18:05 / 05.05.2023
25717

«Demografik falokat»ga ro‘para bo‘lgan Rossiya: vaziyat chindan ham og‘irmi?

Rossiyada rostdan ham demografik inqiroz ro‘y beryaptimi yoki «Qirilib borayotgan Rossiya» iborasi shunchaki muvaffaqiyatsiz publitsistik muhrga aylanganmi? Dunyo mamlakatlarida bu borada ahvol qanday? Quyida shular haqida.

Foto: Kun.uz

Joriy yil martida The Economist jurnali Ukrainaga keng miqyosda bostirib kirish Rossiyadagi shundoq ham bo‘y ko‘rsatib kelayotgan «demografik fojia»ni yanada chuqurlashtirganini yozib chiqdi.

«Rossiya qirilib bormoqda» degan ishonch turli yillarda muxolifatchilarni, urushning qat’iy tarafdorlari, xalqaro tahlil markazlari ekspertlarini birlashtirgan kam sonli nuqtalardan biri.

Umuman olganda, Rossiyadagi demografik vaziyat Putinning barcha prezidentlik yillarida qizil chiziqdan pastda bo‘lgan.

«Agar hozirgi vaziyat saqlanib qolsa, millatning yashovchanligi xavf ostida qoladi. Biz, Rossiya fuqarolari yildan yilga kamayib boramiz», — degan edi Putin 2000 yilda.

Oradan yigirma yil o‘tgach, u har yili hukumatdan demografik o‘sishni talab qilib kelmoqda.

Nega ayrim mamlakatlar «qirilmoqda» deyiladi o‘zi?

Bu turli demografik jarayonlarni tasvirlash uchun emotsional publitsistik ibora. Bunga nafaqat Rossiyada, butun dunyoda ko‘proq siyosatchilar, ekspertlar, olimlar va jurnalistlar murojaat qilib turishadi.

Qoida tariqasida, «qirilish» deganda depopulyatsiya jarayoni, ya’ni allaqaysi bir hududda yashovchi aholi soni kamayishi tushuniladi. Depopulyatsiyaga xususan demografik shoklar ham sabab bo‘ladi— Rossiyada uni «demografik chuqurlar» deb ham atashadi. Ular turli sabablarga — kasallik, ocharchilik, urush, ommaviy emigratsiya va hokazolarga bog‘liq bo‘ladi.

Keling, misollarga murojaat qilaylik. «Qora o‘lim» — XIV asrda ro‘y bergan o‘lat pandemiyasi Yevropaning teng yarim aholisini qirib yuborgan, deb hisoblanadi. XX asr boshlarida ispanka (gripp)dan 100 million odam halok bo‘lgan, yaqinda ro‘y bergan kovid pandemiyasida o‘n besh million odam halok bo‘ldi (o‘limlarning millionga yaqini Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi). XIX asr o‘rtalaridagi kartoshka ocharchiligi va ommaviy emigratsiya tufayli Irlandiya aholisi chorak qismiga qisqargan. Xitoyning «Katta sakrash» siyosati va u keltirgan ocharchilik 16 dan 45 milliongacha odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan. Tadqiqotchilar fikricha, Vengriyaga mo‘g‘ullar bosqini mahalliy aholining ikki barobarga kamayishiga olib kelgan. Bularning bari — demografik shoklar. 

Shunday hollar ham bo‘ladiki, ayrim avlodlar bir necha demografik shokka ro‘baru keladi. XX asr mobaynida Rossiya imperiyasi, keyinchalik SSSR ikkita jahon urushi, fuqarolar urushi, uchta emigratsiya to‘lqini, 20-yillar ocharchiligi, 30-yillar ocharchiligi (Ukrainadagi golodomor va Qozog‘istondagi ocharchilik ), 40-yillar ocharchiligini boshdan o‘tkazgan. Demograflarga ko‘ra, bunday inqirozlarni boshdan o‘tkazgan kam sonli avlodlar tinch yillarda ko‘p farzand ko‘ra olishmaydi. Ushbu shoklar tomonidan chaqirilgan tug‘ilish tebranishlari uzoq yillar davomida jamiyat tuzilmasiga o‘z ta’sirini o‘tkazib keladi.

