08:06 / 18.01.2023
63147
Yana Saneg, yana parda ortidagi ishlar. Navbat – 1,8 mlrd dollarlik loyihaga

Shubhali ravishda O‘zbekistondagi asosiy neft konlarining egasiga aylanib qolgan Saneg endi mamlakatning gaz-kimyo flagmani bo‘lishi kutilayotgan loyihani ham qo‘lga kiritmoqchi. Kun.uz'dagi hujjatlarga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” bu ro‘y bergan taqdirda O‘zbekistonning suveren reytingiga jiddiy putur yetishidan ogohlantirgan.

O‘zbekistonda 2017 yildan keyin ham yopiqligicha qolayotgan sohalardan biri – energetika. Kun.uz e’tibor qaratmoqchi bo‘lgan “Sho‘rtan” gaz-kimyo majmuasini kengaytirish loyihasi atrofida bo‘layotgan ishlar ham ayni shu “siyosat”ning davomidir. Gap – 1,8 mlrd dollarlik loyiha haqida.

Kun.uz'dagi hujjatlarda bu loyihani Saneg (“Sanoat energetika guruhi”) qo‘lga kiritsa, katta xavflar yuzaga kelishi mumkinligi, hatto “O‘zbekneftgaz” defoltga borishi va O‘zbekistonning suveren reytingiga jiddiy putur yetishi aytilgan. Bir boshidan boshlaymiz.

1,8 mlrd dollar: “Sho‘rtan” GKMni kengaytirish loyihasi haqida

“Sho‘rtan” gaz-kimyo majmuasi polietilen, suyultirilgan gaz, yengil kondensat, oltingugurt, tozalangan tabiiy gaz va boshqa turdagi tayyor polietilen ishlab chiqaruvchi yirik zavod hisoblanadi. U hozirda davlat kompaniyasi – “O‘zbekneftgaz” AJ tarkibiga kiradi.

“Sho‘rtan” gaz-kimyo majmuasi. / Manba: “Sho‘rtan” GKM veb-sayti

2021 yilning dekabrida G‘uzorda “O‘zbekneftgaz”ga qarashli yirik zavod – Uzbekistan GTL’ning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tgandi. O‘sha marosimda prezident Shavkat Mirziyoyev “Sho‘rtan” GKMning ishlab chiqarish quvvatini uch barobarga kengaytirish loyihasiga start berdi. Loyiha qiymati – 1,8 mlrd dollar deya baholanib, u Uzbekistan GTL zavodi yonida qurilishi ma’lum qilindi.

Prezident Qashqadaryoda “Sho‘rtan” GKMni kengaytirish loyihasiga start bermoqda. / Foto: prezident matbuot xizmati

Majmuani kengaytirish bo‘yicha rejalar bunday edi:

  • GTL zavodi yonida qurilajak zavodda 430 ming tonna naftani qayta ishlash hisobiga yiliga 280 ming tonna polietilen va 100 ming tonna polipropilen tayyorlanishi, yana mingga yaqin ish o‘rni ochilishi; shu tariqa Sho‘rtanda O‘zbekistondagi birinchi yirik gaz-kimyo klasteriga asos solinishi;
  • bu klasterda mahsulot ishlab chiqarish hajmi 2021 yildagi 290 mln dollardan 2025 yilda 1,8 mlrd dollarga yetkazilishi, ya’ni 6 barobarga oshirilishi;
  • klaster tizimidagi korxonalar 1 dollarlik xomashyodan 10 dollarlik yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar yaratishi reja qilingandi.

Loyihani amalga oshirish bo‘yicha lisenziatlar va pudratchilar sifatida Chevron Philipps (AQSh), Lummus Technology (AQSh), Novelon Technology (Germaniya) va Enter Engineering (O‘zbekiston) tanlangan. Enter Engineering GTL zavodining ham bosh pudratchilaridan biri bo‘lgandi.

