17:49 / 05.05.2023
16748

G‘ofur Rahimovning turmush o‘rtog‘ini chuv tushirganlikda ayblanayotgan aka-uka uzoq muddatga qamaldi

O‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirganlikda ayblanayotgan sudlanuvchilar sud hukmidan norozi. Ish apellyatsiya instansiyasida ko‘rilmoqda.

Foto: KUN.UZ

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida G‘ofur Rahimovning turmush o‘rtog‘i Lola Rahimova bilan bog‘liq ish ko‘rib chiqildi: Toshkent shahrida yashovchi 43 yoshli Sardor Miraliyev akasi Oybek Miraliyev va boshqalar bilan jinoiy til biriktirib, o‘zganing ko‘p miqdordagi mol-mulkini qo‘lga kiritish, hujjatlarni qalbakilashtirish kabi jinoyatlarni sodir qilganlikda ayblangan.

Sud hukmida ko‘rinishicha, Sardor Miraliyev akasi va boshqalar bilan bir guruh bo‘lib, Lola Rahimovani uning ta’sischiligidagi “Sanoatqurilishindustriya” MChJga qarashli, Yakkasaroy tumanida joylashgan bino-inshootlarni tanishlari orqali 2,5 mln AQSh dollariga sotib berishga ishontirgan. Shu tariqa u akasi Oybek Miraliyevning yordami bilan Lola Rahimovaning O‘zbekistondagi mol-mulklarini boshqarish va tasarruf qilish huquqini beruvchi ishonchnomani qo‘lga kiritgan.

Shundan so‘ng aka-uka 2018 yilning aprel oyida yuqoridagi mol-mulklarni 2018 yil oxirigacha to‘lab berish sharti bilan 2,8 mln AQSh dollariga fuqaro R.Gafarovga sotib, oldindan 200 ming dollar olishgan. Ammo Oybek va Sardor Miraliyevlar 2018 yil oktabr oyiga kelib, R.Gafarov kelishilgan pulni o‘z vaqtida to‘lab bermaganligi vaji bilan bino va inshootlarni A.Xodjayevga 2,8 mln dollarga sotib yuboradi. Birinchi xaridordan olingan 200 ming dollar esa egasiga qaytarilmagan.

2,8 mln dollar pul aka-uka tomonidan A.Xodjayevdan 2019 yil sentabr oyigacha kredit mablag‘lari, naqd pul va ko‘chmas mulk kabi ko‘rinishlarda qabul qilib olingan. Biroq ushbu mablag‘ ham haqiqiy egasi bo‘lgan Lola Rahimovaga berilmasdan, shaxsiy ehtiyojlarga sarflab yuborilgan.

Bundan tashqari, Sardor Miraliyev akasi boshchiligida Shveytsariya davlatida ro‘yxatdan o‘tgan “Frewar Investmens LTD” kompaniyasining yagona ta’sischisi K.G‘ulomovning uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotganligidan foydalanib, unga tegishli mol-mulklarni ham qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. Xususan, Miraliyevlar tomonidan hujjatlarni soxtalashtirish hisobiga K.G‘ulomovga tegishli 5 qavatli ko‘chmas mulk o‘zlashtiriladi hamda 2,7 mln AQSh dollariga sotib yuboriladi. Ammo bu pullar K.G‘ulomovga berilmasdan, shaxsiy ehtiyojlar uchun ishlatilib yuborilgan.

Sud hukmi bilan Sardor Miraliyevga 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Oybek Miraliyev esa jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudining 2020 yil 9 iyuldagi hukmiga ko‘ra Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topilib, unga 11 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya sudlov hay’atining 2021 yil 27 dekabrdagi ajrimiga ko‘ra, sud hukmi o‘zgartirilib, jazo muddati 11 yil etib belgilangan.

Hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng aka-uka Miraliyevlardan solidar tartibda jabrlanuvchi Lola Rahimova foydasiga 2,8 mln AQSh dollari hisobidan 31 mlrd 836 mln so‘m, jabrlanuvchilar K.G‘ulomov va K.Mirxo‘jayev foydasiga 2.7 mln AQSh dollari hisobidan 30 mlrd 699 mln so‘m, jabrlanuvchi R.Gafarov foydasiga 200 ming AQSh dollari hisobidan 2 mlrd 274 mln so‘m miqdordagi moddiy zarar undirilishi belgilangan.

Kun.uz bilan bog‘langan mahkumlarning yaqinlari sud hukmi bilan qo‘llanilgan jazoni adolatsiz, deya hisoblamoqda. Hozirda ish yuzasidan apellyatsiya shikoyati kiritilgan.    

Ma’lumot o‘rnida, Lola Rahimova tadbirkor G‘ofur Rahimovning turmush o‘rtog‘i hisoblanadi. G‘ofur Rahimov 1993 yildan Osiyo va Yevropada ko‘chmas mulk, telekommunikatsiyalar, neft va tabiiy gaz qazib olish va qayta ishlash, konchilik va xomashyo savdosi bilan shug‘ullanuvchi qator xususiy kompaniyalarga asos solgan, hozirda ularning aksioneri hisoblanadi. U 2018 yil noyabrda AIBA rahbari etib saylangandi. 2019 yilning martida Rahimov AIBA rahbarligidan ketgan. 2022 yilning aprel oyida esa u O‘zbekiston Boks federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti etib saylangan.

Mavzuga oid
Top