Boshqa tomondan, ko‘p asrlik demografik tendensiyalar ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Bir yarim asr muqaddam AQShning o‘rtacha statistik ayoli umri davomida 6 nafar farzand tarbiyalagan (Gretsiya, Polsha, Xitoy va Filippinda ham o‘rtacha farzandlar soni shuncha bo‘lgan), Rossiya imperiyasida bu ko‘rsatkich yetti nafar farzand bo‘lgan. O‘sha paytlar bolalar o‘limi darajasi nihoyatda yuqori bo‘lgan: tug‘ilgan bolalarning teng yarmi 15 yoshga yetmay o‘lib ketavergan.

Lekin so‘nggi bir yarim asr mobaynida tibbiyot taraqqiy topishi orqali bolalar va onalar o‘limi keskin kamayishiga erishildi, kontratsepsiyaning ishonchli vositalari chiqib ketdi, turmush tarzi butkul o‘zgardi, o‘zini namoyon qilish va gender tenglik g‘oyalari keng tarqala boshladi. Bularning barchasi birgalikda jahondagi ayollar kamroq tug‘a boshlashiga olib keldi. Tadqiqotchilar jamiyatning bu tarzda qayta qurilishini demografik o‘tish deb atashadi.

Nolinchi yillar o‘rtalarida Vladimir Putin shunday deb ta’kidlagandi:

«Biz qanchalik boy-badavlat, farovon va to‘q bo‘la boshlaganimiz sari demografiya bilan bog‘liq muammolar ko‘paymoqda».

U haq edi: ko‘p hollarda mamlakat qanchalik farovon bo‘lsa, unda tug‘ilish ko‘rsatkichlari shunchalik past bo‘ladi. Lekin Putin bunda muammo va hattoki tahdid ko‘ra boshlagani boshqa gap.

Zamonaviy davlatlar modeli dunyoning pronatalistik manzarasiga asoslanadi: unga ko‘ra, fuqarolarning katta qismi albatta farzand ko‘radi, bolalari ulg‘ayadi, ishlay va soliq to‘lay boshlashadi, mamlakat hayotida ishtirok etadi va albatta ular ham oila qurib, farzand ko‘rishadi va bu hol cheksiz davom etaveradi. 

Sodda qilib aytganda, davlatlar aholi soni o‘sishini ta’minlash, eng kamida qisqarishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘zlarini mas’ul, deb hisoblashadi. Buning uchun ularga har bir oilada kamida ikki nafar farzand dunyoga kelishi kerak.

Nolinchi yillar boshlarida Janubiy Koreyada ko‘plab oilalar yagona farzand ko‘ra boshlashdi — shu sababli publitsistikada bu mamlakatni ham «qirilib borayotgan» deb atashadi. Demograflar fikricha, agar Janubiy Koreya davlat oila siyosatini o‘zgartirmasa, bir asr ichida mamlakat aholisi ikki barobarga qisqarib ketishi mumkin. 

Tug‘ilish kamayishi yomon holatmi?

Bu bahsli masala. 

Tadqiqotchilarning bir qismi tug‘ilish kamayishidan davlat yutishi ham mumkinligini komil ishonch bilan ta’kidlaydi. Masalan, Yaponiyada yuqori iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari aholi soni qisqarishi yillarida kuzatilgan. Davlatlarning pronatalistik siyosati qattiq tanqid ostiga ham olinadi: demograflarning bir qismi tengsizlik, eng avvalo gender tengsizlik o‘sishiga olib keladi, deb hisoblaydi.

Tug‘ilish kamayishi aslo yomon emasligini qo‘llovchi yana bir (bahsli) dalil — iqlim bilan bog‘liq holat. Nazarda tutilishicha, sayyora aholisining o‘sishi iqlim inqirozini tezlashtiruvchi omillarni kuchaytiradi va cheklangan tabiiy resurslar bitib tugashiga sabab bo‘ladi.