“O‘zbekneftgaz” “Sho‘rtan” GKM quvvatlarini kengaytirish uchun 1,1 mlrd yevro jalb qilmoqda

Prezident majmua qurilishiga start berishidan 3 oy oldin “O‘zbekneftgaz” “Sho‘rtan” GKMning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishni moliyalashtirish uchun yirik xalqaro banklardan 1,1 mlrd yevro qarz jalb qildi. Jumladan:

  • Deutsche Bank bilan 500 mln yevrolik;
  • Landesbank Baden-Württemberg bilan 300 mln yevrolik;
  • Landesbank Hessen-Thüringen Girozentrale bilan 300 mln yevrolik bitimlar imzolandi.
Germaniya banklari va “O‘zbekneftgaz” o‘rtasida “Sho‘rtan” GKMni kengaytirishni moliyalashtirishga oid bitimlarni imzolash marosimi. / Foto: Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

“Sho‘rtan GKMda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish – yuqori qo‘shilgan qiymatga ega neft-kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash hajmini oshirish maqsadimizga erishish yo‘lida yana bir qadam”, – degandi bitimlarni imzolash chog‘ida “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev.

Shunday qilib, “Sho‘rtan” GKMni kengaytirish loyihasining 1,2 mlrd dollari xorijiy banklar va moliya institutlari konsorsiumi, 600 mln dollari esa “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan taqdim etilishi ham ma’lum qilingan.

Loyihasi tayyor, moliyalash manbasi tayyor, qurilish ham boshlanganida, egalikka da’vogar paydo bo‘ldi

Gazeta.uz'ning yozishicha, Saneg kompaniyasi “Sho‘rtan” gaz-kimyo yangi majmuasining texnologik jihozlarini “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasiga o‘tkazish, shu orqali o‘zining u yerdagi zavodi bilan integratsiya qilishni taklif etyapti. Bu haqda prezident qarori loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, bu loyiha jamoatchilikdan yopiq tarzda qabul qilinishi mumkin.

“Qorako‘l” EIZ prezidentning 13 avgustdagi qarori bilan Qorako‘l tumanidagi 400 gektar yer maydonida jamoatchilikka yopiq holda tashkil etilgan. U yerda Saneg MTO (metanoldan olefin olish) gaz-kimyo majmuasini qurishni rejalashtirgan.

Hozirda “Sho‘rtan” GKMning yangi majmuasi loyihasi “O‘zbekneftgaz” AJga tegishli, lekin qaror loyihasiga ko‘ra, aktivlar topshirilgandan keyin qurilishni “MTO Markaziy Osiyo” gaz-kimyo majmuasi ishtirokida tashkil etiladigan qo‘shma korxona amalga oshiradi. Shu bilan birga, Saneg 60 foiz, “O‘zbekneftgaz” esa 40 foiz ulushga ega bo‘ladi, ya’ni O‘zbekneftgaz loyiha ustidan nazoratni yo‘qotadi. Bundan tashqari, qo‘shma korxona rahbarlari “Saneg” tomonidan aniqlanadi.

Shuningdek, qo‘shma korxona GTL zavodida ishlab chiqarilgan barcha naftani uzoq muddatli shartnoma asosida sotib oladi. Hozirda “O‘zbekneftgaz” bu xomashyoni bozor narxida deyarli to‘liq eksport qiladi, bir qismini ichki bozorga yetkazib beradi.

“Qorako‘l” EIZga imtiyoz va preferensiyalar ham berilishi nazarda tutilgan.

Kun.uz “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmatidan olgan ma’lumotga ko‘ra, hozirda loyiha “O‘zbekneftgaz” tomonidan amalga oshirilmoqda va shu paytgacha montaj (quvurlar yotqizish, kabellar tortib kelish) ishlari amalga oshirilgan. Qurilish ishlari sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida hali ko‘rinmayotgani haqidagi savolga javoban kompaniya birinchi bosqichda 10-12 km masofaga quvur tortib kelinishi, bu bosqichda birdaniga ko‘zga ko‘rinadigan baland binolar qurilmasligini bildirdi.

