21:42 / 04.04.2023
22633

Oziq-ovqat mahsulotlari narxi bir yilda qanchaga oshdi?

Rasmiy statistika asosidagi Kun.uz hisob-kitoblariga ko‘ra, oxirgi 1 yilda O‘zbekistonda guruch narxi 35,7 foizga, bug‘doy uni 35,1 foizga, tuxum 32,5 foizga, shakar 31,1 foizga, suyakli mol go‘shti 11 foizga, kungaboqar yog‘i 2,7 foizga qimmatlashgan.

Foto: Kun.uz

2023 yilning mart oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar o‘rtacha 1 foizga qimmatlashib, yillik inflatsiya darajasi 11,7 foizga yetdi. Oziq-ovqat mahsulotlari sektoridagi inflatsiya esa 14,6 foizni tashkil qilmoqda.

O‘tgan oyda narxlar va tariflar o‘sishida yetakchi o‘rinlarni oziq-ovqat mahsulotlari egallab, oy davomida ularning narxlari o‘rtacha 1,6 foizga (taqqoslash uchun fevral oyida oziq-ovqat inflatsiyasi 0,7 bo‘lgan) oshgan. Kun.uz Statistika agentligi ma’lumotlari asosida narxlar o‘zgarishini tahlil qilib chiqdi.

Alohida turdagi oziq-ovqat mahsulotlari

O‘tgan 12 oy davomida kungaboqar yog‘i 2,7 foizga qimmatlashgan. Shunday bo‘lsa-da, mart oyida kungaboqar yog‘i 1,2 foizga, yil boshidan buyon esa 3,1 foizga arzonlagan.

Shakar narxi esa yillik nisbatda olinganda 31,1 foizga, 2022 yilning dekabr oyiga nisbatan 4,4 foizga, joriy yilning mart oyida esa 4,7 foizga qimmatlashgan.

Yana bir asosiy iste’mol tovarlari hisoblangan suyakli mol go‘shti yillik nisbatda 11 foizga, qo‘y go‘shti 10,4 foizga qimmatlashgan.

O‘tgan yilning mart oyidan beri tuxum 32,5 foizga, sut narxi esa 18,3 foizga ko‘tarilgan. Bu ko‘rsatkichni 2022 yilning dekabr oyi bilan solishtirsak, tuxum narxi 0,5 foizga arzonlashgan. Sut narxi 4,9 foizga qimmatlashgan.

Yillik nisbatda guruch narxi 35,7 foizga, bug‘doy uni esa 35,1 foizga oshgan. Mart oyining o‘zida guruch 2 foizga qimmatlashgan.

Alohida turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan: shakar, tuxum, sut, guruch va bug‘doy uni narxlarining oshishi yillik inflatsiya darajasi – 11,7 foizdan baland shakllangan.

Sabzavot va mevalar

Alohida turdagi meva-sabzavot mahsulotlari narxlarining o‘zgarish dinamikasiga qaraydigan bo‘lsak, 2022 yilning mart oyiga nisbatan piyoz – 135,5 foizga, banan – 15,6 foizga, sabzi – 11,8 foizga, pomidor – 11,4 foizga, ko‘katlar – 10,9 foizga, qovoq – 10,8 foizga, bodring – 10,2 foizga, lavlagi – 5,4 foizga qimmatlashgan. Shu bilan bir qatorda, kartoshka – 6,2 foizga, limon – 16,5 foizga, karam – 24,1 foizga va sarimsoq – 27,1 foizga arzonlashgan.

Yoqilg‘i mahsulotlari

Yillik nisbatda yo‘lovchi tashish transporti xizmatlari – 16,2 foizga, tovarlarni tashish bo‘yicha xizmatlar – 17,3 foizga qimmatlashgan.

Mart oyida benzin narxi o‘rtacha 1,5 foizga, propan 0,5 foizga tushgan. O‘zbekistonning beshta viloyatida o‘tgan oyda qish mavsumida narxlar oshganidan so‘ng taksi narxining pasayishi (3,6−25 foiz oralig‘ida) qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, yoqilg‘i mahsulotlarining narxi iqtisodiyot uchun juda ham muhim ahamiyatga ega. Xususan, benzin narxi oshishi proporsional tarzda iste’molni kamaytirmaydi va barcha tovar va xizmatlar bahosiga bosim o‘tkazadi.

Avvalroq, Ai-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun aksiz solig‘ini “nol” stavkada qo‘llash muddati 2023 yil 31 dekabrga qadar uzaytirilgani xabar qilingandi.

Shuningdek, o‘tgan yilning martiga nisbatan uy-ro‘zg‘or buyumlari – 9,5 foizga, kiyim va poyabzal narxlari – 8,5 foizga, mebel va moliyaviy xizmatlar – 7,7 foizga oshgan.

Top