17:05 / 03.01.2023
44858

"Qizalog‘im o‘limidan oldin juda qiynaldi" – "Dok 1 Maks"dan zaharlanib nobud bo‘lgan qizaloqning onasi bilan suhbat

Yil oxirida 19 nafar norasida bolalarning o‘limi 2022 yilning eng katta fojiasi desak adashmaymiz. «Dok-1 Maks» siropini ichib olamdan o‘tgan bolalar ro‘yxatida Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida yashaydigan oilaning farzandi ham bor. Kun.uz qizaloqning onasi bilan suhbatlashdi.

2022 yilning 2 noyabrida 2 yoshli E’zozada shamollash alomatlari sezilgan va onasi uni Kitob tumanidagi ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasiga olib boradi.

Shifokor “Dok-1 Maks” siropi yozib berdi

“Navbatchi shifokor qizimning tomog‘i shamollaganini aytib, unga “Dok-1 Maks” siropi va isitma tushiradigan dori yozib berdi. Men shifokor ko‘rsatmalariga qattiq amal qilaman. Chunki o‘zim oliy ma’lumotli pedagog, oliy toifali o‘qituvchiman.

Lekin ko‘p o‘tmay qizimda ishtahasizlik, holsizlik kuzatila boshladi. Yana tuman bolalar va viloyat bolalar shifoxonasiga murojaat qilganimda ular Samarqandga borishimiz kerakligini, u yerda gemodializ apparati borligini aytishdi. Achinarlisi, Kitob va Samarqand orasi 1 soatlik yo‘l. Biz esa 2 soat yo‘l bosib Qarshiga bordik. U yerda esa umumiy tahlillardan keyin Qarshidagi shifokorlar Samarqandga borishimizni aytishdi. Yana qaytib Samarqandga ketdik.

Samarqand shahar ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasidagi shifokorlar hayron bo‘lishdi: “Biz 2 yildan beri “Dok-1 Maks” siropini yozmaymiz, demak tumanlarda hali yozishayotgan ekan-da” dedi.

Samarqandga vaqtni o‘tkazib olib bordik, lekin ular qo‘llaridan kelgancha harakat qilishdi. Ammo 28 noyabr kuni tonggi soat 6da farzandim vafot etdi”.

U yashashga haqli edi...

Qizim oxirgi nafasigacha “aya” dedi. Shifokorlar yugurib qolishdi, saqlab qolishga, yordam berishga harakat qilishdi. Lekin ungacha hamma a’zolari zaharlanib bo‘lgan ekan. Tasavvur qiling, 99 foiz zaharlanib borgan ekan. Biz o‘sha qolgan 1 foiz uchun kurashdik.

Ayrimlar onalarni ayblashyapti. Biz o‘z qo‘limiz bilan kimningdir zaharini bolamizga ichirishga majbur bo‘ldik, shifo istab. Bolam shunchalar qiynaldi...O‘zini apparatlarga uradi, ulardan chiqib ketolmaydi, talpinadi. Oldiniga buyragi ishdan chiqqan bo‘lsa, bora-bora o‘pkasi ishdan chiqdi, nafas olishi qiyinlashdi. Keyin yuragi to‘xtay boshladi, lekin shundayam yashashni istaydi. U yashashga haqli edi...

22 noyabrdan 28 noyabrgacha organizmidagi zaharni chiqarishga kurashdi.

Samarqandlik jonkuyar shifokorlar jazolanishi – adolatsizlik

O‘lgan bolalar ro‘yxatida bormiz. Lekin biz bilan shu kunga qadar hech kim bog‘lanmadi: na tuman, na viloyat, na prokuratura.

To‘g‘ri besh qo‘l barobar emas – hammani ayblasam xato bo‘ladi. Qayerdadir jonkuyar shifokorlar bor. Masalan, Samarqand tibbiyot birlashmasida ko‘rdim: ular uxlamaydi. Tuni bilan uxlamay bemor bolaning boshida turishadi. Hamshiralarni, oddiy kichik xodimlarning jon kuydirganini ko‘rdim o‘sha yerda. Lekin loqaydlarcha bugun kutaylik, erta kutaylik, deb o‘tirgan shifokorlarniyam ko‘rdim.

Bolalarning o‘limiga sabab bo‘layotgan mas’ullar jazolanishini xohlayman. Qaysidir past bo‘g‘indagi ishlayotgan, harakat qilayotgan, bemorning sog‘ayishiga hissa qo‘shayotgan vrachlar emas, shu dorilarning kirib kelishiga sababchi bo‘layotgan mas’ullarning ishdan ketishini xohlayman. Ular jinoiy javobgarlikka tortilishini xohlayman.

Nega oddiy xalqning bolasi aziyat chekishi kerak?

Bu dunyoda pul, obro‘ bilan saqlanib qolishar. Ammo ertaga u dunyoda 18 murg‘ak go‘dakning ota-onasiga qanday javob berishadi? Bizning orqamizdan qancha yaqinlarimiz, 70-80 ga kirgan ota-onalarimiz ham bizga qo‘shilib ezildi. Bir farzandni katta qilish oson emas. Hammasi go‘dak – biri chaqaloq, biri 4 yoshli bola deyishyapti. U tug‘ildimi, demak shu jamiyatning a’zosi. Nega oddiy xalqning bolasi aziyat chekishi kerak?

Undan juda yaxshi inson chiqishiga ishonardim. Uni 40 yoshimda ko‘rgandim. Ikki farzandimdan keyin 12 yil o‘tib tug‘ilgan, 12 yil kutilgan farzandim, quvonchimiz edi.  Ana shu quvonchimni kimningdir aybi, loqaydligi, befarqligi evaziga yo‘qotdim. Tanam bor – ruhim bolam bilan o‘ldi. Tirik bolamni ko‘tarib borib, o‘lik jasadini olib kelish juda yomon narsa”.

Gulmira Toshniyozova,
Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi - Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid
Top