Energetika vazirining matbuot kotibi bu ishlardan xabari yo‘qligini, Kun.uz'ning savollariga javob olib berishini aytdi. “Saneg” rasmiy vakili kompaniya bu borada izoh bera olmasligini bildirdi.

Saneg nimani va’da qilyapti?

Saneg’ning “Sho‘rtan” GKMni kengaytirish loyihasiga ega chiqqanidan keyingi rejalari allaqachon tayyor. Buni kompaniyaning 2022 yil 2 noyabrda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga yozgan xatidan tushunish mumkin. Hujjat nusxasi Kun.uz'da bor.

Bu xatda loyihani amalga oshirish ma’qullangandan so‘ng, Saneg o‘z rejalarini ma’lum qilgan:

  • kompleksni ishga tushirishni rejalashtirilgan loyiha bo‘yicha imkon qadar tezroq, 2025 yil oxirigacha yakunlash;
  • “O‘zbekneftgaz” AJga loyiha ijobiy pul oqimiga chiqqandan so‘ng kelishilgan xarajatlarni uch yil ichida qoplash;
  • loyiha doirasida sarflangan mablag‘ “Katta to‘rtlik”ka kiruvchi xalqaro kompaniyalar tomonidan baholanib, ularning xulosasi asosida aniqlangan harajatlarni qaytarish;
  • yagona obektdan tashqari obektdan foydalanish va optimal texnologik yechimlarni joriy etish bo‘yicha loyihalarning iqtisodiy samaradorligini tekshirish.

Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, “O‘zbekneftgaz” ushbu loyihaga shu vaqtgacha 478 mln dollar sarflagan.

Loyihaning Saneg’ga o‘tishi “O‘zbekneftgaz”ni defoltga olib keladimi?

Kun.uz ixtiyoridagi hujjatlarga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” loyiha Saneg ixtiyoriga o‘tsa, bir qator xavflar yuzaga kelishi mumkinligidan hukumat va Energetika vazirligini ogohlantirgan.

Kompaniya Saneg’ning taklifidagi quyidagi xavflarni sanab o‘tgan:

— “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 700 mln dollar dollar miqdoridagi chiqarilgan yevroobligatsiyalar bo‘yicha prospektning asosiy shartlariga ko‘ra, 20 mln dollar miqdoridan ko‘p bo‘lgan aktivlarni har qanday tasarruf etish faqat bozor shartlarida va bozor narxlarda amalga oshirilishi kerak, aks holda yevrobond bo‘yicha defolt holatini va kreditorlarning yevrobond hamda boshqa barcha kreditlarni muddatidan avval qaytarishni talab qilish huquqi vujudga keladi;

— Saneg tomonidan jamiyat xarajatlarini kelgusida baxolab qoplab berish taklifi halqaro moliyaviy hisobot tizimi bo‘yicha to‘lovni bo‘lib-bo‘lib to‘lash moliyaviy hisobotlarda yo‘qotish deb aks ettiriladi, bu o‘z navbatida “O‘zbekneftgaz” AJning yevrobondlar va xalqaro banklar bilan boshqa kredit shartnomalari va obligatsiyalar bo‘yicha sof foyda bilan bog‘liq moliyaviy shartlarni bajarish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi;

— Loyihaning amalga oshirilishi to‘htatilishi, jamiyat reytingi va investitsion jozibadorligi pasayishiga sabab bo‘ladi, investorlarda qaror qabul qilishdagi chalg‘itish yoki qasddan yolg‘on ma’lumot berish kabi haqli e’tirozlar vujudga keladi;

— Saneg’ning loyihani sotib olish va ko‘chirish bo‘yicha taklifi yevrobond prospekt talablariga zid hisoblanadi. “O‘zbekneftgaz” AJ ushbu aktivni qoldiq balans qiymatidan kam bo‘lmagan, faqatgina bozor qiymatida investitsion loyiha sifatida, istiqboldagi daromadlarini inobatga olgan holda sotishi lozim;