Bugungi kunda jahon eng kamida 55 davlati faol pronatalistik siyosat olib bormoqda. Tug‘ilish kamayishidan eng avvalo Yevropa va Shimoliy Amerika davlatlari tashvishga tushishgan. Ehtimolli salbiy oqibatlari ro‘yxati ular uchun aniq: yosh va mehnatga qobiliyatli aholi soni kamayishi retsessiyamudofaa qudrati pasayishi, ilmiy innovatsiyalar sohasida ortda qolish istiqboli tahdid soladi. 

Bundan tashqari, zamonaviy dunyoda umr davomiyligi uzaymoqda, demak, parvarish va ijtimoiy qo‘llov zarur bo‘lgan pensionerlarning ham ulushi ortib bormoqda. 2018 yilda butun dunyoda 65 yosh va undan yuqori bo‘lgan insonlar soni 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar sonidan ortib ketdi. Sodda qilib aytganda, jamiyat to‘liq yoki qisman boqishi kerak bo‘lgan insonlar soni ortmoqda, ularni boqish uchun ishlashi lozim bo‘lganlar soni esa tobora kamaymoqda. Bu «aholining qarishi» deyiladi.

Demograf Dmitriy Zakotyanskiyga ko‘ra, tez orada bu demografik muammoni hal qila olmaydigan davlatlar past ko‘rsatkichli tug‘ilish qopqoniga tushib qolishi mumkin: ularda tug‘ilishni rag‘batlantirish uchun erkin resurslar qolmaydi.

«Qirilish» bilan kurashayotgan G‘arb davlatlari uchun fuqarolar soni ko‘p holatda jahondagi status va ta’sir kuchi kafolati hamdir. Aholi qariy boshlasa investitsiyalar va biznes boshqa, yoshroq davlatlarga ko‘chib o‘ta boshlaydi. Chunki qarib boshlagan davlatlarda mehnat qiymati hamda soliqlar pensiya tizimining o‘sib borayotgan ehtiyoji tufayli yuqori bo‘ladi», — deydi Zakotyanskiy. 

Butun dunyodagi demograflar XXI asrning ikkinchi yarmida Yer aholisi soni 10 milliard kishiga yetishini kutmoqda, shundan so‘ng pasayish kuzatila boshlaydi. Bu dunyoda ish kuchi uchun raqobat kuchayishini anglatadi. Siyosatchilar o‘z mamlakatini yashash va oila qurish uchun jozibador qilish yo‘llarini qidira boshlashadi. Bugun Fransiya va Shvetsiyaning bu boradagi sa’y-harakatlari muvaffaqiyatli ko‘rinmoqda — demograflarga ko‘ra, bu ikki davlat asr oxiriga borib o‘z aholisini ikki barobarga ko‘paytirib oladi.

Boshqa muvaffaqiyatli strategiya — iqtisodiyot va migratsion siyosatni xorijiy davlatlardan keluvchi malakali mutaxassislarga moslab ko‘rish. Bu yo‘l bilan ayni kunlarda Kanada shug‘ullanmoqda, AQShda esa bu haqda XX asrdayoq o‘ylab qo‘yishgan — ularning demografik istiqbollari yaqin kelajak uchun yomon ko‘rinishga ega emas.

«Qirilayotgan davlatlar» uchun yaxshi xabarlar ham bor: agar biotexnologiyadagi yutuqlar ayollarning farzand ko‘rish yoshini yana o‘n yilga cho‘zib bera olsa, bu tug‘ilish darajasini sezilarli oshiradi, deydi Dmitriy Zakotyanskiy. Unga ko‘ra, bunday maqsadga allaqachon yetish mumkin.

Rossiyada ahvol qanaqa?

Qandaydir ma’noda Rossiya aholisi chindanam qirilib bormoqda.

SSSR parchalanishi arafasida davlat xotirjam edi: 1980-yillar o‘rtalarida mamlakatdagi oilalar o‘rtacha ikki nafardan ko‘proq farzand ko‘rishardi. Biroq, oradan 10 yil o‘tgach chuqur iqtisodiy tanazzul, birinchi chechen urushi va moddiy tengsizlik darajasi keskin ortishi tug‘ilishni ikki barobarga qisqartirdi, o‘lim darajasi esa, ayniqsa, erkaklar orasida keskin orta boshladi.

