08:32 / 17.01.2023
4533

Berbok Rossiya rahbariyati uchun maxsus tribunal tuzishga chaqirdi

Annalena Berbok Haagada Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi davrida sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish uchun maxsus tribunal tashkil etishni taklif qildi. U XJSga qo‘shimcha bo‘lishi kerak.

Foto: EPA

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok «Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasi jarayonida sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish uchun maxsus tribunal» tashkil etishni taklif qildi. Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan birgalikda «Rossiya rahbariyatiga nisbatan tergovni boshlaydigan va uni javobgarlikka tortadigan» maxsus tribunal yaratish imkoniyati muhokama qilindi, dedi Berbok 16 yanvar, dushanba kuni Haagadagi Xalqaro huquq akademiyasida so‘zlagan nutqida. 

«Bu Ukraina jinoyat kodeksiga asoslangan sudga aylanishi mumkin», dedi Berbok va «xalqaro elementlar» bilan to‘ldirilishi hamda Ukrainadan tashqarida joylashishi, «hamkorlarning moliyaviy ko‘magi» bilan yaratilishi, «xolisligi va qonuniyligini ta’minlash uchun turli mamlakatlar prokurorlar va sudyalari» tomonidan tashkil etilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Keyinchalik Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Twitter'da qo‘shimcha qilganidek, Haagadagi yangi maxsus tribunal «huquqiy normalardagi bo‘shliq tufayli harakat qila olmaydigan hollarda Xalqaro jinoiy sudga qo‘shimcha bo‘lishi kerak». Germaniya «Ukrainaga bunday maxsus tribunalni yaratishda xalqaro yordam ko‘rsatishga intilmoqda», deb Berbok so‘zlarini keltirgan Germaniya TIV.

Germaniya vazirining so‘zlariga ko‘ra, gap «jabrlanganlar uchun, Bucha, Xarkiv va Mariupoldagi zo‘rlash, o‘g‘irlash va qotillik qurbonlari uchun adolat o‘rnatish haqida ketmoqda, busiz tinchlik o‘rnatish mumkin emas».

Bundan tashqari, germaniyalik siyosatchi Haagadagi Xalqaro jinoiy sudni tashkil etgan Rim statutini isloh qilish tarafdori ekanini aytdi.

Berbokning so‘zlariga ko‘ra, XJSning huquqiy bazasi kelajakda «tajovuz» jinoyati bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘ladigan tarzda o‘zgartirilishi kerak. Buning uchun, agar hujum qilingan davlat XJS yurisdiksiyasiga kirsa, bu yetarli bo‘lishi lozim. Agressiya «xuddi genotsid, insoniyatga qarshi jinoyatlar va urush jinoyatlari kabi» ta’qib qilinishi kerak, dedi u. Rim statuti 1998 yilda qabul qilingan va 2010 yilda unga o‘zgartirishlar kiritilgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top