10:10 / 03.03.2023
5800

Blinken: “Tolibon”ga ta’sir qilishda musulmon davlatlarining ovozi alohida o‘ringa ega”

AQSh afg‘on muammosini hal qilishda O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini qadrlaydi, dedi Entoni Blinken. U Kun.uz bilan suhbatda toliblarga ta’sir ko‘rsatishda O‘zbekiston va boshqa musulmon mamlakatlarning o‘rni muhimligini aytdi. “Chunki ularning ovozi “Tolibon” uchun bizning ovozimizdan ko‘ra ma’noliroq va salmoqliroq bo‘lishi mumkin”, dedi u.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Kun.uz'ga bergan intervyusida Amerika qo‘shinlari chiqib ketganidan keyin Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyati o‘rnatilgani haqidagi savolga javob berdi.

Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, Amerika Afg‘onistonda “Tolibon” tomonidan to‘ntarish qilinganidan beri ular bilan diplomatik kanallar orqali aloqada bo‘lib turibdi.

“O‘sha paytda “Tolibon” mamlakatni qanday boshqarishi va boshqa davlatlar bilan munosabatlarga kirishishi borasida muayyan va’dalarni bergandi.

Dunyo mamlakatlari “Tolibon”dan nima kutayotganini Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik kengashida aniq bildirgan: inson huquqlari, ayniqsa ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, faqat “Tolibon” emas, hammani o‘z ichiga olgan inklyuziv hukumat tuzish, insonlarning Afg‘onistonga erkin kelish va ketish huquqini ta’minlash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish shular jumlasidan. Lekin afsuski, biz o‘shandan beri “Tolibon” teskari yo‘nalishda harakatlanib, o‘z va’dalarining hech birini bajarmayotganini ko‘ryapmiz”, – dedi AQSh Davlat departamenti rahbari.

Entoni Blinken Afg‘onistonga eng ko‘p insonparvarlik yordami yuborgan davlat AQSh ekanini aytib, toliblarni bu yordamni yetkazishni qiyinlashtirayotganlikda aybladi.

“Biz oziq-ovqat, dori-darmon va asosiy vositalar afg‘onlarga yetib borishi uchun jiddiy choralar ko‘ryapmiz. “Tolibon” insonparvarlik yordamini yetkazishda ayollarning ishtirokini taqiqlab qo‘yib, ishimizni qiyinlashtirdi. Umuman, aytib o‘tilgan yo‘nalishlarning har birida vaziyat yaxshilanib emas, yomonlashib boryapti”, – dedi u.

Amerika diplomatiyasi yetakchisiga ko‘ra, “Tolibon”ga ta’sir ko‘rsatishda aholisining aksariyat qismini musulmon tashkil etuvchi mamlakatlar, xususan O‘zbekiston alohida o‘ringa ega.

“Agar “Tolibon” boshqa mamlakatlar, xususan AQSh bilan normal aloqalarni yo‘lga qo‘yishni istasa, nima qilishi kerakligini, dunyo ulardan nima kutayotganini biladi. O‘ylaymanki, O‘zbekiston va boshqa musulmon mamlakatlari bu masalada muhim o‘ringa ega, chunki ularning ovozi “Tolibon” uchun bizning yoki boshqa mamlakatlarning ovozimizdan ko‘ra ma’noliroq va salmoqliroq bo‘lishi mumkin.

Shunday ekan, biz O‘zbekiston kabi mamlakatlarning “Tolibon” bilan muloqotga kirishib, boshqa mamlakatlar bilan normal aloqa o‘rnatish uchun nima qilishlari kerakligini ularga tushuntirayotganini qadrlaymiz va olqishlaymiz”, – dedi Entoni Blinken.

Top