19:14 / 17.01.2023
12567

Germaniya mudofaa vaziri iste’fosi. U Ukrainaga yordam masalasida qat’iyatsizligi uchun tanqid qilinayotgandi

Germaniya mudofaa vaziri Kristina Lambrext iste’foga chiqdi. Uni so‘nggi oylarda Ukrainaga yordam masalasidagi qat’iyatsizligi uchun tanqid qilib kelishayotgandi.

Foto: Getty Images

Bu qarorni u Germaniyada ishlab chiqarilgan jangovar tanklar Ukrainaga yetkazilishiga ruxsat berish bo‘yicha Berlinga bo‘layotgan bosimlar o‘sishi va Kiyevga qurol yetkazishni muvofiqlashtiruvchi Ukraina mudofaasi masalalari bo‘yicha Kontakt guruhining juma kungi uchrashuvi arafasida qabul qildi.

Nemis matbuotida tarqalgan iste’fo to‘g‘risidagi bayonotda 57 yoshli Lambrext shunday degan: «OAVning ko‘p oylar davomida menga bo‘lgan e’tibori menga faktlarni yoritishga va askarlar, armiya va xavfsizlik siyosatini Germaniya manfaatlarini ko‘zlab muhokama qilishga imkon bermaydi».

Xatoliklar va muvaffaqiyatsizliklar

2022 yil yanvarida, Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanishidan oldinroq, nemis matbuoti Lambrextni kulgi ostiga olgandi, o‘shanda mudofaa vaziri Germaniya Ukrainaga 5000 ta kaska jo‘natgani haqida xabar bergandi - bu vaqtda esa Kiyev rossiyaliklarning ehtimoliy hujumini qaytarish uchun og‘ir qurollar so‘rayotgandi.

May oyida nashrlar uning ta’tilini ham ko‘zdan qochirmadi - o‘shanda u o‘g‘li bilan hukumat vertolyotida ta’tilga jo‘nab ketgandi. Nemis nashrlari bunday qaror to‘g‘ri bo‘lganini shubha ostiga olgan, Bild gazetasi esa Ukrainadagi inqiroz chog‘ida ta’tilga chiqish qanchalik zarurat ekani haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri savol qo‘ygandi.

Mudofaa vaziri sifatida olti oy ishlaganidan keyin ham u barcha harbiy unvonlarni eslab qolmaganini tan olgan intervyusi uchun tanqid qilindi.  

Yanvar oyi boshida Lambrext ijtimoiy tarmoqda joylashtirgan video ham bahslarga sabab bo‘ldi, videoda u yil «Ukrainaning bo‘lajak markazida davom etayotgan urush» bilan yakunlangani haqida fikr yuritadi. Videoda Berlindagi bayram mushakbozligi fonida Lambreht Ukrainadagi urush «ko‘plab o‘zgacha taassurotlar» olib kelgani va unga «ajoyib va qiziqarli insonlar bilan» uchrashish imkoniyatini berganini aytadi.

Shundan so‘ng nashrlar ochiqchasiga u tez orada iste’foga chiqishi va u mudofaa vaziri majburiyatlarini bajarishga qodir emasligini yoza boshladi.

Matbuot shuningdek Lambrext Germaniya qurolli kuchlarining qurol-yarog‘ bilan ta’minlanishini yaxshilay olmagani haqida eslatadi, so‘nggi yillarda armiya holati mamlakatning o‘zida ham, NATO bo‘yicha ittifoqchilar tomonidan ham tez-tez tanqidga uchraydi.

Lambrextni Berlinning Ukrainaga og‘ir qurollar, jumladan zamonaviy Leopard-2 tanklari yetkazib berish masalasidagi sust pozitsiyasi uchun faol tanqid qilib kelishayotgandi. Foto: Getty Images

Havas qilib bo‘lmaydigan lavozim

Lambrext o‘rniga yangi mudofaa vaziri kim bo‘lishi bo‘yicha Germaniya sotsial-demokratlar partiyasidagi qator nomdor shaxslar, jumladan qurolli kuchlar bo‘yicha parlament komissari Yeva Hyoglning nomi sanab o‘tildi.

Shols rahbarligidagi sotsial-demokratlarning koalitsiya bo‘yicha hamkori, liberal Germaniya erkin demokratik partiyasi ham bu lavozimga o‘z vakilini qo‘yishga harakat qildi.

Partiya raisi o‘rinbosari Volfgang Kubitski shunday dedi: «Bu safar favqulodda muhim vazirlikni muhim bilimlarga ega bo‘lgan shaxs boshqarsa yaxshi bo‘lardi».

OAV bunday sifatlarga ega shaxs sifatida Bundestagning mudofaa bo‘yicha komissiyasi raisi Mari-Agnes Shtrak-Tsimmermanni eslatib o‘tdi.

Nihoyat Olaf Shols Germaniyaning yangi mudofaa vaziri kim bo‘lishini ma’lum qildi — Boris Pistorius.

«Mamlakatimizning taniqli siyosatchisi Boris Pistorius yangi mudofaa vaziri bo‘lishidan mamnunman. O‘z tajribasi, malakasi va qat’iyatligi, shuningdek, ulkan yuragi bilan u Bundesver uchun ideal darajada mos keladi», — deya yozdi GFR kansleri tvitterida.

Qayd etish kerakki, Bundesverdagi umumiy holat so‘nggi yillarda mudofaa vaziri lavozimini «tavqi la’nat»ga aylantirgan - parlamentda va OAVda ko‘pchilik bu joyni «katapulta kreslo» deb ataydi.

Shu bilan birga, Rossiyaning Ukrainaga bosqini Germaniya mudofaa siyosatida burilish nuqtasiga aylandi.

Urush boshlangach, Olaf Shols nemis hukumati Bundesverga milliy YaIMning 2 foizi miqdorida investitsiya kiritishini va’da qildi - bu NATOning barcha mamlakatlari uchun umumiy talab bo‘lib, Berlin bungacha bu talabni ortiqcha deb hisoblab kelardi.

May oyida nemis parlamenti armiya modernizatsiyasi uchun 100 mlrd yevrolik fond tashkil etish bo‘yicha kelishishga muvaffaq bo‘ldi.

Yillar davomida kerakli moliyalashtirish bo‘lmagani tufayli 2022 yil sentabrida Shols mamlakat qurolli kuchlarini Yevropaning eng yaxshi jihozlangan armiyalaridan biriga aylantirishga va’da berdi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top