20:30 / 26.02.2023
28393

Barbod bo‘lgan «Barbarossa». Rossiya armiyasi muvaffaqiyatsizligi sabablari

Foto: EPA

2022 yil 24 fevral kuni Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshladi. Moskva Ukraina suverenitetini buzgan holda mamlakatga to‘rt yo‘nalishda bostirib kirdi va buni «maxsus harbiy amaliyot» deb atadi. Kremldagilar urush uch kundayoq tugashi, tinch aholi zarar ko‘rmasligini da’vo qilgandi, biroq amalda Rossiyaning tezkor g‘alaba rejasi tarixdagi boshqa bir shunday reja — «Barbarossa» rejasi kabi barbod bo‘ldi. Ukrainaliklar o‘z vatanini mardonavor himoya qildi va raqibni og‘ir mag‘lubiyatlarga uchratib, chekinishga majbur qildi. Dunyoning «ikkinchi armiyasi» deb qaralgan Rossiya armiyasi muvaffaqiyatsizliklarining asosiy sabablari nimalar edi?

Ko‘pchilik ekspertlar Rossiya armiyasi muvaffaqiyatsizligiga bir qancha sabablar keltiradi. Quyida ulardan eng asosiy to‘rttasiga to‘xtalamiz.

Blitskrig — dushmanni mensimaslik

Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirar ekan, qattiq qarshilikka uchrashini umuman kutmagan edi. Ular «uch kun ichida» Kiyevni egallash va u yerda harbiy parad o‘tkazishga tayyorlangandi. Buni Kiyev yaqinida tashlab ketilgan rus tanklaridan topilgan parad formalaridan ham bilish mumkin.

Qolaversa, harbiy qo‘mondonlik ham bunga shunchalik qattiq ishongandiki, rejalar uch kun uchun tuzilgandi. Ya’ni uzoq muddatli urush uchun logistika va ta’minot yo‘lga qo‘yilmagan, askarlar uch kunlik oziq-ovqat, yonilg‘i bilan yo‘lga chiqqandi (hatto bundan ham kamroq).

Bunda ruslarning o‘z propagandasiga o‘zlari ham ishonib qolgani asosiy rol o‘ynaydi. Ular Ukraina xalqi ularni qo‘llarida gul bilan, xaloskorlardek kutib olishini kutgandi. Chunki propaganda tinmay shu gapni takrorlab keldi. Kreml reallikdan uzilib qolgandi. Ukrainlar gul bilan emas, Javelin’lar bilan kutib olishganda tabiiyki, rossiyaliklar shoshib qoladi.

Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi ukrainaliklar qarshilik ko‘rsatgan taqdirda ham ularning qarshiligini osonlik bilan sindirishiga ishonadi. Ular hatto o‘z askarlariga ham Ukrainaga hujum boshlanishi haqida aytmagan. Rossiya generallari ukrainalik askarlar rus tanklarini ko‘rishi bilan qochishiga ishongan. Ularning o‘ziga ishonchi juda yuqori edi.

Ukraina esa urushga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandi. Askarlar Rossiya istalgan pallada hujum qilib qolishidan ogohlantirilgandi. Ular 2014 yildan beri Rossiya bilan katta urush boshlanishiga tayyorlangandi. Raqib esa urushga to‘liq tayyor emasdi.

Haddan ortiq markazlashuv

Ukraina prezidenti devoni sobiq maslahatchisi Aleksey Arestovich intervyularidan birida Rossiya armiyasidagi kamchiliklar va nihoyatda qattiq markazlashuv haqida gapirgan.

«Rossiya armiyasi — bu sovet armiyasi. Sovet armiyasining hujum konsepsiyasi qanday? Dushman orqa chizig‘iga vahima qo‘zg‘atuvchi maxsus kuchlar va desantchilar guruhi tashlanadi. Bu hukumatni vahimaga solish va qochib ketishga majbur qilish, boshqaruv va aloqa markazlarini vayron qilish kerak bo‘lgan shok va qo‘rquv taktikasidir. Shok haqiqatan ham bo‘ldi.

Bosqinning birinchi kuni vertolyotlar orqali desant tashlashga urinish operatsiyasini eslang (Kiyev yaqinidagi Gostomel aerodromi).

Ikkinchi desant tashlash operatsiyasi Pechersk rayonida (prezident ofisi va boshqa hukumat binolari joylashgan hudud) bo‘lishi kerak edi. Biz prezident ofisida qurollanib, ularni kutdik, chunki ular to‘g‘ridan to‘g‘ri boshimiz ustiga tushishi mumkin edi. Biroq Gostomelda «kichik» muammo paydo bo‘ldi va ikkinchi guruh ham yordam uchun o‘sha yerga yuborildi. Ammo aynan shundan so‘ng darhol Rossiya armiyasida katta muammolar boshlandi.

