13:49 / 31.03.2023
8264

“Ortga qaytayotgandekmiz” – o‘zbek tili muammolari o‘z holiga tashlab qo‘yilayotgani tanqid qilindi

“Tilimizning ahvoli yana o‘z holiga tashlab qo‘yilganday tasavvur paydo bo‘lyapti. Kuzatishlarim shunday o‘ylashga majbur qilyapti”, deya Facebook'dagi sahifasida bu boradagi muammolarni sanadi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov. Quyida uning maqolasi to‘liqligicha taqdim etiladi

Foto: KUN.UZ

Til – millat g‘ururi, til bor ekan, millat yashaydi. O‘zidan kuchli, hukmron tillar ta’sirida tanazzulga uchragan tillar, millatlarga tarix guvoh. Shuning uchun ham har qanday mustaqil davlat o‘z tilini har tomonlama rivojlantirishga, ilm-fan, davlat tili sifatida keng va faol qo‘llanishiga shart-sharoit yaratadi, o‘zga tillar ta’siriga tushib qolishidan himoya qiladi.

1989 yilda davlat tili maqomiga ega bo‘lgan ona tilimizga yuqorida aytilganday e’tibor bo‘lmagani sabab hukmron til (rus tili) soyasida rasmiy til maqomini yo‘qotib, oddiy so‘zlashuv tili darajasiga tushib qolgani mutaxassislar tomonidan ko‘p va xo‘p aytildi, bunga ortiqcha to‘xtalib o‘tirmaymiz.

 2019 yildan so‘nib borayotgan umidlar yana alanga oldi. Tilimizning hozirgi ahvoli, yig‘ilib qolgan muammolar yurtboshimiz tomonidan aytilganiga, shu yilning 21 oktyabr kuni “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tarixiy farmon imzolanganiga, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida davlat tili muammolari bilan shug‘ullanuvchi alohida departament tashkil qilinganiga barchamiz guvohmiz.

Uch yildan ortiq davr mobaynida departament faoliyati, davlat tili bo‘yicha qabul qilingan qonun, farmon va qarorlar, ularning tilimiz rivojidagi ahamiyati xususida ijtimoiy tarmoqlarda aytib o‘tganmiz. Ammo hozirgi aytadigan gapimiz Vazirlar Mahkamasi tuzilmasidagi o‘zgarishlar natijasida departamentlar tugatilishi, shuning natijasida til siyosati bo‘yicha yig‘ilib qolgan savollar, mavhumliklar haqida.

Gap shundaki, davlat tili bo‘yicha maslahatchilar, mutaxassislar tomonidan “Shuncha topshiriqlar ijrosi, nazorati nima bo‘ladi?” “Nahotki, davlat tili uchun mas’ul organ yo‘q bo‘lib ketadi?” “Maslahatchilar faoliyati nima bo‘ladi?” kabi savollar tinimsiz yangramoqda. Ikkinchidan, bunday savollarga tayinli javob yo‘qligi qandaydir mavhumlikni paydo qilganday. Go‘yoki bir sehrgar kelib bizning ong-u shuurimizdan tilimiz bo‘yicha fikrlarni o‘chirib tashlaganday. Tilimizning ahvoli yana o‘z holiga tashlab qo‘yilganday tasavvur paydo bo‘lyapti. Kuzatishlarim shunday o‘ylashga majbur qilyapti. Quyidagi faktlarga e’tiboringizni qaratmoqchiman:

Birinchidan, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 fevraldagi 61-sonli qarori bilan 2023 yil 1 yanvardan “Tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, barcha tashkilotlarda ish yuritish hujjatlari va boshqa hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va e’lon qilish amaliyotini to‘liq joriy qilish” belgilab qo‘yilgan. Hukumatning mazkur qarori ijrosi qay ahvolda? To‘g‘ri, o‘z lavozim vazifasiga mas’uliyat bilan yondashadigan vazirlik, idoralarda ish yuritish lotin yozuviga o‘tilgan, lekin hammasida emas-da! “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining to‘liq matnining kirill yozuvida e’lon qilinishi hozirgi ahvolimizni ko‘rsatib turibdi. Hatto men bilgan ba’zi tilshunoslar ham qayta kirill yozuviga o‘tib ketdi.