— yevroobligatsiyalar va boshqa kredit shartlari talablariga javob bermaslik va sof foydaning kamayishi defoltga olib kelib, davlat kafolati ostida 2,6 mlrd dollardan ortiq miqdorda jalb qilingan, shu jumladan GTL loyihasi kreditlari bo‘yicha kross-defoltga olib kelishi va O‘zbekiston Respublikasining suveren reytingiga jiddiy putur yetkazilishi xavfi mavjud;

— Saneg tomonidan loyihani moliyalashtirish manbalari ko‘rsatilmagani loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish xavfini tug‘diradi va bu o‘z navbatida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan sarflangan mablag‘larning vaqtida qoplab berilishini xavf ostiga qo‘yadi;

— Loyihani Saneg tomonidan taklif etilayotgan MTO bilan birlashtirib amalga oshirish (hozirda amaldagi loyihalarning loyihalashtirish darajasi turli bosqichda bo‘lib, loyiha doirasidagi qurilmalar parametrlari ikki yil avval tasdiqlanib, asosiy qismiga buyurtmalar berilgan) texnologik jihatdan imkoniyati yo‘q va loyihalashtirishni yangidan boshlash natijasida ikki yil qo‘shimcha vaqt talab etiladi, natijada 2027 yilgacha qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarilmaydi;

— MTO yangidan loyihalashtirilgan taqdirda Sho‘rtan hududida mavjud bo‘lgan qo‘shimcha etanga boy tabiiy gaz va suyultirilgan gazdan foydalanib bo‘lmasligi natijasida, yiliga 70 ming tonna polietilen va 10 ming tonna polipropilen ishlab chiqarib bo‘lmasligidan yillik 120,0 mln dollar (to‘liq muddatda – 2,4 mlrd dollar) miqdorida tushumdan voz kechiladi;

— ichki bozorda naftani xomashyo sifatida faqatgina shu loyihada talab bo‘lishidan kelib chiqib, uning narxini sun’iy pasaytirish xavfi mavjud, bu esa GTL kreditorlari oldidagi “O‘zbekneftegaz” AJ majburiyatlarining bajarilmasligiga olib keladi;

— “O‘zbekneftgaz” AJ va “Sho‘rtan” GKM MChJ tomonidan investitsiya qilingan (478 mln dollar) mablag‘ni qaytarish bo‘yicha aniq shartlar va mexanizmlar mavjud emas. Saneg’ning taklifiga ko‘ra, loyiha doirasida sarflangan mablag‘ “Katta to‘rtlik”ka kiruvchi xalqaro kompaniyalar tomonidan baholanib, ularning xulosasi asosida aniqlangan harajatlarni qaytarish sharti qo‘yilmoqda.

Kompaniyaning bunga dalil sifatida aytishicha, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan Jizzakh Petroleum qo‘shma korxonasiga (hozirda Saneg) 2019 yilda taqdim etilgan 104 ta neft konlari (!) bo‘yicha aktivlarning qoldiq balans qiymati 3,4 trln so‘m bo‘lgan holatda Jizzakh Petroleum qo‘shma korxonasi tomonidan yollangan “Katta to‘rtlik”ka kiruvchi xalqaro kompaniyalardan birining xulosasiga asosan (nomi Kun.uz'ga ma’lum) 1,8 trln so‘mga, ya’ni balans qoldiq qiymatidan deyarli ikki barobarga past baholangan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, “O‘zbekneftgaz” o‘zining bir nechta variantlarini taklif qilgan:

1. Uzbekistan GTL zavodi, “Sho‘rtan” gazni qayta ishlash zavodining mavjud ishlab chiqarish va xomashyo bazasi (qo‘shimcha etanga boy tabiiy gaz, sintetik nafta) ijtimoiy, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va logistika infratuzilmasini hamda loyihani moliyalashtirish va qurilishning faol bosqichini boshlashga tayyorligini hisobga olib, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan loyihani amalga oshirishni davom ettirish.

