19:01 / 03.03.2023
31921

Rossiyaning ichki hududlariga dronlar zarbasini kim uyushtirdi? Zarbalar Rossiya hududidan amalga oshirilgan bo‘lishi mumkinmi?

28 fevral kuni Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning ichki hududlaridagi nishonlariga yana zarbalar berdi. Bu ikkinchi shunday reyd - birinchisi dekabr oyi boshida kuzatilgandi. O‘shanda Ukrainaning uchuvchisiz qurilmalari Ryazan va Saratov oblastlarida joylashgan ikkita aerodromdagi Rossiya Aerokosmik kuchlarning strategik bombardimonchi samolyotlarini shikastlashga muvaffaq bo‘lgan edi.

Kursk aerodromidagi yong‘in, 2022 yil 6 dekabr. Foto: TASS

Bu safar, voqea joyidan olingan videolarga qaraganda, dronlar o‘z nishoniga yetib bora olmagan. 28 fevral kuni Krasnodar o‘lkasidagi neft ombori yaqinidan va Moskva oblastidagi daladan dron qoldiqlari topildi. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarga ko‘ra, 27 fevralda Minsk yaqinidagi aviabazaga uyushtirilgan dron hujumi ham Rossiyaning A-50 radiolokatsion razvedka samolyotiga zarar yetkaza olmagan.

3 martga o‘tar kechasi Moskva oblastidagi Kolomna shahrida portlash yuz berdi. Mahalliy nashrlar dron havoda portlaganini ma’lum qildi. Biroq hozircha dron qoldiqlari topilmagan. Rossiya energetika vazirligi portlash natijasida infratuzilmalarga hech qanday zarar yetmagani, obektlar doimiy rejimda ishlayotganini ma’lum qilgan.

Biroq, dron hujumlarining bunday natijasini Rossiya armiyasining muvaffaqiyati deb atash qiyin: aftidan, RF qurolli kuchlari uchuvchisiz qurilmalarni faqat nishonga yaqinlashgandagina urib tushira oladi. Demak, ular Ukraina chegarasidan ming kilometr uzoqlikkacha bo‘lgan masofadagi barcha muhim obektlarga himoya tizimlari o‘rnatishi kerak. Ukraina qurolli kuchlari, shubhasiz, bunday hujumlarni davom ettiradi va ehtimol, ularning ko‘pchiligi muvaffaqiyatli yakunlanadi. To‘g‘ri, Ukraina rasmiylarining o‘zlari ham zarbalarga aloqadorliklarini rad etmoqda.

Dronlar zarbasi Zelenskiy devoni aytayotgandek «ichki hujum» bo‘lishi mumkinmi?

Ehtimoli kam. Dronlar halokatga uchragan joylardan olingan foto va videodalarda sovetlar ittifoqi davrida ishlab chiqarilgan «Strij» (Ukraina qurolli kuchlari dekabr oyidagi zarbalarda ham shu drondan foydalangandi) va Ukrainada ishlab chiqarilgan zarbdor dronlar qoldiqlarini ko‘rish mumkin. Qolaversa, partizanlar bunday yirik qurilmalarni (masalan, «Strij»ning uzunligi 14 metrni tashkil qiladi va uni otish uchun maxsus g‘ildirakli ishga tushirgich kerak bo‘ladi) Rossiya hududidan ishga tushira olishiga ishonish qiyin.

Katta ehtimol bilan, dronlar Ukraina hududidan uchirilgan va ularni Rossiya havo mudofaasi mamlakat ichkarisidagi nishonlarga yetib borgandagina aniqlagan. Yoki, ehtimol, umuman aniqlay olmagan: dronlar havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilganmi, yoki o‘zidagi nosozlik sabab qulaganmi yoxud radioelektron kurash tizimlari ularni ishdan chiqarganmi — bu hozirgacha noma’lum.

Qanday dronlardan foydalanilgan?

Kamida bitta holatda (Adigeydagi noma’lum nishonga zarba berishda) Ukrainada modernizatsiya qilingan TU-141 «Strij» droni ishlatilgan. Ukraina qurolli kuchlari dekabr oyida xuddi dronlar bilan Rossiyadagi nishonlarga zarba bergandi.

