23:03 / 03.03.2023
15881

Hindistonda Marion Biotech mansabdorlari hibsga olindi 

Ushbu kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan «Dok-1 MAKS» dorilari O‘zbekistonda o‘nlab bolalarning o‘limiga sabab bo‘lgan edi.

Foto: Anadolu Agency

Hindiston politsiyasi 3 mart kuni Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasining 3 nafar yuqori lavozimli xodimini hibsga oldi. Avvalroq, ushbu kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan yo‘talga qarshi sirop O‘zbekistonda kamida 20 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan edi. 

Hindiston davlat laboratoriyasi tomonidan Marion Biotech dori vositalarini tekshirish bo‘yicha o‘tkazilgan sinovlarda 22 ta namunaning tarkibi «buzilgani va qalbakilashtirilgani» aniqlangan. Shundan so‘ng, hibslar amalga oshirildi, deb yozdi Reuters. Mansabdorlarga qanday ayblov qo‘yilgani ma’lum emas. 

Politsiyaning yuqori lavozimli ofitseri Ram Badan Singx so‘zlariga ko‘ra, Marion Biotech kompaniyasining ishlab chiqarish direktori va 2 nafar kimyogari hibsga olingan. Yana 2 nafar direktor «mamlakat tashqarisida va Hindistonga qaytishi bilanoq hibsga olinadi». 

Reuters hibslar bo‘yicha izoh olish uchun Marion Biotech kompaniyasiga murojaat qilgan. Biroq, kompaniyada qo‘ng‘iroqlarga javob berishmagan. 

2022 yil dekabr oyida O‘zbekistonda Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Dok-1 MAKS» yo‘talga qarshi siropidan o‘nlab bolalar vafot etgan edi. Shundan so‘ng, Marion Biotech kompaniyasi zavodida ishlab chiqarish jarayoni to‘xtatildi. 

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, Marion Biotech kompaniyasi ishlab chiqargan «Dok-1 MAKS» va «Ambronol» dori vositalari tarkibida propilenglikol o‘rniga yoki u bilan birga etilenglikol (EG) va dietilenglikol (DEG) moddalari aniqlangan. Ushbu moddalar o‘ta zaharli bo‘lib, sanoatda suyultiruvchi vosita sifatida ishlatiladi. 

2023 yil yanvar oyida JSST Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Ambronol sirop» (Ambronol Cough Syrup) va «Dok-1 MAKS» (Dok-1 MAX Syrup) tarkibida DEG va EG zaxarli moddalari borligini tasdiqlab, dori ta’minoti zanjirida ishtirok etuvchi barcha manfaatdor tomonlarni zudlik bilan muvofiqlashtiruvchi choralar ko‘rishga chaqirgan edi. 

JSST ushbu moddalar oz miqdorda qabul qilinganda ham o‘limga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi va hech qachon dori vositalarida ishlatilmasligi lozimligini ta’kidladi. 

Top