Bunda, “O‘zbekneftgaz” AJ ushbu aktivni o‘z balansida saqlab qoladi va yevrobond kreditorlari talablariga to‘liq bajarilishi, GTL zavodi yonida qurilishi, 430 ming tonna naftani temiryo‘l orqali tashimasdan truba orqali yetkazib berishda qo‘shimcha transport xarajatlari iqtisod qilinishi, yiliga 280 ming tonna polietilen va 100 ming tonna polipropilen ishlab chiqarilib, qo‘shimcha 1 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilishini aytgan.

Hududda “kondan – tayyor mahsulotgacha” tamoyili bo‘yicha yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish asosida to‘laqonli zanjirga ega klaster rivojlanadi.

Loyihaning amaldagi ishlab chiqarish korxonasi doirasida qurilishi kreditorlar tomonidan qo‘yiladigan shartlar va muddatlarning qisqarishiga va foiz stavkalarning kamayishiga olib keladi.

2. Loyiha doirasida sarflangan 478 mln dollar mablag‘larni yevrobond talablaridan kelib chiqib, Saneg tomonidan bir martalik to‘lov (aktivlarni topshirish vaqtida) bilan qoplab berish.

3. Loyihani amalga oshirishda “O‘zbekneftgaz” AJ va “Saneg” o‘rtasida qo‘shma korxona tashkil qilib, “O‘zbekneftgaz” sarflagan 478 mln dollar mablag‘ni jamiyatning qo‘shma korxonadagi ulushi sifatida kiritish. Bu esa “O‘zbekneftgaz” AJning 2023–2025 yillardagi moliyaviy oqimlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, jamiyat kredit yuklamasining keskin oshishi oldi olinadi, loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq barcha xavf-xatarlar ikki ishtirokchi o‘rtasida taqsimlanadi.

Energetika vazirligi nima deydi?

Kun.uz ixtiyoridagi hujjatga ko‘ra, Saneg’ning “Sho‘rtan” GKM majmuasini kengaytirish loyihasini Qorako‘l tumaniga ko‘chirish taklifi yuzasidan energetika vaziri (1 yanvargacha bosh vazir o‘rinbosari maqomiga ham ega edi) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tiklanish va taraqiyot jamg‘armasi va “O‘zbekneftgaz” AJga “atroflicha o‘rganib chiqish” topshirig‘ini bergan.

“O‘rganish natijalari bo‘yicha “Sanoat energetika guruhi” bilan loyihani amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan har bir chora-tadbirni kompleks baholash va aniqlik kiritish hamda takliflarni Prezident administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritish” topshirilgan.

Qaror loyihasi jamoatchilikdan yopiq tarzda tayyorlangan — manba

Kun.uz'ning hukumatdagi va Energetika vazirligidagi manbalariga ko‘ra, “Sho‘rtan” GKMni kengaytirish loyihasini Saneg’ga berish borasida prezidentning yopiq qarori loyihasi tayyorlangan. Unda loyihaning asosiy egaligini Saneg’ga o‘tkazish taklif etilgan.

Hozircha loyiha holatidagi hujjat matniga ko‘ra:

