23:48 / 14.01.2023
11984
Qozog‘iston Germaniyaga neft yetkazib berish uchun ruxsat oldi 

2023 yilning dastlabki 3 oyida quvurlar orqali 300 ming tonna neft yetkaziladi. 

Foto: REUTERS/Shamil Zhumatov

Qozog‘istonning magistral neft quvurlari bo‘yicha milliy operatori 2023 yilning birinchi choragida Rossiyaning «Transneft» kompaniyasi quvurlari orqali Germaniyaga 300 ming tonna «qora oltin»ni yetkazib berishini ma’lum qildi. Bu haqda Centralasian xabar berdi. 

«KazTransOil» kompaniyasining ma’lum qilishicha, tegishli ruxsatnoma Rossiya Energetika vazirligi tomonidan berilgan. 

«KazTransOil» OAJ Rossiya Federatsiyasi Energetika vazirligidan 2023 yilning birinchi choragida 300 ming tonna Qozog‘iston neftini «Transneft» magistral quvurlari orqali «Adamova Zastava» punkti yo‘nalishi bo‘yicha Germaniyaga yetkazish uchun ruxsat oldi», deyiladi kompaniya xabarida. 

«KazMunayGaz» neft-gaz kompaniyasining xabar berishicha, Qozog‘iston o‘z neftining birinchi partiyasini 2023 yilning yanvarida Atirau-Samara neft quvuri orqali, keyin esa «Drujba» quvuri orqali Germaniyaga yetkazmoqchi.  

Qozog‘iston 2023 yilda Germaniyaga 1,5 million tonna neft eksport qilishni rejalashtirmoqda va bu hajmni olti million tonnagacha oshirishi mumkin. 

Avvalroq, Germaniya Rossiya neftidan butunlay voz kechganini e’lon qilgan edi. «Kommersant’» ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Germaniyaga yiliga 19-20 million tonna neft yetkazib bergan. 

Qozog‘iston 2023 yilda 90,5 million tonna neft qazib olishni rejalashtirmoqda, shundan 71 million tonnasi eksport qilinadi.  

Top