Qardosh Ozarboyjonda ham mustaqillikdan so‘ng to 2001 yilgacha ikki yozuvlik – lotin-kirill amaliyoti hukm surgan ekan. Xuddi hozirgi bizning holatimiz: kim xohlasa kirillda, xohlagan lotinda yozgan. Kirilldan voz kechish qiyin kechgan. 2001 yil 18 iyun kuni prezident Haydar Aliyevning “Davlat tilini tatbiq etishni takomillashtirish haqida”gi farmoni bilan 1 avgustdan mamlakat bo‘ylab lotin alifbosini joriy etish belgilab qo‘yilgan. 9 avgustdagi farmoni bilan “1 avgust – Ozarboyjon tili va alifbosi kuni” deb e’lon qilingan. 2001 yil 1-avguctdan Ozarboyjon hech qanday ikkilanishlarsiz to‘liq lotin yozuviga o‘tgan ekan. Vazirlar Mahkamasi qarorining ijrosini ta’minlash nahotki shunchalik qiyin bo‘lsa, yoki nazorat organlari talab qilgandan so‘ng ijro qilinishi kerakmi?!

Yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun 2022 yil sentabrdan kuchga kirgan bo‘lib, uning 6-moddasida O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatilishi, tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining qirq foizidan oshmasligi, reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o‘lchami O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi belgilab qo‘yilgan. Qonun ijrosi nazorati esa O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga yuklatilgan. O‘tgan yetti oy davomida qanday o‘zgarish bo‘lganini shahrimiz ko‘chalarini aylanib ko‘rishingiz mumkin. Nafaqat Toshkent shahri, balki viloyatlar ham ajnabiy yozuvlar, xorijiy tildagi reklamalarga to‘lib bormoqda. Binolar peshtoqi rus, ingliz, fransuz, nemis va hokazo tildagi yozuvlarga to‘lib ketdi. Agar bu holatning oldi olinmasa, yillar o‘tib tilimiz jadid bobomiz Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytganda “moshkichiri”, aralash-quralash bir tilga aylanadi.

Rossiyada ham aynan shunday ahvol bo‘lgani uchun uning oldini olish choralarini ko‘rishdi. Joriy yil 16 fevral kuni Rossiya Davlat dumasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Unda rus tilini qo‘llashni tartibga solishning me’yoriy mexanizmlari va uni hech qanday qoidalarsiz o‘zlashayotgan xorijiy so‘zlardan himoya qilinishi aks etgan. Dumaning madaniyat bo‘yicha qo‘mitasi raisi  Yelena Yampolskayaning ta’kidlashicha, hech kim chet tillarini taqiqlashni yoki Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi bilan himoyalangan va ro‘yxatga olingan tovar belgilarini bir kechada o‘zgartirishni talab qilmaydi. Biz faqat Rossiyada yashayotganligimizni aytyapmiz. Bizning davlat tilimiz bor, u rus tilidir. Shu xolos. Va har qanday sababga ko‘ra har qanday kreativlik yoki har qanday fantaziya uchun yoki bo‘lmasa mamlakat hududida qandaydir savdo-sotiqni amalga oshirish uchun rus tili manfaatlarining buzilishini qabul qilish mumkin emas.

Avvalroq Y.Yampolskaya uy-joy sohasida xorijiy nomlarni taqiqlashni taklif qilgan edi. “Mamlakatimizda turar joy majmualari va kottejlar qanday nomlanishiga e’tibor berganmisiz? Bu cheksiz “klablar”, “haus”, “fild”, “hill”, “forest”, “villaj”, “steytlar”, — deydi u. Xulosa o‘zingizdan.

