08:19 / 06.01.2023
11011

Zelenskiy: Putin Rojdestvodan niqob sifatida foydalanmoqchi

Rossiya Donbassdagi ukrainalik harbiylar yurishini birmuncha vaqt to‘xtatish uchun Rojdestvodan niqob sifatida foydalanishni va Ukraina pozitsiyalariga texnika, o‘q-dorilar va safarbarlarni yaqinlashtirishni xohlayapti. Bu haqda ushbu mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy ma’lum qildi.

Foto: president.gov.ua

«Hozir ular Donbassdagi yigitlarimizning yurishini birmuncha vaqt to‘xtatish uchun Rojdestvodan niqob sifatida foydalanishni va bizning pozitsiyalarimizga texnika, o‘q-dorilar va safarbarlarni yaqinlashtirishni xohlashyapti. Bu nima beradi? Faqatgina yo‘qotishlarning yanada ko‘payishini. Dunyoda hamma Kreml urushdagi to‘xtashlardan uni yangi kuch bilan davom ettirish uchun foydalanishini yaxshi biladi», deya Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinning mudofaa vaziri Sergey Shoyguga Rojdestvoni nishonlash vaqtida «o‘t ochishni to‘xtatish» tartibini joriy etish haqidagi buyrug‘iga munosabat bildirdi.

An’anaviy kechki videomurojaatda Zelenskiy 15 noyabr kuni taqdim etilgan Ukraina «tinchlik formulasi»ni esladi. «Uning bandlaridan biri Rossiya bosqinchi qo‘shinlarini mamlakatimiz hududidan olib chiqib ketishni nazarda tutadi. Bu o‘t ochishni to‘xtatishning kafolatlangan va ishonchli yo‘lidir», — dedi Ukraina prezidenti.

«Raketalaringiz va dronlaringiz shaharlarimizga tegmasa ham, bosib olingan hududlarda terror davom etmoqda. Siz ukrainaliklarga hech qanday muhlat bermayapsiz. Odamlarni qiynoqqa solishyapti, elektr toki bilan qiynashyapti, zo‘rlashyapti. Askarlaringiz bizning yerimizda ekan, bu har kuni davom etadi. Askarlaringiz yo ketishganda yoki biz ularni haydab chiqarganda urush tugaydi», — dedi Zelenskiy ruslarga murojaat qilib.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top