13:25 / 02.02.2023
9163

O‘zbekistonda 45 mingdan ortiq shaxs OIV kasalligi bilan yashab kelmoqda

Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori o‘rinbosari Gulifor Normurodova tizimda 2022 yilda olib borilgan ishlar hamda joriy yilda rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

Foto: Getty Images

Ma’lum qilinishicha, odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV) kasalligi bilan bugungi kunda respublikada 45 mingdan ortiq shaxslar yashab kelmoqda. Bu kasallik tuzalmas dard bo‘lib, shu infeksiyaga chalingan bemorlar umri oxirigacha virusga qarshi dori preparatlarini qabul qilib yurishi zarur. 

Qayd etilishicha, 20 yanvarda qabul qilingan aholi orasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturini amalga oshirishga 120 mlrd so‘m va 54 mln dollar yo‘naltiriladi.

Dastur doirasida:

a) OIV infeksiyasini erta aniqlash, tashxislash va davolash sifatini oshirish maqsadida:

har yili kamida 3 mln aholi tekshiruvlar bilan qamrab olinadi va buning uchun 11,4 mln dona diagnostik test-tizimlari hamda 587 mingta diagnostik vositalar, 50 ming nafar aholini maxsus davolash kurslari bilan qamrab olish uchun 22 turdagi retrovirusga qarshi dori vositalari xarid qilish;

OIV infeksiyasini onadan bolaga yuqishiga barham berish maqsadida OIV infeksiyali onalardan tug‘ilajak 2 ming nafardan ortiq 6 oygacha bo‘lgan bolalarni quruq sut aralashmalari bilan ta’minlash;

b) sog‘liqni saqlash tizimi tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda OIV infeksiyasi yuqishi ehtimoli yuqori guruhlar orasida profilaktik tadbirlar hamda  aholi orasida keng targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib borish;

v) 2023 yil 1 iyunga qadar Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, yil yakuniga qadar esa boshqa hududlarda FHDYo organlari va tibbiyot muassasalari o‘rtasida nikohlanuvchi shaxslarni OIV infeksiyasi bo‘yicha majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha elektron ma’lumot almashinuv tizimini joriy etish;

g) 2023 yil yakuniga qadar OIV infeksiyasi aniqlangan holatlar monitoringini ta’minlash, real vaqt rejimida dori va diagnostik vositalarning harakatlanishini kuzatib borish imkonini beruvchi elektron axborot tizimini yaratish;

d) Respublika OITSga qarshi kurash markazi laboratoriyasini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish va o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalarini xalqaro miqyosida tan olinishiga erishish;

ye) hududiy OITSga qarshi kurash markazlari va ularning tumanlararo laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, 

j) mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish maqsadida kamida 50 nafar tibbiyot xodimlarini xorijga malaka oshirishga yuborish, OIV infeksiyasi bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Top