Dushmanning front chizig‘i orqasini tezkor razvedka qilish uchun mo‘ljallangan ushbu dron 1970-yillar oxirida ishlab chiqilgan. U kompyuter xotirasiga avvalroq kiritilgan yo‘nalish bo‘ylab tovush tezligiga yaqin tezlikda ming kilometr masofani uchib o‘ta oladi. Mashina zamonaviy standartlarga ko‘ra juda katta edi: uning uzunligi deyarli 15 metr, og‘irligi esa besh tonnadan ortiq bo‘lgan.

1990-yillarga kelib, «Strij» ancha eskirgan edi: dron ikki kilometrdan ortiq balandlikdan standart otish rejimida havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun nisbatan oson nishonga aylanardi. O‘sha paytdan beri bu dron Rossiya Federatsiyasi va Ukraina qurolli kuchlarida zenit-raketa tizimlarining hisob-kitoblarini o‘rganish uchun nishon sifatida ishlatilgan. Boshqa narsalar qatorida, dronning sensorlari ham eskirgan (asosiy versiyada kinokameralar ishlatilgan). Biroq, 2014 yildan keyin Ukraina qurolli kuchlari «Strij»larni razvedka yumushlari uchun yana harbiy xizmatga qaytardi va Donbassda ulardan foydalandi.

2022 yil oktyabr oyida Ukraina ming kilometr masofaga ucha oladigan va 75 kilogramm og‘irlikdagi jangovar kallakka ega bo‘lgan o‘zining og‘ir xudkush dronini ishlab chiqqani va endilikda sanoat darajasida ishlab chiqarishga tayyorlanayotganini e’lon qildi. Va 4 dekabr kuni, Rossiyadagi aerodromlarga dronlar zarbasi berilishi arafasida yangi dronlar «so‘nggi sinovlar»dan o‘tayotgani ma’lum qilindi. Ehtimol, bu Tu-141’ning chuqur modernizatsiya qilinganini anglatardi. Buning uchun Ukrainada ishlab chiqarish va muhandislik bazasi mavjud: SSSRning «Strij» dronlari Xarkivdagi aviatsiya zavodida ishlab chiqarilgan.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, «Strij» o‘z marshrutining bir qismini 50 metr balandlikda uchib o‘ta oladi. Bu havo hujumidan mudofaa tizimlari vazifasini juda murakkablashtiradi. Chunki balandlik qanchalik past bo‘lsa, havo hujumidan mudofaa tizimining uchuvchi qurilmani aniqlash va o‘qqa tutish masofasi shunchalik qisqa bo‘ladi. Va qurilmani urib tushirish imkoniyati ham kamayadi.

Asosiy versiyadagi «Strij» droni zarba berish qobiliyatiga ega emas. Biroq, ukrainaliklar dronga bu xususiyatni qo‘shishga harakat qilgan. Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi keng ko‘lamli urushning boshida Vinnitsa oblastidan havoga ko‘tarilgan Ukraina qurolli kuchlarining Tu-141 droni Xorvatiya poytaxti Zagrebga qulab tushdi (katta ehtimol bilan, boshqaruvni yo‘qotgan). Xorvatiyalik tergovchilar ushbu drondan 120 kilogrammlik portlovchi moddani topdi.

1970-yillardagi «Strij» dronlari inersial tizim yordamida razvedka qilishga mo‘ljallangan va shu sabab ular ixcham nishonlarga zarba berish uchun yetarli aniqlikka ega bo‘lishi shart bo‘lmagan. Biroq, 2020-yillarga kelib bu muammoni keng tarqalgan fuqarolik texnologiyalari — sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimidan signal qabul qiluvchilar va kontrollerlar yordamida hal qilish mumkin. Aynan ushbu to‘plam Rossiya armiyasida («Geran-2») ishlatilayotgan Eronning Shahed-136 xudkush dronlarida qo‘llaniladi.

Nazariy jihatdan, bunday reaktiv xudkush dronlar (jangovar kallak bilan jihozlangan «Strij») qanotli raketalarning analogidir. Biroq, «Strij» aynan qanday modernizatsiyadan o‘tgani noma’lum. Agar asos sifatida haqiqatan ham Tu-141 ishlatilgan bo‘lsa, shuni esda tutish kerakki, 1980-yillarda Xarkiv aviatsiya zavodi atigi 150 ga yaqin dron ishlab chiqargan. Demak, Ukrainada (ayniqsa, urush sharoitida) bu dronlarni ishlab chiqarishni kengaytirish bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, bunday dronlar bilan hujum qilishning eng samarali usuli o‘nlab shunday uchuvchisiz qurilmalar bilan bir vaqtda zarba berishdir. Bu faqatgina bir necha nishonlarni o‘qqa tuta oladigan havo hujumidan mudofaa tizimlarini chalg‘itadi. Rossiya qurolli kuchlari Ukrainadagi nishonlarga ommaviy zarbalar berganda aynan shu usuldan foydalanadi.

