07:41 / 25.01.2023
9679
OAV: Germaniya Leopard tanklarini Ukrainaga topshirishga ruxsat berdi

Germaniya kansleri Shols Leopard jangovar tanklarini Ukrainaga topshirishga qaror qildi, Germaniya ittifoqchilari ham xuddi shunday qilishlari mumkin.

Foto: Moritz Frankenberg/dpa/picture alliance

Germaniya kansleri Olaf Shols Leopard 2 asosiy jangovar tanklarini Ukrainaga yuborishga, shuningdek, boshqa mamlakatlarga, xususan, Polshaga ham shunga o‘xshash harakatlarga ruxsat berishga qaror qildi. Ayni paytda, gap Leopard 2 A6 tanklarining kamida bitta rotasi haqida ketyapti. Boshqa ittifoqchilar, xususan, Skandinaviyadagi davlatlar ham o‘zlarining Leopard tanklarini Kiyevga yetkazib berish to‘g‘risida qaror qabul qilishadi. Germaniya rasmiylarining Ukrainani nemis jangovar tanklari bilan ta’minlash to‘g‘risidagi qarori haqida 24 yanvar, seshanba kuni kechqurun Berlindagi manbalarga tayanib, yetakchi OAV xabar berdi. Hozircha bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i yo‘q.

Bundestag mudofaa qo‘mitasi raisi Mari-Agnes Shtrak-Tsimmerman Ukrainaga jangovar tanklar yetkazib berish qarorini olqishlab, buni Rossiya bosqinini qaytarishdagi muhim qadam deb atadi. Uning ta’kidlashicha, qaror uzoq vaqt talab qilgan, ammo bu muqarrar edi. «Germaniya hamkor davlatlarga o‘z tanklarini topshirishga ruxsat berishi va ularni o‘zi ham yetkazib berishi charchagan va jasur Ukraina xalqi uchun taskin beruvchi yangilik», dedi u.

O‘z navbatida, Bundestagdagi muxolifatdagi "XDS/XSS" fraksiyasi rahbari Fridrix Mers ham Germaniya hukumatining qarorini olqishladi, biroq ayni paytda kansler Olaf Sholsni qat’iyatsizlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Shols Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan hafta oxirida Parijda Yelisey shartnomasining 60 yilligini nishonlash marosimida bu qarorni e’lon qilishi kerak edi, lekin u juda uzoq vaqt ikkilandi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top