08:19 / 02.01.2023
5916
Buyuk Britaniya noqonuniy muhojirlarning rekord sonini qayd etdi

2022 yilda Buyuk Britaniyaga La-Mansh orqali 46 mingga yaqin noqonuniy muhojirlar kirib kelgan. Bu bir yil avvalgiga nisbatan 17 mingtaga ko‘pdir.

Foto: AP

Britaniya La-Mansh bo‘g‘ozi orqali mamlakatga qayiqda kelgan noqonuniy muhojirlar soni rekordini qayd etdi. Britaniyaning PA agentligining 1 yanvar, yakshanba kuni Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga tayanib ma’lum qilishicha, 2022 yilda ularning soni 45,7 ming kishini tashkil etgan, bu bir yil avvalgiga nisbatan 17 ming kishiga ko‘pdir.

Mutlaq rekord 22 avgust kuni bo‘g‘ozdan 1295 kishi o‘tganida o‘rnatildi. Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi to‘rt yil ichida, hukmron Konservativ partiyaning noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashish va’dalariga qaramay, La-Mansh bo‘g‘ozidan o‘tib, Buyuk Britaniyaga yetib kelgan noqonuniy muhojirlar soni muntazam ortib bormoqda.

2018 yilda 299 ta shunday holat qayd etilgan. 2019 yilda La-Mansh orqali mamlakatga 1,8 ming, 2020 yilda 8,4 ming, 2021 yilda esa 28,5 ming kishi kelgan.

O‘tgan yil davomida mamlakat hukumati vaziyatni nazorat ostiga olish uchun bir qancha urinishlar qilgan, biroq hozircha bu amalga oshmadi. 2022 yil aprel oyida o‘sha paytdagi ichki ishlar vaziri Priti Patel Ruanda bilan noqonuniy muhojirlarni chiqarib yuborish bo‘yicha kelishuv tuzdi. Biroq, noqonuniy muhojirlarni chiqarib yuborish inson huquqlarini poymol qilishi sifatida bloklagan Yevropa Inson huquqlari sudining qarorlari tufayli bitta samolyot ham jo‘natilmagan.

Britaniya hukumati mamlakatga noqonuniy kirishni niyat qilgan odamlar uchun ogohlantirish bo‘lishi kerak bo‘lgan qonunlarni ishlab chiqmoqda. Xususan, u Angliyaga La-Mansh kanali orqali kirgan migrantlar boshpana so‘rashga haqli emasligini ko‘zda tutadi.

Bundan tashqari, hukumat noqonuniy muhojirlarni saqlash xarajatlarini kamaytirishni rejalashtirmoqda. Ular mehmonxonalardan tashlandiq harbiy bazalar va foydalanishdan chiqarilgan kruiz kemalariga ko‘chirilishi taxmin qilinmoqda.

Top