Vladimir Putin o‘zining ilk prezidentlik muddati avvalida «mamlakat qartayayotgani» va «millatni asrab qolish» haqida qayg‘ura boshladi. Birinchidan, Kremlda «vatandoshlar»ni qaytarish dasturi ishga tushirildi — u mamlakat aholisini million kishiga ko‘paytirib, aholining tabiiy kamayishini kompensatsiya qildi, deb hisoblanadi. Ikkinchidan, Rossiya butun possovet davlatlardan mehnat migrantlarini jalb eta boshladi: 2005 yildan buyon migratsion o‘sish yiliga 100 ming kishidan pastga tushmagan.

O‘shanda siyosatda «pronalistik o‘zgarish» ishga tushgan. Hukumat har qanday yo‘l bilan rossiyaliklarda oila qurishga rag‘bat uyg‘ota boshladi. Albatta, e’lon qilingan yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash choralari ramziy ma’noga ega bo‘ldi, faqat 2007 yili Putin tomonidan joriy etilgan, ikkinchi va qolgan farzandlar uchun to‘lab beriladigan onalik kapitali hisobga olinmasa. Demograf Aleksey Rakshaning fikricha, aynan mana shu to‘lovlar sharofati bilan Rossiyada 2–2,5 million bola tug‘ilgan.

2009 yildan boshlab o‘n yilcha «qirilish» to‘xtab qoldi va barqaror aholi o‘sishiga erishildi. 2015 yilda Rossiyadagi tug‘ilish koeffitsiyenti (1,8) Belarus, Armaniston, Xitoy, Gretsiya yoki Ispaniyadagidan yuqoriroq edi. Lekin muvaffaqiyatni mustahkamlashning iloji bo‘lmadi: agressiv tashqi siyosat Kreml uchun demografik vaziyatdan muhimroq bo‘lib chiqdi.

Demograf Dmitriy Zakotyanskiyning aytishicha, Qrim anneksiyasi va Donbassdagi urush uchun joriy etilgan sanksiyalar rossiyaliklarning farovon turmush darajasini, demakki, farzand ko‘rish istagini ham pasaytirgan. 2018 yilga kelib aholi kamayishini kompensatsiya qilish uchun migratsiya yetarli bo‘lmay qoldi. Formal jihatdan, 2018 yildan boshlab Rossiya yana «qirila» boshladi.

2020-yillar boshida Rossiya klassik demografik bo‘hronga duchor bo‘ldi: pasayib borayotgan tug‘ilishga pandemiyaning ortiqcha o‘limlari jo‘r bo‘ldi. Bu vaqtga kelib 1990-2000-yillarda tug‘ilgan yoshlar farzand ko‘rish yoshiga yetib keldi. Ukrainaga urush ochilishidan avval, 2021 yil oxirida hukumat 4 yil ichida aholi ikki millionga qisqarishini prognoz qila boshladi. Zakotyanskiyning so‘zlariga ko‘ra, demograflar ham aholini hisobga olish sifatsiz amalga oshirilgani uchun ishonarli ma’lumotlarni hisob-kitob qilishda qiynala boshlashgan. 

Urushdan tashqari demografiya uchun yana bir salbiy omil bor — qatag‘onlar va ichki siyosatda avtoritarlikka yuz burish.

«So‘nggi yillarda yosh avlodda erkinlik qadriyatlariga talab osha boshladi, davlat esa bunga qarshi edi. 2021 yilda kechiktirilgan va pandemiya davri tug‘ilishlari oshishini kutish mumkin edi, biroq inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat quyuqlasha boshladi va yoshlar o‘rtasida farzand ko‘rishga ham ta’sir o‘tkazdi. Odamlar yana farzand ko‘rishni kechiktira boshlashdi. Binobarin, 2022 yil fevralidan so‘ng bunday rossiyaliklar soni yanada ortdi. Bu demografik falokatdan biz yaqin orada qutula olmaymiz», — deydi Zakotyanskiy.

