19:16 / 04.04.2023
33162

“Mehribonlik uyidagi muhit bo‘yicha oldinroq tegishli organlarga ma’lumot berganmiz” – Milliy gvardiya mas’uli

Xorazm voqeasi – mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bo‘lgan yosh qizlar bilan jinsiy aloqa qilib kelgan ikki davlat amaldoriga sud yengil jazo tayinlagani keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kun.uz muxbiri Xorazm viloyatida bo‘lib, voqea tafsilotlarini batafsilroq o‘rganmoqda. Dastlab holatga Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmasi izoh berdi.

Xorazmda oilaviy mehribonlik uyi rahbari o‘z vasiyligidagi 3 nafar voyaga yetmagan qizni 2021 yil may oyidan 2022 yil fevralgacha, ya’ni 10 oy davomida turli erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlab kelgan. Mijozlar viloyat adliya boshqarmasining boshlig‘i hamda tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i ekanligi aniqlandi

Bu voqealar sodir bo‘la boshlagan 2021 yilning may oyida oilaviy mehribonlik uyi Xalq ta’limi vazirligi qaramog‘ida bo‘lgan. Keyinchalik, 2021 yilning avgust oyidan prezidentning tegishli qarori bilan Milliy gvardiya qaramog‘iga o‘tkazilgan.

Milliy gvardiya Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘ining ma’lum qilishicha, mazkur oilaviy mehribonlik uyidagi nosog‘lom muhit yuzasidan tegishli organlarga oldinroq yozma ma’lumot berilgan.

Urganch shahridagi mazkur oilaviy mehribonlik uyi 2021 yil fevral oyida tashkil etilgan hamda Xiva shahridagi bolalar shaharchasidan 9 nafar bola tarbiyaga olingan. U paytda oilaviy bolalar uylari Xalq ta’limi vazirligi qaramog‘ida edi. Prezidentning 2021 yil 9 avgustdagi tegishli qarori bilan respublikadagi barcha mehribonlik uylariga, bolalar shaharchalariga Milliy gvardiya mas’ul etib belgilandi.

Mazkur qarordan so‘ng biz oilaviy mehribonlik uylari bilan ishlashni boshladik hamda ularga bir nafardan mutaxassisligi asosan psixolog bo‘lgan xodim biriktirdik.  

Mana shu oilaviy mehribonlik uyi bilan ishlash jarayonida biriktirilgan xodim ham tashrifi davomida u yerdagi muhit unchalik yaxshi emasligini aniqlagan. Biz bu yuzasidan 2021 yilning avgust-sentabr oylarida belgilangan tartibda tegishli organlarga mazkur oilaviy mehribonlik uyini nazoratga olish yoki kelgusi faoliyatini ko‘rib chiqish kerakligi haqida yozma ma’lumotlar berganmiz.  

O‘rganish ishlari davomida faqat 3 nafar tarbiyalanuvchiga nisbatan mana shunaqa salbiy holatlar aniqlangan. Boshqa tarbiyalanuvchilarga nisbatan bunaqa xatti-harakatlar sodir etilganligi aniqlanmagan. Mazkur holatdan so‘ng barcha tarbiyalanuvchilar ularning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha boshqa oilaviy bolalar uylariga ko‘chirilgan yoki o‘zining yaqinlariga qaytarilgan.

Bugungi kunda 3 nafar qizning xavfsizligi  ta’minlangan, to‘liq o‘zimizning himoyamizga olganmiz. Ulardan biri qo‘shimcha kvota asosida oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lgan. Qolgan 2 nafari o‘z yaqinlariga vasiylikka berilgan”, — deydi Milliy gvardiya Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Xolmurod Qurbonov. 

Milliy gvardiya mas’uliga ko‘ra, holat sodir etilgan oilaviy mehribonlik uyi 2022 yil 13 may kuni Urganch shahar hokimining qaroriga asosan o‘z faoliyatini yakunlagan. U yerda tarbiyalangan bolalarning ayrimlari o‘z yaqinlariga berilgan, ayrimlari esa boshqa oilaviy bolalar uylariga o‘tkazilgan.

Hozirda viloyatda 11 ta oilaviy mehribonlik uyi faoliyat olib bormoqda. Sodir etilgan holatdan so‘ng viloyat hokimligi xodimlari va boshqa mas’ullar tomonidan komissiya tuzilib, barcha oilaviy mehribonlik uylarida o‘rganish ishlari amalga oshirilayotgani aytildi.  

Kun.uz mazkur ish doirasida o‘rganishni davom ettirmoqda. Holatning keyingi tafsilotlari haqida navbatdagi materialda batafsil ma’lumot beriladi.

Jamshid Niyozov,

Kun.uz

Top