Bizda nimadan qo‘rqishini bilmaganlar vaziyatni saqlab qoldi. Ular rus tanklarini xotirjam o‘qqa tutdi, samolyotlarni urib tushirdi. Agar biz G‘arb tipidagi islohotlarni amalga oshirishga ulgurgan, markazlashgan davlat bo‘lganimizda, menimcha, yutqazgan bo‘lardik. Ammo biz sevikli ukraincha «bardak»da qoldik va hech kim markaziy hukumatning buyrug‘isiz jang qilish mumkin emasligini bilmas edi ... Va biz bosqinning uchinchi yoki beshinchi kuni, allaqachon nazoratni tiklab, qo‘rqishdan to‘xtaganimizda, barchasi juda yaxshi ketayotgandi», deydi Arestovich.

Arestovich ruslar Kiyev tomon yuzlab tanklardan iborat kolonna yuborgani, ammo ular uchun yo‘l yo‘qligini hisobga olmaganini aytgan.

«Rossiya tank kolonnalari 20-30 kilometr uzunlikda tizilib, to‘xtab qoldi. Chunki biz ko‘priklarni portlatib yuborgandik. Ularning ponton paromlarini esa muntazam ravishda yo‘q qildik. Bu vaqtda artilleriyamiz va partizanlar ularni o‘qqa tutib turdi.

Va itoatsizlik bayrami boshlandi. Rossiya armiyasi tizimi juda markazlashgan. Askarlar kattaroq lavozimli qo‘mondonning temir irodasi bo‘lgandagina topshiriqni bajaradi. Ko‘prik topolmay to‘xtab qolganda esa, ular shuncha ahmoqlardek qochishga tushdi. Buni ko‘rish ajoyib edi.

Eng qizig‘i olti soatdan keyin xuddi shu joyga yangi tank kolonnasi keladi. Bizning artilleriyachilar yana ularni o‘qqa tutadi va yo‘q qiladi. Lekin ular yana keladi. Shunday qilib bir oyda besh-olti marta bu holat takrorlanadi.

Ruscha jang usuli qanday? Sen chorrahaga kirib borasan, u yerda 60-90 ta yonib ketgan zirhli texnikalar turibdi, jasadlar va ularning bo‘laklari sochilib yotibdi. Sen esa baribir u yerga borasan va o‘sha yerda turasan. Senga o‘q yomg‘irini yog‘dirishadi, lekin sen baribir turaverasan. Chunki Moskvadagi shtab rahbariyati shu yerga borishni buyurgan va ular ahmoqlardek qayta-qayta shu yerga boraverishadi. Ular haddan tashqari markazlashtirilgan», degan Arestovich.

Boshqa harbiy ekspertlar ham Arestovichning bu fikrlarini qo‘llab-quvvatlagan. Ularning ta’kidlashicha, Rossiya armiyasi chindan ham juda markazlashtirilgan va harbiy qo‘mondonlar mustaqil qaror qabul qila olmaydi. Chunki mas’uliyat ularning zimmasiga tushishini xohlamaydi. Rossiyalik komandirlar vaziyatdan kelib chiqib emas, tepadan kelgan buyruq asosida harakat qiladi. Bu esa ularning foydali va muvaffaqiyatli harakat qilish imkonini pasaytiradi.

Aynan shu sabab ham Rossiya qo‘shinlari chekinish kerak bo‘lgan joylarda chekinmadi va og‘ir mag‘lubiyatlarni qabul qilib oldi. Sababi chekinish kerakligi haqidagi xabar Moskvadagilar tomonidan yaxshi qarshilanmasligi mumkin edi.

Armiyadagi korrupsiya, mas’uliyatsizlik

Rossiya qo‘shinlari bosqinning dastlabki kunlarida Ukrainaga jangovar piyodalar tarkibi bilan emas, tanklar kolonnasi bilan kirib keldi. Janglarda sinalgan rus tanklari askarlarning urushga yaxshi tayyorlanmagani, yonilg‘i yetishmovchiligi, yo‘l bilan bog‘liq muammolar, harbiy iyerarxiya kuchliligi, zobitlarning mustaqil qaror qabul qila olmasligi, ukrainaliklardan qattiq qarshilik kutilmagani kabi omillar sabab juda katta yo‘qotishlarga uchradi.

Rossiya armiyasi logistika tizimi qanchalik yomon tashkil etilganini, bosqinning boshida Kiyev tomon yo‘lga chiqqan tanklar yonilg‘i va mahsulotlar yetishmasligi sabab tashlab ketilganidan ham bilish mumkin. Rossiya generallari logistika tizimini yo‘lga qo‘ymasdan urushga kirgandi. Bu ular uchun askarlar hayoti qanchalik qadrsizligini va natijaga nisbatan hech qanday mas’uliyatni his qilmaganini ko‘rsatadi.

Qolaversa, rossiyaliklar Ukrainaga olib kirgan ko‘pchilik tanklar eskirgan, ta’mirtalab edi. Dastlabki ilg‘or guruhlar yo‘q qilingach, keyingi bo‘linmalar eski tanklar bilan oldingi yurdi. Ularning ko‘pchiligi yo‘lda buzildi yoki yonilg‘isi tugadi. Rossiyalik askarlar texnikani qadrlamadi va ularni shunchaki tashlab ketdi.

