14:10 / 05.01.2023
6478
BMT Merkel va Ollandning Minsk kelishuvlari haqidagi so‘zlarini izohlashdan bosh tortdi

Germaniya sobiq kansleri Merkel va Fransiya sobiq prezidenti Olland Minsk kelishuvlarini Ukraina bilan urushning «keyinga surilishi» deb atadi. Merkelning so‘zlariga ko‘ra, Minsk Ukrainaga vaqt yutishga imkon berish uchun mo‘ljallangandi.

Angela Merkel va Fransua Olland / Foto: Getty Images

BMT Germaniya sobiq kansleri Angela Merkel va Fransiya sobiq prezidenti Fransua Ollandning Minsk kelishuvlari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy mojaroning «keyinga surilishi» bo‘lgani haqidagi gaplariga izoh berishdan bosh tortdi. BMT vakili Stefan Dyujarrik 4 yanvar, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda jahon tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish Merkel va Olland fikriga qanchalik qo‘shiladi, degan savolga javob berishdan bosh tortdi.

«Bu juda qonuniy savol, lekin men tarixiy tahlilni jurnalistlar, sobiq amaldorlar va tarixchilar ixtiyoriga qoldiraman. Biz bor e’tiborni hozirgi vaziyatga qaratganmiz», - dedi Dyujarrik.
 
Dekabr oyi boshida Angela Merkel Die Zeit nashriga «2014 yilgi Minsk kelishuvlari o‘sha paytda NATOga qo‘shila olmagan Ukrainaga vaqt berishga urinish bo‘lganini» aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda Putin Ukrainani osongina egallab olishi mumkin edi va Shimoliy Atlantika alyansi davlatlari Kiyevga hozirgidek yordam bermagan bo‘lardi. Merkelning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina bu vaqtdan kuchayish uchun foydalangan.

Fransua Olland dekabr oyi oxirida Merkelning gaplariga qo‘shilgandi. «Minsk kelishuvlari Rossiya hujumini bir muddat to‘xtatdi», deb ma’lum qildi u. O‘shandan beri Ukraina «harbiy pozitsiyasini mustahkamladi», uning qo‘shinlari esa 2014 yilga qaraganda yaxshiroq tayyorgarlikdan o‘tgan va jihozlangan. «Minsk kelishuvlarining afzalligi shundaki, Ukraina armiyasi shunday imkoniyatga ega bo‘ldi», - dedi Olland. 

Rossiya rasmiylari Merkel va Ollandning pozitsiyasini tanqid qilib, endi Rossiyada yevropalik siyosatchilarning so‘zlari va imzolariga ishonmaslik uchun asos borligini ta’kidladi. Birinchi Minsk kelishuvlari 2014 yilda, ikkinchisi esa 2015 yilda Ukraina, Rossiya va YeXHT vakillaridan iborat Donbassdagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha uch tomonlama aloqa guruhi tomonidan tuzilgan. «Minsk-2»ni ishlab chiqishda Fransiya va Germaniya ishtirok etdi. 

Bitimlar vaziyatni hal qilish bo‘yicha asosiy chora-tadbirlarni, tomonlarning o‘t ochishni to‘xtatish, bufer zonaga og‘ir qurollarni joylashtirishdan bosh tortish va asirlarni «hamma uchun» tamoyili bo‘yicha almashish majburiyatlarini mustahkamlab qo‘ydi. Keyinchalik bu shartlarning aksariyati bajarilmadi, tomonlar bir-birlarini uni buzishda ayblab chiqdi.

Mavzuga oid
Top