16:21 / 03.03.2023
28065

Chaqaloqlar nega sun’iy sut bilan oziqlanmoqda? - go‘daklarni ona sutidan mahrum qilayotgan sabablar

Bolalarni ona suti bilan katta qilish uning salomatligi uchun juda muhim ahamiyatga ega. Lekin shunday bo‘lsa-da, bugun dunyoga kelayotgan chaqaloqlarning faqatgina yarmidan kamrog‘i to‘liq ona suti bilan katta bo‘lyapti. Sun’iy sut bilan oziqlantirish esa muammoning yechimiday ommalashyapti.

Bolani ona suti bilan boqish beqiyos darajada foydali va uning ahamiyatini boshqa narsa bilan solishtirish qiyin. Ona suti bolaning to‘la potensialda rivojlanishini, immuniteti mustahkam bo‘lishi, kerakli vitaminlarni olishini ta’minlaydi. Uni keyinchalik turli infeksiyalarga chalinishdan, ortiqcha vazn va surunkali kasalliklarga duchor bo‘lishdan himoya qiladi.

Biroq, afsuski, bugun har ikki chaqaloqdan faqat biriga tug‘ilganining ilk soatida ko‘krak tutiladi, dunyo bo‘yicha chaqaloqlarning yarmidan kamrog‘igina to 6 oylikkacha to‘liq ona suti bilan oziqlanadi. Vaholanki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, bolani 6 oylikkacha faqat ona suti bilan oziqlantirish lozim.

JSST ona suti bilan oziqlantirish bo‘yicha Lancet jurnali tayyorlagan tadqiqotni e’lon qildi. Tadqiqotda aytilishicha, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimi onalarning chaqaloqlarni emizishini ko‘proq qo‘llab-quvvatlashi kerak. Buning uchun esa yetarli miqdorda haq to‘lanadigan onalik ta’tili kafolatlanishi kerak. Ayni paytda dunyo bo‘yicha 650 mln ayol onalik himoyasiga ega emas.

Bundan tashqari, sun’iy sut va bolalarni oziqlantirish mahsulotlari ishlab chiqarish sanoatining noto‘g‘ri marketing siyosati ota-onalarning chaqaloq katta qilishda tushunmovchilik va qiyinchiliklarga duch kelishiga sabab bo‘lmoqda. 

Ilmiy asoslanmagan da’volar

1970 yillarda Nestle kompaniyasining past va o‘rta daromadli davlatlardagi qo‘shimcha sut mahsuloti marketingini tadqiq qilish asosida tayyorlangan “Chaqaloq qotili” (“The Baby Killer”) hisoboti e’lon qilinadi. Va shu asosida Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi 1981 yildan boshlab ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni sotish bo‘yicha xalqaro kodeksni va keyinroq bir qancha rezolyutsiyalarni ishlab chiqdi. Lekin bu mahsulotlar marketingi to‘xtovsiz davom etmoqda. Shu marketing sabab ko‘krak suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlarning sotuvi yiliga 55 mlrd dollarni tashkil qiladi.

Lancet tadqiqoti qo‘shimcha sut ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bolaning normal xatti-harakati bilan bog‘liq holatlardan marketing yo‘lida ayyorona foydalanishayotganini qayd etadi. Masalan, sanoat suti boladagi bezovtalik va yig‘lashlarni kamaytirishini, koliklarda (chaqaloqning bezovtalanib kuchli yig‘lashi) yordam berishi, uzoq muddatli tungi uyquni ta’minlashini ta’kidlashadi. Lekin onalar to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlansa, emizish orqali bu muammolardan bolajonlarni xalos qilish mumkin.

Janubiy afrikalik olim Linda Rixterning qayd etishicha, qo‘shimcha sut ishlab chiqaruvchilar yetarlicha asoslanmagan ilmiy dalillar asosida o‘zlarining mahsulotlari bolalarning sog‘lig‘i va umumiy rivojlanishidagi muammolarga yechim bo‘la olishini da’vo qilishmoqda. Buni 1981 yilda qabul qilingan kodeks normalarini buzish deb qabul qilish mumkin. Kodeksga ko‘ra, ona sutini bosuvchi ozuqalarni ko‘proq sotish maqsadida ularni ideallashtirib ko‘rsatish man qilingan.

Tadqiqot, shuningdek, sun’iy sut ishlab chiqaruvchilar marketingida hukumatlar va jamiyatning ona suti bilan oziqlantirishni yetarlicha qo‘llab-quvvatlamayotganidan, gender siyosatidan ham unumli foydalanayotganini aniqladi. Masalan, reklamalarda qo‘shimcha sut bilan bolani oziqlantirish ishli onalar uchun qulay yechim sifatida ko‘rsatiladi. 