Qolaversa, «Strij»ning barcha ehtiyot qismlari Ukrainada ishlab chiqarilmagan. Biroq, eng muhim qismlar (masalan, Zaporijjyadagi «Motor Sich» konserni tomonidan ishlab chiqarilgan dvigatel) mamlakatda mavjud. Qolgan barcha qismlarni sotib olish mumkin. Ukraina, Rossiyadan farqli o‘laroq, mudofaa sektoriga qarshi qaratilgan sanksiyalarga duchor bo‘lmagan.

Ukraina qurolli kuchlari endilikda Rossiyaning ichki hududlaridagi nishonlarni muntazam ravishda bombardimon qila oladimi?

Birinchi zarbalar tajribasi bir qancha savollarni ochiq qoldirdi. Jangovar kallagining nisbatan kichik massasini hisobga olgan holda, Ukraina dronlarining aniqligi yetarlimi yoki yo‘qligi, hozircha noma’lum. 5 dekabr kuni amal oshirilgan birinchi hujumlar seriyasida dronlar birorta ham bombardimonchi samolyotni to‘liq yo‘q qila olmadi va hatto bu bombardimonchilarning Ukrainadagi nishonlarga hujumini ham to‘xtata olmadi. Fevraldagi zarbalar nishonlarga umuman yetib bora olmadi. Rossiya mudofaa vazirligi dekabrda ham, fevralda ham dronlar havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgani haqida xabar berdi. Ammo buni tasdiqlovchi hech qanday dalil yo‘q.

Har qanday holatda ham bunday dronlar Ukraina HIMARS yoppasiga o‘qotar tizimi uchun G‘arbdan so‘rayotgan uzoq masofaga (500 kilometrgacha) uchuvchi ATACMS ballistik raketalari o‘rnini bosa olmaydi. Bu raketalar Ukrainaga yetkazib berilmadi, chunki AQSh rasmiylari Rossiya Federatsiyasining ichki hududlaridagi nishonlarga zarba berish mojaroning nazoratsiz kuchayishiga olib kelishidan xavfsiradi.

ATACMS juda yuqori aniqlik va 560 kilogramm og‘irlikdagi jangovar kallakka ega. Yanvar oyida AQSh Ukrainaga HIMARS uchun 150 kilometr masofadagi nishonlarga zarba bera oladigan raketalarni va’da qildi.

Shunday bo‘lsa-da, Ukraina Rossiyaning orqa chiziqdagi nishonlariga zarba beruvchi qurollarga ega bo‘lish uchun barcha imkoniyatini ishga solishiga shubha yo‘q. 28 fevraldagi zarbalar nafaqat «Stirj»lar tomonidan, balki Ukrainada ishlab chiqarilgan sekin uchuvchi, kichikroq dronlar bilan ham amalga oshirildi (Rossiya armiyasi ishlatuvchi Eronning Shahed-136 dronini eslatadi). Bunday dronlar og‘ir reaktiv dronlarga qaraganda ancha arzon va keng ko‘lamli zarbalar paytida ularni yaxshi to‘ldiradi. Rossiya qurolli kuchlari ham aynan shu taktikadan foydalanadi. Ular qanotli raketalar va Shahed-136 dronlarini bilan birgalikda hujumga tashlaydi.

Ammo Ukraina dronlari hujumi Rossiyaga jiddiy harbiy zarar yetkazmagan taqdirda ham, rossiyaliklarni dronlarning yangi hujumlarini to‘xtatish uchun qo‘shimcha mablag‘ sarflashga majbur qiladi. Rossiya armiyasi endilikda havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan nafaqat front chizig‘i va Ukraina bilan chegarani, balki mamlakat ichki hududlarni ham ta’minlashga majbur bo‘ladi.

Rossiya harbiy qo‘mondonligi ham Ukrainadagi strategik bombardimonlari orqali xuddi shunday maqsadga erishishni ko‘zlagan. Endilikda Ukraina qurolli kuchlari bunga simmetrik tarzda javob bera olishini ko‘rsatdi (kichikroq ko‘lamda bo‘lsa ham).

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top