13:13 / 11.01.2023
3497

NATO va Yevropa Ittifoqi Ukrainaga harbiy yordamni kuchaytirmoqchi

Ukrainadagi urush fonida NATO va YeI hamkorligini chuqurlashtirmoqda va Kiyevga harbiy yordamni oshirishga tayyorlanmoqda. Fon der Lyayyen urushda Rossiyaga ko‘rsatgan yordami uchun Belarusga qarshi yangi sanksiyalarni va’da qildi.

Foto: AP

10 yanvar, seshanba kuni NATO va Yevropa Ittifoqi hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Bunday kelishuv Yevropa qit’asidagi urush fonida birinchi marta tuzilmoqda. «Putin bir necha kun ichida Ukrainani qo‘lga kiritib, bizni bo‘lmoqchi bo‘ldi. Ikkala masala bo‘yicha ham u aniq muvaffaqiyatsizlikka uchradi», - dedi NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg deklaratsiyani imzolaganidan keyin Bryusselda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi ikki kutilmagan oqibatlarga olib keladi: u YeI va NATOni mustahkamladi va bir-biriga yaqinlashtirdi, dedi o‘z navbatida YeI kengashi rahbari Sharl Mishel. «Putin NATOni kuchsizlantirishni xohladi, ammo buning aksiga erishdi: endi NATO va Yevropa Ittifoqi yanada kattaroq bo‘ladi», dedi Mishel Shvetsiya va Finlandiyaning ittifoqqa yaqinda kirishi, shuningdek, Ukraina, Moldova va Bolqon mamlakatlariga Yevropa Ittifoqiga nomzod a’zolar maqomi berilishini nazarda tutib.

Yevropa Ittifoqi va NATO o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi uchinchi deklaratsiyaning maqsadi (oldingi ikkitasi 2016 va 2018 yillarda imzolangan) ularning o‘zaro hamkorligini kengaytirish va mustahkamlash hamda sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarishdan iborat, deya tushuntirdi mazkur tashkilotlar rahbarlari. Hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlari – muhim infratuzilmani himoya qilish, tashqi aralashuv va axborot manipulyatsiyasiga chidamlilikni oshirish, kibertahdidlar va terrorizmga qarshi kurashish, kosmik tadqiqotlar va yangi texnologiyalar, iqlim inqirozining global xavfsizlikka ta’sirini yumshatish.

Shu bilan birga, yetakchilar yana Rossiya agressiyasini Yevropa xavfsizligiga asosiy va eng to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid deb atadi. «Moskvadagi rejim boshqa Yevropani xohlaydi. U qo‘shnilarini nazorat qilishni istaydi, erkinlik va demokratiyani tahdid sifatida ko‘radi. Bu bizning xavfsizligimiz uchun uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatadi, shuning uchun biz NATOni, NATO-Yevropa Ittifoqi hamkorligini mustahkamlashda davom etishimiz kerak va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimizni kuchaytiramiz», dedi Yyens Stoltenberg.

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga kerakli darajada yordam berishda davom etadi, Rossiyaga qattiq sanksiyalar bilan bosim o‘tkazadi, Ukrainaga qarshi urushda Rossiyani harbiy qo‘llab-quvvatlagani uchun Belarus va Eronga nisbatan jazo choralarini kengaytiradi, deb va’da berdi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen. U, shuningdek, Belarusning ushbu urushdagi roliga javoban Minskka qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qildi, ammo tafsilotlarni keltirmadi.

Birgalikda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Yevropa Ittifoqi va NATO rahbarlaridan Ukrainaga Leopard 2 yoki Challenger 2 kabi G‘arbda ishlab chiqarilgan jangovar tanklarni yetkazib berishni ko‘rib chiqayotgan Yevropa Ittifoqi davlatlarini qo‘llab-quvvatlayaptimi va bu vaziyat keskinlashuv xavfini oshiradimi, degan savol berildi. Javob berganlarning hech biri bunday ta’minotga qarshi chiqmadi. «Menimcha, Ukraina o‘z vatanini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan va foydalanishi mumkin bo‘lgan barcha zarur harbiy texnikani olishi kerak, - dedi fon der Lyayyen. - Bu, albatta, ilg‘or havo hujumidan mudofaa tizimlari, shuningdek, boshqa turdagi zamonaviy harbiy texnologiya bo‘lishi mumkin».

«AQSh, Germaniya, Fransiyaning Ukrainaga yangi turdagi zirhli texnikalar, piyoda jangovar mashinalari va boshqa turdagi zirhli texnikalar yetkazib berish haqidagi bayonotlarini olqishlayman», — dedi Stoltenberg.

Sharl Mishel ularning fikriga qo‘shildi: «Rossiya bosqinining boshidan buyon YeI davlatlari Ukrainaga tobora ko‘proq harbiy texnika yetkazib bera olganidan juda xursandman. Yevropa Ittifoqi kengashi Ukrainaga harbiy yordamni oshirishni bir necha bor takrorlagan». Mishelning eslatishicha, 24 fevraldan beri Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar Kiyevga 50 milliard yevroga yaqin yordam ko‘rsatgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top