Onalik ta’tili puli to‘lanishi kerak

Lekin bolalarni emizishni rag‘batlantirish uchun faqatgina ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlar marketingini cheklashning o‘zi yetarli emas. Ishxonalar, tibbiyot tizimi, hukumat emizishni xohlovchi onalarni yetarlicha qo‘llab-quvvatlashi va bu jamoaviy-ijtimoiy mas’uliyatga aylanishi kerak.

Tadqiqotda qayd etilishicha, bolalar ona suti bilan katta bo‘lishi uchun ayollar qonun bilan belgilab qo‘yilgan onalik himoyasiga ega bo‘lishi kerak. Ularga haq to‘lanadigan onalik ta’tili berilishi kerak. Bu ta’tilning minimum muddati JSST tavsiya qilgan 6 oylik emizish davriga mos bo‘lishi lozim. Shuningdek, onalik himoyasi norasmiy sektorda faoliyat yuritadigan millionlab ayollarning manfaatlarini ham qamrab olishi kerak.

Chaqaloqlarni emizishning millat salomatligi uchun ham foydasi beqiyos ekanini hisobga olib, tibbiyot tizimida emizishni o‘rgatish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga e’tibor qaratish lozim. Toki tibbiyot xodimlari bolalar tug‘ilishidan oldin va keyin ota-onalarga emizish bo‘yicha kerakli malakali maslahatlarni bera olishsin. 

O‘zbekistonda vaziyat qanday?

2022 yil sentabrgacha faqat budjet tashkilotlarida ishlaydigan ayollarga “dekret” puli budjetdan to‘lanardi. Xususiy sektorda ishlovchi ayollarga esa homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lash ish beruvchi zimmasiga yuklangandi. Shu sabab xususiy sektordagi ayollar “dekret”ga chiqish vaqti ish o‘rnidan ham ajralishlari mumkin edi. O‘tgan yili sentabrdan boshlab, bu masala hal bo‘ldi: xususiy sektorda band ayollar uchun homiladorlik nafaqasining bir qismi (oyiga qariyb 2 mln so‘m) budjetdan to‘lanmoqda. Shunda ayol davlatdan 4 oylik nafaqa – 8 mln so‘m oladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda ham ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar reklamasi ham qonun bilan taqiqlangan.

2019 yilda qabul qilingan ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlashga oid qonunga ko‘ra, go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar uchun ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar to‘g‘risidagi har qanday axborot ona sutining, shuningdek go‘dakni olti oygacha oziqlantirishda boshqa taomdan yoki ichimlikdan, shu jumladan suvdan foydalanmasdan faqat ona suti bilan oziqlantirishning foydasi va afzalligi to‘g‘risidagi ko‘rsatmani o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.

Bola hayotining birinchi yili mobaynida uning ratsioniga kiritilgan qo‘shimcha ovqat mahsulotlari reklamasida bunday mahsulotlar qo‘llanishining yoshga doir cheklovlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda mutaxassislarning maslahati zarurligi haqidagi ogohlantirish bo‘lishi kerak. 

Emiziklilar uchun sharoit bo‘lishi lozim

Ayni shu qonunga ko‘ra, go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida davlat muassasalari hamda tashkilotlarida, shuningdek avtovokzallar, aeroportlar va temiryo‘l vokzallarida, madaniy-ko‘ngilochar muassasalarda maxsus ajratilgan joylar tashkil etilishi kerak.

Bunday maxsus joylar haligacha aksar binolarda yo‘q. Buning qiyinchiligini bolasini ona suti bilan oziqlantiradigan aksar onalar boshidan o‘tkazgan bo‘lsa kerak.  

Bundan tashqari, qonunda emizikli onalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar ko‘rish, shuningdek ular uchun qulay mehnat va o‘qish sharoitlarini yaratish lozimligi ham qayd etilgan ekan. Lekin real hayotda biror ishxonada yoki OTMda maxsus emizish xonalari borligi haqida bilasizmi?

Quyidagi suratlarda esa xorijdagi emizikli onalar uchun mo‘ljallangan maxsus xonalar

Chikago metrosidagi emizish xonasi.
Buyuk Britaniyada eng yaqin emizish xonalarini topa olish uchun maxsus xarita
Nyu-York aeroportidagi emizish xonasi.

Albatta, sharoit haminqadarligi va sun’iy sut ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning ayyorona marketinglari – o‘z yo‘liga. Bolaning sog‘ligi uchun, avvalo, ota-ona javobgar va mas’uliyatlidir. Shuning uchun bolaga eng yaxshisini ravo ko‘rishga harakat qilish lozim. Hukumat ham bolalari sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishi uchun mas’uliyatli ekanini unutmasligi kerak.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi

Top