2022 yil yakunlariga ko‘ra, Rossiyada tug‘ilish koeffitsiyenti  6 foizga kamaygan — ayrim oylarda Ikkinchi jahon urushi davri natijalarigacha tushilgan. BMTning yaqindagi prognoziga ko‘ra, 2100 yilga borib Rossiyada 144 million o‘rniga 112 million odam yashaydi. Zakotyanskiy bu o‘ta optimistik baholash ekanini qayd etadi. Hisob-kitobda murakkabroq omillarni (masalan, ayollarning ta’lim darajasi va kontratsepsiya vositalaridan foydalanishi) oluvchi ayrim tadqiqotchilar 2017 yil ma’lumotlariga asoslanib, XXI asr oxirida Rossiyada 90 million odam qolishi borasida xulosa berishmoqda. Zakotyanskiyning qayd etishicha, bunday hisob-kitoblar haqiqatdagidan ko‘ra yuqoriroq tug‘ilish darajasiga asoslanadi.

Lekin «Rossiyaning qirilishi» tushunchasini demograf haddan tashqari emotsional deb baholaydi.

«Bu, albatta, muammoga e’tiborni jalb qiladi, lekin shuni unutmaslik kerakki, bu holda asosiy jihat aholi soni qisqarishi emas, uning qarishi. Aynan u bir necha yil keyin muammolar to‘pini yaratadi. Demografik tahdidlardan odamlarni qo‘rqitish va ularning huquqlarini cheklash uchun bahona sifatida foydalanish ham mumkin (bu kerak emas), lekin undan gender tenglik, insonlarning oila va kasbiy rivojlanishni teng olib borish, ota-ona farzand tarbiyasi bilan toliqmasdan shug‘ullanishi uchun rag‘bat uyg‘otishda foydalansa bo‘ladi (va bu kerak)», — deydi Zakotyanskiy.

Rossiya rejimiga tug‘ilishning o‘sishi unchalik kerak ham bo‘lmasligi mumkin: sotsiologlar ma’lumotlariga ko‘ra, Putin rejimini aynan qariyalar yoppa qo‘llaydi, yoshlarda esa hokimiyatdan norozilik kayfiyati kuchli. Lekin yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlar avtokratiyalarning mustahkam bo‘lishi uchun tug‘ilish darajasi oz bo‘lsa-da yuqoriroq bo‘lgani chindan ham foydali ekanini ko‘rsatgan. Demograflar farzand ko‘rish yoshidagi bola tarbiyasi va parvarishidan ozod ayollardagi bo‘sh vaqt va avtoritar davlatlar jamiyatlarida demokratik talablarni ilgari surish ta’siri sekin-asta o‘sib borishi o‘rtasida bog‘liqlik borligini topishga muvaffaq bo‘lishgan.

«Rossiya hokimiyatining demografiya muammolariga reaksiya bildirmayotgani bu ayyorona reja emas, shunchaki hokimiyat hozir bor diqqat-eʼtiborini boshqa narsalarga qaratgan», — deydi Zakotyanskiy.

* * *

Darvoqe, 2010-yillar boshida Janubiy Koreya hukumati mamlakatdagi demografik inqiroz sabablaridan biri – mamlakatdagi mehnat madaniyati ekaniga e’tibor qaratgan. U odamlarning ortiqcha ishlashiga sharoit yaratib, ishchilarga o‘z oilalari bilan ko‘proq bo‘lishga imkon qoldirmagan. Statistikaga ko‘ra, janubiy koreyalik amaldorlar Sharqiy Osiyodagi hamkasblariga nisbatan yiliga 1000 soat ortiqroq ishlashar ekan. 

Buning oldini olish uchun Seulda har oyning uchinchi chorshanbasida hukumat binolarida elektr soat 19:00 dan keyin o‘chirila boshlangan. Dasturning dastlabki muvaffaqiyatlaridan so‘ng (uni dekret ta’tillari soni bilan o‘lchashgan) har chorshanba «oila kuni» deb e’lon qilingan. 2018 yildan beri mamlakat poytaxtida davlat xizmatchilarining kompyuterlari soat 20:00 dan keyin ishlamaydigan qilingan.

Top