14:46 / 02.02.2023
13746

AQSh uchinchi mamlakatlarga F-16 qiruvchi samolyotlarini Ukrainaga yuborishga ruxsat berishi mumkin

Yevropaning qator davlatlari amerikaliklar tomonidan ishlab chiqarilgan samolyotlarini Ukrainaga berishga tayyor.

Foto: Omar Marques/Getty Images

AQSh hukumati uchinchi mamlakatlarga Amerikada ishlab chiqarilgan F-16 rusumli qiruvchi samolyotlarini yuborishga ruxsat berishi mumkin, bu haqda The New York Times yozmoqda. O‘z navbatida, Politico Pentagondagi yuqori martabali manbasiga asoslanib, Vashingtonning o‘zi o‘z samolyotlarini yuborishi ehtimoli kamligini qayd etgan.

The New York Times nashrining yevropalik va amerikalik mulozimlar orasidagi manbalari, Ukraina katta ehtimol bilan Daniya yoki Niderlandiyadan F-16 samolyotlarini olishi mumkinligini aytishgan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Niderlandiyadda F-16 rusumli 40 tacha samolyot bor. Daniya esa aviatsiyasidagi samolyotlarni F-35 qiruvchi samolyotlariga almashtirmoqchi va Ukrainaga F-16 samolyotlarini berishga tayyor.

Bundan avvalroq Polsha va Fransiya ham Ukraina uchun harbiy samolyotlar berish ehtimolini istisno etmagandi.

«Bu haqda gapirayotgan boshqa mamlakatlar ham bor. Ular taklif bilan chiqishgach, biz muzokaralar o‘tkazamiz», — degan Politico nashrining AQSh mudofaa vazirligidagi manbasi. U Pentagondagilar samolyotlar yetkazib berilishiga e’tiroz bildirmasligi, balki boshqa masalalarga «ustuvorlik berishda davom etishi»ni qayd etgan.

Nashrning yozishicha, hozirda AQSh rasmiylari asosiy e’tiborni Ukraina shaharlari va infratuzilmalari himoyasi uchun havo hujumidan mudofaa tizimlari, shuningdek, bahorda boshlanishi kutilayotgan qarshi hujumda kerak bo‘ladigan zirhli texnikalar va artilleriya qurollari yetkazib berishga qaratgan. 

Pentagondagilar harbiy samolyotlar oldindagi janglarda muhim rol egallamasligi, qolaversa, ukrainalik uchuvchilarni tayyorlash uchun vaqt qolmaganini qayd etishmoqda. Xususan, harbiy mulozimlardan biri Kiyevga qiruvchi samolyotlar yetkazib berish «qanotli raketalar va dronlar muammosini hal qilmasligi»ni bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha F-16 qiruvchilari yetkazib berish masalasi yuqori darajada muhokama etilmayapti.

  • AQSh, Germaniya va G‘arbning boshqa mamlakatlari Kiyevga o‘z tanklarini jo‘natishga rozi bo‘lgach, Ukraina hukumati G‘arbdan qiruvchi samolyotlarni ham olish uchun harakat boshlagandi.
  • Yanvar oyi oxirida Oq uydagi matbuot anjmuni vaqtida AQSh prezidenti Jo Bayden Vashington Kiyevga F-16 qiruvchi samolyotlarini ham yetkazib berishi ehtimolini rad etgandi. «Barcha yordam turlari „yo‘q“ bosqichidan o‘tgan, „yo‘q“ faqat bugungi kun holatida. Ikkinchi bosqich — „kelinglar texnik imkoniyatlarni muhokama qilamiz va ko‘rib chiqamiz“, uchinchisi — „kelinglar ekipajingizni tayyorlaymiz“, to‘rtinchisi esa — olib kelish», — dedi shundan keyin Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top