11:16 / 25.03.2023
6739

Joylarda ko‘karmaydigan ko‘chatlar ham ekilayotgani tanqid qilindi

Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligiga ko‘ra, “Yashil makon” loyihasi doirasida ayrim hududlarda ko‘chat ekish ishlari soha olimlarining tavsiyalari asosida olib borilmayapti.

Jumladan, ko‘chat sifatiga, kovlab olishga, chuqur qazishga va boshqa ishlarga yetarli e’tibor qaratilmagan. Bu haqda agentlik saytidagi “Ko‘chat ekish xayrli ish, biroq...” sarlavhali tavsiyaviy munosabatda so‘z boradi.

“Ayrim joylarda ko‘chat ekish ishlari soha olimlarining tavsiyalari asosida olib borilmayapti. Ya’ni ko‘chatning sifatiga, kovlab olishga, chuqur qazishga va hokazo e’tibor berilmayapti.

Misol uchun, quyidagi rasmlarda (faqat bitta surat ilova qilingan - tahr.) shunday holatlar mavjud, ko‘chatning ildizi kesib tashlangan (o‘qildiz deyarli yo‘q), ekish oldi himoya qilinmagan, ignabarglilarning ildizi to‘liq ochiq holatda, chuqurlar maromida (ko‘chat ildizining yoki tuproq zaminining hajmiga bog‘liq holda) qazilmagan.

Foto: O‘rmon xo‘jaligi agentligi

Ertaga ko‘karmaydigan ko‘chatlarni ekishning nima keragi bor? Nimaga va biz kim uchun ekyapmiz ko‘chatlarni?” – deyiladi munosabatda.

Agentlik shu kabi holatlardan kelib chiqib, olimlarning tavsiyalarini yana bir bor eslatib o‘tgan:

  • daraxt ekish uchun maqbul joyni tanlash, yerni tayyorlash ishlarini amalga oshirish;
  • bunda joyning relefi, tabiiy-iqlim va tuproq sharoitini birinchi navbatda inobatga olish;
  • urni tekislash, yumshatish va ekishga tayyorlash:
  • ko‘chat ekish uchun diametri ko‘chatning komi yoki ildiz hajmiga bog‘liq holda (1,0 m chuqurligi 0,7 m yoki 0,8x0,5 m) bo‘lgan chuqurlar (xandaq) qazish;
  • har bir qazilgan chuqur (xandaq)larga mahalliy o‘g‘it va unumdor tuproq aralashmasini tayyorlab qo‘yish;
  • daraxtlar ko‘chatlarini ekish sxemasini belgilash;
  • daraxt ko‘chatlarini hududlarning tuproq va tabiiy iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda tanlash;
  • ekiladigan ko‘chatlarni, ayniqsa ignabarglilarni tuproq zamini (kom) bilan kovlash, o‘q ildizlari shikastlanmasligini ta’minlash.
  • daraxt ko‘chatlarini turiga bog‘liq holda joylashtirish;
  • tayyorlangan chuqur (xandaq)larga tanlangan ko‘chatlarni agrotexnik qoidalar asosida (biogomus, mahalliy o‘g‘it, suv) ekish;
  • tanlangan joyning tabiiy-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda sug‘orish tizimini (tomchilatib, yomg‘irlatib, ariqdan sug‘orish) yaratish;
  • ekilgan ko‘chatlarni “Yashil makon” elektron platformasiga joylashtirish (geolokatsiya va rasmlari bilan);
  • ekilgan ko‘chatlarni dalolatnoma asosida parvarishlash uchun mas’ullarga biriktirish.
Top