Hukumatning 2021 yil 28 oktyabrdagi 662-sonli qarori bilan 2023 yil 1 yanvardan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan o‘tkazish belgilab qo‘yilgan. Qaror asosida lingvistik ekspertiza jarayoniga bir qator tashkilotlar ekspertlari bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi va uning hududiy bo‘linmalari jalb qilinishi belgilangan. Qaror ijrosi bo‘yicha lingvistik ekspertiza o‘tkazish komissiyasi tashkil qilindi, uslubiy qo‘llanma yaratilib, vazirlik, idoralari va tashkilotlarga tarqatildi. Lekin joriy yilning birinchi choragi yakunlanib borayotganiga qaramay, bu masala bo‘yicha birorta murojaat tushgani yo‘q. Ehtimol, lingvistik ekspertiza o‘tkazilayotgandir, bizning xabarimiz yo‘qdir, yoki umuman o‘tkazilmayapti, degan xulosa kelib chiqadi. Rossiya Federatsiyasining davlat tili to‘g‘risida yangi tahrirdagi qonunida lingvistik ekspertizaning majburiyligi belgilab qo‘yilgan!

Eng quvonarlisi, davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tuman (shahar) hokimlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimining tashkil etilishi respublika miqyosida til siyosatini amalga oshirishda muhim qadam bo‘ldi.

O‘tgan davr mobaynida maslahatchilar tomonidan o‘zbek tilining rasmiy til sifatida faol qo‘llanishi, uning targ‘iboti, tashqi yozuvlar, peshlavhalarning davlat tili me’yorlari talablari asosida tartibga keltirilishida juda katta ishlar amalga oshirildi. Lekin 2023 yildan ular faoliyatida ham mavhumliklar yuzaga keldi. Ko‘p maslahatchilar shtat qisqarishi munosabati bilan bo‘shatildik deyishdi. Tabiiy savol tug‘iladi: hukumatning maslahatchilar faoliyati bo‘yicha tegishli qarori bekor qilindimi? Bizningcha, bekor bo‘lgani yo‘q. Shuning uchun hurmatli tashkilot rahbarlari Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori ijrosiga alohida e’tibor qaratishsa, ona tilimiz rivoji uchun muhim hissa qo‘shgan bo‘lar edi.

Bundan tashqari, radio, televideniye va ommaviy axborot vositalarida ham til masalasiga e’tibor susaygandek, faqat “Ma’rifat” gazetasi bundan mustasno. Mazkur gazetaning har sonida ona tilimiz muammolariga bag‘ishlangan dolzarb maqolalar berib borilmoqda.

O‘tgan uch yil mobaynida davlat tili bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirib turadigan, maslahatchilar faoliyatini nazorat qilib boradigan tuzilma nechog‘li zarur ekanligini anglab yetdik. Shuning uchun davlat tili bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar nazoratsiz qolib ketmasligi, nufuzi va mavqeyini tiklab borayotgan ona tilimiz yana eski holiga tushib qolmasligi uchun Vazirlar Mahkamasining yangi tuzilmasida davlat tili uchun mas’ul bo‘lgan ijrochi organ bo‘lishini maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

So‘zimning oxirida jonkuyar olim Zuhriddin Isomiddinovning quyidagi fikrlarini keltirishni lozim topdim: “Ayrimlar til bayrami arafasida jo‘shib-jo‘shib, “O‘zbek tili – bizning eng katta boyligimiz”, “Ona tilimiz – faxr-u g‘ururimiz”, “O‘zbek tili – madaniyatimiz ko‘zgusi” deya “aforizmlar” ijod qila boshlashadi. Nevlay. Mening uchun ona tilim – boylik emas. Negaki, kishi boyligidan ajrasa, qayg‘uradi, ammo boshi omon bo‘lsa, yana topadi. Til boy beriladigan bo‘lsa-chi? Abadulabad alvido aytiladi. Shuning uchun hamona tilimiz bizning boyligimiz emas – borligimiz, bor-u yo‘g‘imiz. Va u faxr-g‘urur obekti ham emas”.

Siz nima deysiz, aziz vatandoshim?!

Inomjon Azimov,
Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori

Top