22:57 / 26.01.2023
6842

AQSh Moliya vazirligi «Vagner»ni xalqaro jinoiy tashkilotlar ro‘yxatiga kiritdi 

Shuningdek, kompaniya hamkorlariga nisbatan ham sanksiyalar joriy etildi. 

Foto: RIA Novosti

AQSh Moliya vazirligi «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasini transmilliy jinoiy tashkilot sifatida tasnifladi. Kompaniya va uning asoschisi Yevgeniy Prigojinga aloqador tuzilmalarga qarshi yangi sanksiyalar joriy etildi. 

«Vagner» guruhiga, shuningdek, uning hamkorlari va Rossiya harbiy kompleksini qo‘llab-quvvatlovchi boshqa kompaniyalarga nisbatan joriy qilinayotgan yangi sanksiyalar Putinga o‘z harbiy mashinasini qurollantirish va jihozlashda yanada to‘sqinlik qiladi», dedi AQSh moliya vaziri Janet Yyellen. 

AQSh Moliya vazirligi shuningdek, «Vagner»ga aloqador 12 ta kompaniyaga nisbatan ham sanksiyalar kiritdi: 

- «Almaz-Antey» aksiyadorlik jamiyati;

- «Terra Tex» (Rossiya) aksiyadorlik jamiyati;

- «Tyani» (Xitoy) ilmiy-tadqiqot instituti;

- Sewa Security Services (MAR);

- Officer’s Union for International Security (MAR);

- Kratol Aviation (BAA);

- «Aviakon Tsitotrans» (Rossiya);

- Ural fuqarolik aviatsiyasi zavodi (Rossiya);

- Milliy aviatsiya-servis kompaniyasi (Rossiya);

- «Prima» (Rossiya) ilmiy ishlab chiqarish korxonasi;

- «Gamma» (Rossiya) ilmiy ishlab chiqarish korxonasi;

 - «TKX-Invest» (Rossiya) aksiyadorlik jamiyati; 

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rossiyalik tadbirkor, «Putinning oshpazi» nomi bilan tanilgan Yevgeniy Prigojin tomonidan tashkil etilgan. Guruh 2014 yilda Ukrainada, keyinchalik Suriya, Liviya va Markaziy Afrika Respublikasidagi harbiy harakatlarda qatnashgani haqida ma’lumotlar bor. 

2017 yilda guruh AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi. 2021 yilda Yevropa Ittifoqi guruhni Ukrainaning mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga tajovuz qilishda, Suriya va Liviyadagi vaziyatni izdan chiqarishda, inson huquqlarini qo‘pol buzganlikda ayblab, sanksiyalar joriy qildi.  

Shuningdek, BMT va Fransiya «Vagner» jangchilarini Markaziy Afrika Respublikasidagi zo‘ravonliklar va qotilliklarda ayblaydi. 

«Vagner» Ukrainadagi urushda faol ishtirok etmoqda. Uning tarkibi asosan Rossiya qamoqxonalaridagi mahbuslar va ko‘ngillilar bilan to‘ldirilgan.

Top