07:51 / 13.04.2023
5610

Bloomberg: Putin Gershkovichning hibsga olinishini shaxsan ma’qullagan

The Wall Street Journal muxbiri Evan Gershkovichning hibsga olinishini Vladimir Putin shaxsan ma’qullagan, deb xabar bermoqda Bloomberg manbalarga tayanib. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya maxsus xizmatlari rahbariyatidagi «lochinlar» tashabbus bilan chiqqan.

Foto: TASS

The Wall Street Journal Amerika nashri muxbiri Evan Gershkovichning hibsga olinishini Vladimir Putin shaxsan ma’qullagan, deb yozadi Bloomberg 12 aprel, chorshanba kuni «vaziyatdan xabardor odamlar»ga tayanib. Ularga ko‘ra, Gershkovichni hibsga olish tashabbusi Rossiya maxsus xizmatlari yuqori rahbariyatidagi «lochinlar» tomonidan chiqqan.

Agentlik manbalari fikricha, Rossiya prezidentining bu harakatni ma’qullashi «Kremldagi qattiq siyosat tarafdorlarining Putinga Vashington bilan qarama-qarshilikni chuqurlashtirishga qaratilgan ta’siri kuchayib borayotganini» aks ettiradi.

Vashingtondagi Yevropa siyosatini tahlil qilish markazi prezidenti Alina Polyakova fikricha, Gershkovichning hibsga olinishi «nafaqat AQSh, balki butun G‘arb uchun haqiqiy ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lishi kerak». «Bu Putinning fikricha, barqaror va ishonchli munosabatlarga qaytish yo‘qligini ko‘rsatadi», — deya uning so‘zlarini keltiradi Bloomberg.

AQSh Davlat departamenti The Wall Street Journal (WSJ) muxbiri Evan Gershkovichga «Rossiyada noqonuniy ushlab turilgan» maqomini berdi. Bu haqda AQSh TIV vakili Vedanta Patelning 10 aprel kuni Davlat departamenti saytida chop etilgan bayonotida aytiladi.

«Jurnalistika jinoyat emas. Biz Kremlning Rossiyada mustaqil ovozlarni bostirishda davom etayotganini va haqiqatga qarshi olib borayotgan urushini qoralaymiz», - deyiladi bayonotda. Bundan tashqari, Davlat departamenti Moskvani yana bir bor Rossiya sudi tomonidan 2020 yil iyun oyida josuslik uchun qattiq tartibli koloniyaga 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Pol Uilanni ozod qilishga chaqirdi.

«Noqonuniy ushlab turilgan» maqomi Vashington uni ozod qilish uchun qo‘shimcha mexanizmlardan foydalanish imkonini beradi. Xususan, u olinganidan so‘ng, Amerika fuqarosini almashish bo‘yicha muzokaralar olib borish mumkin.

Avvalroq Rossiya mustaqil OAV jurnalistlari va jamoat arboblari Gershkovichni ozod qilishga chaqirgan ochiq xat e’lon qilgan edi. Xatni imzolaganlar orasida Sergey Parxomenko, Aleksandr Plyushchev, Janna Nemsova, Mixail Zigar, Galina Timchenko, Tixon Dzyadko, Sergey Smirnov, Tatyana Felgengauer va boshqa mustaqil ommaviy axborot vositalari rahbarlari va jurnalistlari, shuningdek, jamoat arboblari bor.

Top