  • Saneg va “O‘zbekneftgaz” o‘rtasida loyihani amalga oshirish uchun qo‘shma korxona tuziladi. Qo‘shma korxona ustav jamg‘armasida loyiha kompaniyasi – Saneg’ning ulushi 60 foizdan kam bo‘lmagan hamda "O‘zbekneftgaz” AJning ulushi 40 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorlarda taqsimlanadi.
  • Qo‘shma korxona rahbarlari Saneg tomonidan tayinlanadi.
  • Uzbekistan GTL MChJda ishlab chiqariladigan nafta mahsuloti qo‘shma korxona tomonidan uzoq muddatli shartnoma asosida to‘liq xarid qilinadi.
  • Qo‘shma korxona tashkil etilgandan so‘ng bir oy muddatda “O‘zbekneftgaz” "Sho‘rtan” GKMning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish loyihasi doirasida avval bajarilgan loyiha oldi, loyihalash, muhandislik-geologiya va boshqa hujjatlarni hamda ushbu loyiha doirasida tuzilgan barcha bitimlar bo‘yicha huquq va majburiyatlarni qo‘shma korxonaga o‘tkazib berishi kerak.
  • Uzbekistan GTL tomonidan ishlab chiqarilgan nafta narxi ham Saneg yollagan xalqaro konsultantlar tomonidan belgilanadi.
  • Bundan tashqari, Qorako‘l va Olot tumanlari hududlarida 600 gektar bo‘sh yer uchastkalarini qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan sanoat maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkazib beriladi.

Sanoat energetika guruhi haqida

Sanoat energetika guruhi” (avvalgi nomi – Jizzakh Petroleum) 2017 yili tashkil etilgan. O‘shanda yangi qo‘shma korxonaning 60 foiz ulushi “O‘zbekneftgaz”ga, 40 foizi esa bilvosita “Gazprom”ga tegishli bo‘lgan. Bu ikki ta’sischi Jizzaxda neftni qayta ishlash zavodi qurmoqchi edi. Bu loyiha amalga oshmay qolgach, korxonaning 98 foiz ulushi 2020-2021 yillarda bosqichma-bosqich Belvor holdingiga o‘tdi. Kompaniya egasi o‘zgarishi barobarida Jizzakh Petroleum nomi “Sanoat energetika guruhi” deya o‘zgartirildi.

Belvor holding Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, OAVdagi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonlik tadbirkor Baxtiyor Fozilovga tegishli. Fozilov, shuningdek, O‘zbekistonda burg‘ilash bo‘yicha asosiy pudratchi bo‘lmish Eriell neft konlariga xizmat ko‘rsatish kompaniyasiga ham egalik qiladi.

Saneg esa neft va gaz qazib olishdan tashqari, benzin, dizel, neft, aviatsiya kerosini kabi mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Shu yil bahorda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi ham shu kompaniyaga sotilgan edi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya O‘zbekistonda yer qa’ridan foydalanish huquqiga ega 103 ta konga egalik qiladi. Mamlakatdagi neft qazib olishning taxminan 80 foizi, tasdiqlangan gaz zaxiralarining esa taxminan 25 foizi Saneg hissasiga to‘g‘ri keladi.

Avval davlatning “O‘zbekneftgaz” shirkatiga qarashli bo‘lgan bunday yirik aktivlar qanday qilib xususiy kompaniya qo‘liga o‘tib qolganini O‘zbekiston rasmiylari ochiqlamagan. Bu konlar tekinga berib yuborilgani ehtimoli ham inkor etilmagan.

Shu bilan birga, tadbirkor O‘zbekistondagi bir qancha yirik kompaniyalar, xususan, Family Park, Samarkand Touristic Center, TASS Primavera, Mironkul Stroy Servise, Wind rose, Tashkent International Medical Center kabilarga egalik qiladi.

Baxtiyor Fozilovning eng mashhur va oxirgi vaqtlarda yana jamoatchilik e’tiboriga tushgan kompaniyalaridan biri – Enter Engineering. Energetika (GTL zavodini qurgan) va fuqarolik obektlari loyihasi va qurilishi bilan shug‘ullanuvchi bu korxonaga Buxoro shahri markazidagi salkam 33 gektarlik yer hech qanday tanlovsiz berilishi reja qilingan, kompaniya bu yerda qator obektlar, xususan markaziy stadionni buzib, o‘rniga turistik majmua qurishi ko‘zda tutilgandi. Lekin bu maxfiy rejalardan xabar topgan jamoatchilikning e’tirozidan keyin loyiha Buxoro turizm markazi boshqa joyda quriladigan bo‘ldi.

Madina Ochilova,
Kun.uz muxbiri

Top