11:43 / 17.01.2023
7643

Zelenskiy YeXHT e’tiborini ukrainaliklarning deportatsiyasiga qaratdi

Ukraina prezidenti Shimoliy Makedoniya raisligidagi YeXHTni urush davrida ayollar va bolalarning Rossiyaga «majburiy deportatsiyasi»ni, shuningdek, ukrainalik harbiy asirlarni saqlash sharoitlarini diqqat bilan kuzatishga chaqirdi.

Foto: MFA

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotini urush davrida «Rossiya Federatsiyasi hududiga ayollar va bolalarni majburan deportatsiya qilish», shuningdek, «ukrainalik harbiy asirlarni saqlash sharoitlariga» jiddiy e’tibor qaratishga chaqirdi. Bu haqda 16 yanvar, dushanba kuni Ukraina davlati rahbarining internet-vakolatxonasida ma’lum qilindi.

Kiyevga tashrif buyurgan YeXHTning amaldagi raisi, Shimoliy Makedoniya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Buyar Osmoniy bilan uchrashuvda Zelenskiy Skopeni tashkilotga raislik boshlangani bilan tabrikladi va vazirning YeXHT amaldagi rahbari maqomida birinchi xorijiy tashrifni Ukrainaga amalga oshirgani muhimligini ta’kidladi. 

Prezident YeXHTga raislik davrida Shimoliy Makedoniya tajovuzkorga bosim o‘tkazish, birinchi navbatda, Ukrainaning bosib olingan hududlarida inson huquqlari buzilishini to‘xtatish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishiga umid bildirdi.

Ukraina rahbari Ukraina «tinchlik formulasi»ni amalga oshirish muhimligiga alohida e’tibor qaratdi va YeXHTni bu jarayonda ishtirok etishga taklif qildi. «Biz dunyo tartibi tiklanib, mintaqamizga barqarorlik qaytishini istaymiz. Men «tinchlik formulasi»ni amalga oshirishda YeXHT va Shimoliy Makedoniya ishtirok etishiga ishonaman», - dedi Volodimir Zelenskiy.

U Shimoliy Makedoniya hukumati va xalqiga Kiyevga urush boshlanganidan beri ko‘rsatilgan insonparvarlik va mudofaa yordami uchun alohida minnatdorchilik bildirdi.

Vashington avvalroq Rossiyaning «filtrlash» amaliyotlarini qoralagan edi. Keng manbalarga ko‘ra, 900 mingdan 1,6 milliongacha Ukraina fuqarolari, jumladan, minglab bolalar Rossiya tomoni va uning kuchlari tomonidan majburan deportatsiya qilingan, deb ma’lumot berdi AQSh Davlat departamenti.

Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan hududlardagi okkupatsion rasmiylar ukrainalik bolalarni Rossiyaga olib ketish uchun «tiklanish» va «evakuatsiya qilish» bahonasidan foydalanishi aytilgan.

YeXHT bosh kotibi Helga Mariya Shmid 9 yanvar kuni Germaniyaning Die Welt gazetasiga bergan intervyusida Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan so‘ng odam savdosi keskin oshganini aytdi. Jabrlanuvchilar internetdagi yolg‘on va’dalarga aldanib qoladi, mezbon mamlakatlardagi shaxsiy turar joylarda zo‘ravonlik qurboni bo‘ladi yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri chegarada odam savdogarlari tomonidan ushlanadi, dedi Shmid.

YeXHT 1,3 milliard aholiga ega 57 davlatdan iborat. 2022 yildan beri Rossiya tashkilot budjetining rasman qabul qilinishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top