07:37 / 04.01.2023
2649
O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha asosiy muzokaralarni yil oxirigacha yakunlaydi

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev raisligida Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Dunyo

Uchrashuv davomida respublikaning JSTga a’zo bo‘lishining hozirgi holati va O‘zbekistonning Tashkilotga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhning 6-yig‘ilishini tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ham muhokama qilindi. Hozirga qadar JSTga a’zo davlatlar rejalashtirilgan muzokaralarni tashkil etish uchun barcha zarur hujjatlarni olgan. JSTga a’zo davlatlar va Tashkilot Kotibiyati bilan avval erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan ikki tomonlama muzokaralar va maslahatlashuvlar o‘tkazilmoqda.

Tahlil natijalariga ko‘ra, Idoralararo komissiya a’zolariga Ishchi guruhning 6-yig‘ilishiga har tomonlama tayyorgarlik ko‘rish, barcha topshiriqlarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash va tayyorlanayotgan hujjatlar sifatini oshirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi. Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga barcha zarur hujjatlarni tayyorlash va JSTga a’zo davlatlar bilan aniq muddatlarda ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash bo‘yicha individual rejalar ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruh yig‘ilishlarini va Tashkilotga a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralarni o‘z vaqtida tashkil etish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida muntazam ravishda yig‘ilish va muhokamalarni o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berildi.

Top