Yillar davomida armiyaga sarflangan pullar aslida armiyaga sarflanmagani ma’lum bo‘ldi. Mudofaa vazirligi mas’ullari va generallarining chet davlatlardagi villa va mol-mulklari aynan shu mablag‘lar hisobiga olingan edi. Rossiya asosan zamonaviy qurollarni emas, SSSR davridan qolgan qurollarni ishlatdi. Chunki yangi qurollar deyarli yaratilmagandi. Ularni ishlab chiqish uchun ajratilgan pullar generallar boyishi uchun ishlatilgandi. Biroq urush paytida buni muhokama qilishning iloji yo‘q edi.

Rossiya kuzga kelib, o‘z uchuvchi moslamalariga emas, Eronning kamikadze dronlariga bog‘lanib qoldi.

Shunday qilib, Rossiya boshi berk ko‘chaga kirib qoldi, armiyadagi korrupsiya darajasi aniq bo‘ldi, ammo urush ketayotgan bir paytda armiyaga qarshi qandaydir tekshiruvlar boshlash yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi mumkin edi.

Shunday bo‘lsa-da, boshqa jangovar guruhlar rahbarlari RF mudofaa vazirligini tanqid qildi. Masalan, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov va «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi egasi Yevgeniy Prigojin. Ular shaxsan Sergey Shoyguni tanqid qilishga jur’at qilmagan bo‘lsa ham, Bosh shtab boshlig‘i Gerasimovga «tashlandi».

Hozirga kelib Rossiya jangovar guruhlari o‘rtasida kelishmovchiliklar yanada avj olgan.

Ukraina jasorati va G‘arb yordami

Rossiya armiyasi har qancha kamchiliklarga ega bo‘lmasin, ular texnika va son jihatdan ustun edi. Shuningdek, rus qo‘shinlari Gruziya, Suriya, «DXR», «LXR», Markaziy Afrika Pespublikasidagi janglar orqali ancha chiniqqan edi. Deyarli hech kim Rossiya g‘alabasiga shubha qilmasdi.

Ammo Rossiyaning rejalarini buzgan eng katta va birinchi harakat — bu ukrainaliklarning kutilmagan qattiq qarshiligi bo‘ldi. Ukraina harbiylarining katta qismi o‘z pozitsiyalarini tashlab qochmadi. Ular mardonavor jang qildi, ko‘plab rus tanklariga qarshi bitta tank bilan kurashdi. Yo‘llarni to‘sib qo‘yib, ko‘priklarni portlatdi. Ukrainalik uchuvchilar sovetlar davriga mansub MIG-29 samolyotlari bilan manyovrlar amalga oshirdi.

Ukraina xalqi ham o‘z armiyasini qo‘llab-quvvatladi. «Molotov kokteyllari» orqali o‘nlab rus tanklari zararsizlantirildi. Ukrainaliklar ruslari qo‘llarida gul bilan emas, granata bilan kutib oldi. Bosqinning dastlabki kunlarida chet elga ketgan ukrainaliklar kurashish uchun yana vataniga qaytib keldi.

Ukrainlar jasorati samarali bo‘lishini ta’minlagan omil — bu G‘arb yordami edi. G‘arb davlatlari yetkazib bergan Javelin va Nlaw rusumli tankka qarshi raketalari, armiyasi tanklari bilan mashhur bo‘lgan Rossiya qo‘shiniga jiddiy zarar yetkazdi. HIMARS tizimlari esa asosan artilleriya kuchlariga tayanayotgan Rossiya qo‘shinining o‘q-dori omborlarini yo‘q qildi va ularda o‘q-dori yetishmovchiligi yuzaga keltirdi.

Bu muammoni 23 fevralda «Vagner» rahbari Prigojinning o‘ziga tegishli kanallarda e’lon qilgan postidan ham bilish mumkin. Unda Prigojin mudofaa vazirligi o‘q-dorilar yetkazib bermayotgani uchun uning jangchilari Baxmut ostonasida halok bo‘layotgani yozilgan va «Vagner» jangchilari jasadlari aks etgan foto qo‘shib qo‘yilgan. Bundan oldin ham «Vagner» jangchilari Gerasimovni o‘q-dori yetkazib bermaslikda ayblagandi.

G‘arbning Ukrainaga o‘zini himoya qilishi uchun yetkazib bergan qurollari urushda burilish yasadi. Ukraina qarshi hujumga o‘tib, Xarkiv oblastining katta qismi va Xersonni qaytarib oldi.

2023 yil boshiga kelib G‘arb nihoyat Ukrainaga tanklar yetkazib berish borasida qaror qabul qildi. Endilikda Ukrainada yangi kuch bilan qarshi hujumga o‘tish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Rossiya armiyasida esa hali ham muammolar yetarlicha, masalan, safarbarlik o‘tkazilsa-da, frontdagi tirik kuchlar yetishmovchiligi bilan bog‘liq vaziyat hali ham yaxshi emas.

Muhammadqodir Sobirov

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top