08:12 / 18.01.2023
11251

London: Dniproga X-22 "Burya" raketasi bilan zarba berilgan bo‘lishi mumkin 

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Rossiya Dniprodagi turar joy binosiga yerdan foydalanishda samarali bo‘lmagan kemalarga qarshi raketa bilan zarba bergan, deb hisoblaydi.

Foto: AP

Britaniya harbiy razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Dniprodagi turar joy binosiga katta ehtimol bilan Tu-22M bombardimonchi samolyotidan uchirilgan Rossiyaning X-22 "Burya" kemalarga qarshi raketasi (NATO tasnifida - AS-4 Kitchen) urilgan.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi tomonidan Twitter'da e’lon qilingan kunlik hisobotga ko‘ra, raketa yerdagi nishonlarga qarshi qo‘llanganda noaniq, chunki uning radar boshqaruv tizimi shaharlardagi nishonlarni farqlashda zaif.

Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, shunga o‘xshash qurollar tinch aholi orasida katta qurbonlar bo‘lgan boshqa hodisalar, jumladan, 2022 yil 27 iyunda Kremenchukdagi savdo markaziga qilingan hujumda ishlatilgan. Rossiya rasmiylarining Dniprodagi uyni qisman vayron qilishda Ukraina havo hujumidan mudofaa vositalari ishtirok etgani haqidagi da’vosi noto‘g‘ri, deyiladi xabarda.

14 yanvar kuni rus qo‘shinlari Ukrainaga ikki marta raketa bilan hujum qildi. Ukraina Qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi ma’lum qilishicha, mamlakat bo‘ylab jami 38 ta raketa uchirilgan. Raketalardan biri Dniprodagi Pobeda qirg‘og‘i ko‘chasidagi turar joy binosiga kelib tushgan. Oqibatda ikkita kirish joyi vayron bo‘lgan, 17 yanvar oqshomidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 45 kishi halok bo‘lgan, ulardan olti nafari bolalar. Ukraina hukumati buni urush boshlanganidan beri eng katta zarba deb atamoqda.

BMTning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qurolli tajovuzi paytida Ukrainada 7000 dan ortiq tinch aholi halok bo‘lgan. Halok bo‘lgan yoki yaralangan tinch aholining aksariyati keng ta’sir doirasiga ega bo‘lgan portlovchi qurollardan, jumladan og‘ir artilleriya va ko‘plab raketa tizimlaridan o‘qqa tutilgan, shuningdek, raketa va aviatsiya zarbalariga uchragan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top