokzal ishchisi yo‘lovchilar uchun choy tayyorlamoqda. On ispolzuyet drovyanuyu pech, ustanovlennuyu dlya obogreva. 25 noyabrya 2022 goda
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA
Kiyevlik kolonkadan suv olmoqda. Shahar meri Vitaliy Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, 31 oktyabr kungi yopirilma zarbalardan keyin Ukraina poytaxti aholisining 80 foizi suv ta’minotisiz qolgandi. 2022 yil 31 oktyabr
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA
Ukrainalik qutqaruvchi rossiyaliklar dronlar orqali Kiyevga 14 dekabr kuni amalga oshirgan hujumi oqibatlarini bartaraf etish ustida ishlamoqda. Mer Vitaliy Klichko va shahar ma’muriyati xabar qilishicha, Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari o‘shanda shahar ustida va oblast hududida eronliklar Rossiyaga yetkazib bergan kamikadze dronlardan 13 tasini urib tushirgandi. Dron parchalari ma’muriy bino va Shevchenkovo rayonidagi 4 ta turar joy binosini shikastlagan. 2022 yil 14 dekabr
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA
Kiyevning elektr energiyasini rejali o‘chirish vaqtidagi ko‘rinishi, Ukraina hukumati mamlakat infratuzilmalariga oktyabr oyida boshlangan yoppasiga raketa zarbalaridan keyin shunday chora ko‘rishga majbur bo‘lmoqda. 2022 yil 24 oktyabr
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA

Ozod etilgan Xerson. Valentin Ogirenko

Kiyevlik fotograf Valentin Ogirenkoning birinchi ish kunidagi topshirig‘i 2008 yilda ukrain ayollari harakati bo‘lmish Femen harakati aksiyasini tasvirga olish bo‘lgandi — uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda u o‘zining har qadamini o‘ylash va tezda to‘g‘ri qaror qabul qilishni o‘rgangandi. 2014 yildan Ogirenko Reuters agentligi uchun suratlar oladi. Uning ishlari orasida —Kiyevda 2014 yilda bo‘lib o‘tgan namoyishlar tasvirlari hamda jurnalist Arkadiy Babchenkoning 2018 yil mayidagi sahnalashtirilgan qotilligidan keyingi matbuot anjumani kadrlari bor.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangach, Ogirenko Kiyevdagi tug‘uruqxona yerto‘lasida yashiringan ayollar va ularning yangi tug‘ilgan chaqaloqlarini, shuningdek, Mikolayivda otishma oqibatlarini tasvirga oldi. Shuningdek Ogirenko noyabr oyida ozod etilgan Xerson shahriga yetib borgan ilk fotograflardan biri bo‘ladi.

Kiselevka qishlog‘ida yashovchi Natalya Porxun ukrain harbiylarini gullar bilan qarshi olmoqda. Xersondan 15 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan Kiselevka 14 sentabr kuni Ukraina qurolli kuchlari nazoratiga o‘tgandi. 2022 yil 12 noyabr
Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA
Xersonda yashovchi ayol shahar ozod etilgach ukrain harbiy xizmatchisini quchmoqda. 2022 yil 16 noyabr
Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA
Rossiyaliklar tomonidan o‘g‘irlangan ventilyatorlar RF qo‘shini Xersondan chekingach, safarbar qilinganlar uchun tayyorlangan poligonda tashlab ketilgan. 2022 yil 18 noyabr
Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA
Ukrainalik politsiyachi ozod etilgan Xerson ko‘chalaridan birida Rossiya ta’siridagi hukumat tomonidan o‘rnatilgan bilbordlarni olib tashlamoqda. 2022 yil 16 noyabr
Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA
Xerson atrofidagi shosseda yonib ketgan mashina. 2022 yil 12 noyabr
Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top