11:02 / 11.01.2023
2169

Fransiya pensiya yoshini 64 yoshgacha oshirishni rejalashtiryapti

Fransiya hukumati 2030 yilgacha pensiya yoshini ikki yilga oshirib, 64 yoshga yetkazish rejasini e’lon qildi. Kasaba uyushmalari ommaviy norozilik namoyishlariga chaqirishdi.

Elizabet Born / Foto: Bertrand Guay/POOL/EPA-EFE/Shutterstock

Fransiya hukumati mamlakatda pensiya yoshini ikki yilga — 64 yoshgacha oshirish niyatida. 10 yanvar, seshanba kuni Parijda shunga o‘xshash rejalarni e’lon qilar ekan, Fransiya bosh vaziri Elizabet Born islohotdan maqsad 2030 yilda muvozanatli pensiya tizimini ta’minlash ekanligini ta’kidladi.

Mavjud defitsitlarning kengayishiga yo‘l qo‘yish «mas’uliyatsizlik» bo‘lardi, deya qo‘shimcha qildi u. Hukumat prognozlariga ko‘ra, Fransiya pensiya jamg‘armasidagi mablag‘lar taqchilligi o‘sha vaqtga kelib 20 milliard yevroni tashkil qilishi mumkin. Prezident Emmanuel Makron pensiya tizimini isloh qilish orqali saylovoldi kampaniyasidagi asosiy va’dalaridan birini amalga oshirmoqda.

Pensiya yoshini oshirish bilan bir qatorda, xodimlarning pensiya jamg‘armasiga mablag‘ to‘lashining eng kam muddati 43 yilgacha oshirilishi kerak. Bu hozirgacha rejalashtirilganidan tezroq. Shu bilan birga, eng kam pensiya miqdori oyiga 1200 yevrogacha oshadi.

Hukumatning pensiya yoshini oshirish rejasi kasaba uyushmalarining keskin tanqidiga uchradi. Bunday harakat «barcha ishlaydigan» fransuzlarga kuchli zarba beradi, deya ogohlantirdi ular. Kasaba uyushmalarining hisob-kitoblariga ko‘ra, rejalashtirilgan o‘zgarishlar, ayniqsa, mehnat faoliyatini erta boshlagan va umr ko‘rish davomiyligi o‘rtachadan past bo‘lganlar uchun og‘riqli bo‘ladi. «Bunday qattiq islohotni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi», - deydi kasaba uyushmalari.

«Agar bu Emmanuel Makron uchun eng muhim islohot bo‘lsa, biz uchun bu ishchilar huquqlari uchun eng muhim kurash bo‘ladi», dedi Frederik Suyo, Force ouvrière kasaba uyushmasi vakili. Kasaba uyushmalari tomonidan uyushtirilgan ommaviy norozilik namoyishlarining birinchisi kelasi haftada, 16 yanvardan boshlab Fransiyada bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Ayni paytda Fransiyada ishlashda davom etayotgan keksalar soni nisbatan kam.

O‘ng qanot populistik «Milliy ittifoq» partiyasi tarafdorlari ham pensiya islohotini «ortiqcha» deb atadi va hozir pensiya jamg‘armasi mustahkam zaxiraga ega ekanligini ta’kidladi. So‘l siyosatchilar ham islohotni rad etib, uni «g‘ayriijtimoiy» deb atayapti.

Agar pensiya islohoti parlamentda ko‘pchilik ovozni qo‘lga kirita olmasa, bosh vazir konstitutsiyaning 49.3-bandidan foydalanishi mumkin, bu agar hukumatga keyinchalik ishonchsizlik votumi chiqarilmasa, qonunni ovoz berishsiz qabul qilish imkonini yaratadi.

Top