15:30 / 23.01.2023
5118

«Paxtasanoat ilmiy markazi» faoliyatini takomillashtirish vazifalari tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining «Paxtasanoat ilmiy markazi» aksiyadorlik jamiyati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan paxta tozalashda yangi texnika va texnologiyalar, energiyaga tejamkor mashinalar va asbob-uskunalar yaratish, paxta xomashyosini chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishda ilmiy-innovatsiya faoliyati natijadorligini oshirish keng yo‘lga qo‘yiladi.

«Paxtasanoat ilmiy markazi» aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashining  ilmiy-tadqiqot organi etib belgilandi. Markaz quyidagi asosiy yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi:

paxta xomashyosini tozalash uchun zamonaviy texnika va texnologiyalar, energotejamkor mashina va asbob-uskunalarning tajriba-sanoat namunalarini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini hamda fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni amalga oshirish; 

paxta va paxta mahsulotlari uchun xalqaro va davlatlararo standartlar bilan uyg‘unlashgan standartlarni, ularning sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash, raqamli texnologiyalar asosida tezkor va aniqlik darajasi yuqori bo‘lgan o‘lchov va sinash vositalarini, kalibrlash va sinash usullarini tekshirish uchun sohaga tegishli ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda davlat standarti namunalarini ishlab chiqish;

paxtachilikka oid ilmiy ishlanma va dasturlarni tijoratlashtirish, xizmat ko‘rsatish choralarini kuchaytirish va shu asosida o‘z faoliyatini o‘zi moliyalashtiradigan tizim yaratish;

akkreditatsiya sohasiga muvofiq tarzda paxta mahsulotlari sinovlarini o‘tkazish, muvofiqlik sertifikati berish, laboratoriyalararo taqqoslash sinovlarini va raund-testlarini tashkil qilish va o‘tkazish, manfaatdor tashkilotlar uchun paxta mahsulotlari tashqi ko‘rinishining standart namunalarini tayyorlash xizmatlarini ko‘rsatish; 

paxta xomashyosini chuqur qayta ishlashga oid xalqaro sifat standartlarini tatbiq etish va sertifikatlashni rivojlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish;

zamonaviy ilmiy-laboratoriya bazasini shakllantirish, uni ilg‘or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda sohani rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni kengaytirish va ularning transferi bo‘yicha samarali tizimni shakllantirish; 

respublikada rayonlashtirilgan va istiqbolli paxta seleksiya navlarining sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish, ushbu yo‘nalishda samarali ilmiy yechimlarni ishlab chiqish; 

yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

jahonning nufuzli universitet va ilmiy markazlari bilan xalqaro ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish. 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Markaz moddiy-texnika bazasi va yetakchi olimlarining salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining bazaviy kafedralari filiallarini Markazda tashkil etish choralarini ko‘radi. 

Top